Qirgʻiziston bilan savdo hajmi 2 mlrd dollarga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirgʻizistonga davlat tashrifi boʻyicha OAV vakillari bilan uchrashuvda muhim fikrlarni bildirdi.

Qirgʻiziston bilan savdo hajmi 2 mlrd dollarga yetkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga davlat tashrifi boʻyicha OAV vakillari bilan uchrashuvidagi eng muhim fikrlarida maʼlum qilindi. Shuningdek:
- Oʻzbekiston Qirgʻizistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini bundan buyon ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor;
- Qirgʻiziston — Oʻzbekistonning eng yaqin qoʻshnisi va vaqt sinovidan oʻtgan ishonchli hamkoridir. Mamlakatlarimizni chuqur tarixiy ildizlar, koʻp asrlik doʻstlik va umumiy qadriyatlar bogʻlab turadi;
- Bizning yagona ezgu maqsadimiz — qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishdir;
- Tashrifning eng muhim natijasi Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi boʻldi. Bu Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi sheriklik munosabatlari davlatlararo hamkorlikning eng yuqori bosqichiga koʻtarilganini anglatadi;
- Endigi asosiy vazifa — hamkorligimizni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligiga xizmat qiladigan yangi mazmun, aniq loyihalar va tashabbuslar bilan boyitishdir;
- Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari rahbarligida Davlatlararo kengash tashkil etiladi. Ushbu tuzilma doirasida mintaqaviy va xalqaro maydonlarda muloqot hamda hamkorlik yanada mustahkamlanadi;
- Tomonlar Oʻzbekiston–Qirgʻiziston hamkorligining yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligini alohida taʼkidladilar;
- Oʻzaro savdo hajmi soʻnggi yillarda qariyb 10 barobar oshib, ilk bor 1,2 milliard dollardan oshdi. Kelgusi yilda uni 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilandi;
- Iqtisodiyotlarimiz bir-birini toʻldirib turadigan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining yangi oʻsish nuqtalari belgilandi;
- Energetika, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik sohalarida yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi;
- Xomashyo resurslarini birgalikda qazib olish va Qoʻshma taraqqiyot jamgʻarmasi salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha aniq rejalar belgilab olindi;
- Transport va tranzit sohasidagi hamkorlik kengaytiriladi. Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasi izchil ilgarilamoqda. Magistral boʻylab savdo-logistika infratuzilmasi rivojlantirilib, savdo va transport jarayonlariga raqamli yechimlar joriy etiladi, avtotashuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi;
- Transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha konstruktiv hamkorlik davom ettiriladi. Qambarota GESi loyihasi boʻyicha bitimni imzolash jarayoni jadallashtiriladi;
- Hududlar salohiyatidan yanada samarali foydalanish maqsadida yil yakuniga qadar Oʻzbekistonda yangi formatdagi birinchi Hududlar forumi oʻtkaziladi;
- Madaniyat, yoshlar siyosati, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlar izchil davom ettiriladi. 2028 yilda Chingiz Aytmatov tavalludining 100 yilligi keng nishonlanadi;
- Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi masalalari boʻyicha yaqin hamkorlik davom ettiriladi. Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi mintaqaning umumiy manfaatlarini yanada ilgari surishga xizmat qiladi;
- Bugun erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
