Toshkentda mavsumiy gul va buta koʻchatlari uchun 15 mlrd soʻm ajratiladi
Ushbu mablagʻlar mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Toshkent shahri mahalliy byudjetining 2026 yildagi qoʻshimcha manbalari hisobidan 21 milliard 482 million 531 ming soʻm mablagʻ turli yoʻnalishlarga yoʻnaltiriladi. Bu boʻyicha Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori qabul qilindi. Qaror 2026 yil 29 iyul kuni eʼlon qilindi.
Qarorga muvofiq, ajratilayotgan mablagʻlarning asosiy qismi poytaxtni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga yoʻnaltiriladi.
Jumladan, alohida ahamiyatga ega koʻchalarda mavsumiy gul va buta koʻchatlarini xarid qilish uchun 11 milliard 950 million soʻm, markaziy maydonlarni koʻkalamzorlashtirish boshqarmasi uchun 2 milliard 150 million soʻm hamda hukumat obʼektlari hududlarini obodonlashtirish boshqarmasi uchun 900 million soʻm ajratiladi.
Ushbu mablagʻlar mahalliy byudjetning erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, alohida ahamiyatga ega koʻchalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boshqarmasining 2026 yildagi faoliyatini taʼminlash uchun qoʻshimcha 3 milliard 800 million soʻm ajratilishi belgilandi. Mazkur mablagʻ II chorak yakunlariga koʻra daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtiriladi.
Qaror bilan taʼlim va ijtimoiy soha obʼektlarini rivojlantirishga ham mablagʻ yoʻnaltiriladi. Xususan, Toshkent turizm va mehmonxona menejmenti texnikumining ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun zarur jihozlarni xarid qilishga 248 million soʻm, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining Toshkent shahar boʻlinmasi moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 40 million 400 ming soʻm ajratiladi.
Bundan tashqari, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazining tashqi koʻrinishi va ichki xonalarini zamonaviy talablar asosida kapital taʼmirlash uchun 2 milliard 394 million 131 ming soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Qarorda ajratilgan mablagʻlarning belgilangan tartibda moliyalashtirilishi, ulardan maqsadli va samarali foydalanilishi hamda bu jarayon ustidan davlat moliyaviy nazorati oʻrnatilishi belgilangan.
Mablagʻ oluvchi tashkilotlar rahbarlari ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi uchun masʼul etib belgilangan.
