platina.uz
Maqola

Rapallo shartnomasi: sanksiyalar xavfli ittifoqlarni shakllantirganda

Mazkur shartnoma kelajak avlodlarga ulkan saboq qoldirdi. Saboq esa shunday edi: bir vaqtning oʻzida bir nechta davlatga kuchli bosim oʻtkazish ularning strategik yaqinlashuviga olib kelishi mumkin.

Rapallo shartnomasi: sanksiyalar xavfli ittifoqlarni shakllantirganda

Tarix shuni koʻrsatadiki, bir vaqtning oʻzida bir nechta yirik davlatni ihotalab-yakkalab qoʻyishga qaratilgan urinishlar koʻpincha kutilgan natijani emas, uning aksini beradi. Ular zaiflashish oʻrniga yangi tayanch nuqtalarini izlashga va hatto ilgari oʻzaro raqobatchi boʻlgan boʻlsalar ham, bir-biriga yaqinlasha boshlaydilar.

Rapallo: yakkalab qoʻyilgan davlatlar ittifoqi

Birinchi jahon urushidan keyin ham Sovet Rossiyasi, ham Veymar Germaniyasi xalqaro maydonda deyarli yakkalab qoʻyilgan edi.

Germaniya Versal shartnomasining ogʻir oqibatlariga - reparatsiyalar, qurolli kuchlarga qoʻyilgan cheklovlar, diplomatik yakkalab qoʻyish va iqtisodiy qiyinchiliklarga duch keldi. Sovet Rossiyasi esa inqilob va Fuqarolar urushi ortidan xalqaro blokada sharoitida qolib, savdo, investitsiyalar va Gʻarb texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha jiddiy muammolarni boshdan kechirayotgan edi.

1922 yilgi Genuya konferensiyasida Gʻarb davlatlari mavjud geosiyosiy muvozanatni saqlab qolishga intilishdi. Biroq voqealar kutilmagan yoʻnalishda rivojlandi. Italiyaning Rapallo shahrida Germaniya va Sovet Rossiyasi shartnoma imzolab, unda diplomatik munosabatlarni tiklash, oʻzaro moliyaviy daʼvolardan voz kechish, savdo aloqalarini rivojlantirish, keyinchalik harbiy-texnik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi talablar nazarda tutildi.

Eng muhim yoʻnalish aynan harbiy-texnik hamkorlik boʻldi. Versal shartnomasi cheklovlariga qaramay, nemis harbiylari Sovet davlati hududida yangi qurollarni sinash va mutaxassislar tayyorlash imkoniga ega boʻlishdi. SSSR esa Germaniyaning muhandislik va sanoat tajribasidan foydalanish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Rasman ikki davlatning yakkalab qoʻyilishi saqlanib qolgan boʻlsa-da, amalda bu yangi hamkorlik markazini vujudga keltirdi.

Rapallo shartnomasi kelajak avlodlarga ulkan saboq qoldirdi. Saboq esa shunday edi: bir vaqtning oʻzida bir nechta davlatga kuchli bosim oʻtkazish ularning strategik yaqinlashuviga olib kelishi mumkin.

Sanksiyalar mantigʻi va uning aks taʼsiri

Bugungi kunda iqtisodiy sanksiyalar tashqi siyosatning eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi. Ular kapital, texnologiyalar, xalqaro hisob-kitob tizimlari, logistika va investitsiyalarga kirish imkoniyatlarini cheklaydi. Lekin siyosatshunoslar koʻproq moslashuv effekti haqida gapirishadi. Biror davlat uzoq muddatli sanksiyalarga duch kelganda, oʻz iqtisodiyotini asta-sekin qayta qurishga majbur boʻladi.

Xususan, eksport bozorlarini diversifikatsiya qiladi, import oʻrnini bosishni rivojlantiradi, muqobil moliyaviy kanallar yaratadi, milliy valyutalarda hisob-kitoblarni kengaytiradi va yangi savdo hamkorlarini izlaydi. Agar bunday davlatlar soni koʻpaysa, yana bir jarayon — sanksiya ostidagi iqtisodiyotlar oʻrtasida kooperatsiya yuzaga keladi. Bugungi xalqaro munosabatlarda aynan shu tendensiya tobora yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

Zamonaviy «Rapallo effekti»

2022 yildan keyin sanksiyalar siyosati misli koʻrilmagan koʻlamga chiqdi. Cheklovlar nafaqat Rossiyaga, balki Eron va KXDRga ham taʼsir qildi. Shu bilan birga, AQSh va Xitoy oʻrtasidagi texnologik raqobat yarimoʻtkazgichlar va yuqori texnologiyalar sohasida keng qamrovli cheklovlarni keltirib chiqardi. Bu jarayon bir qator davlatlar oʻrtasida hamkorlikning kuchayishiga turtki berdi. Rossiya Xitoy, Eron, Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo hajmini sezilarli darajada oshirdi.

Masalan, Xitoy CIPS xalqaro toʻlov tizimini rivojlantirmoqda, yuanning xalqaro savdodagi ulushini kengaytirmoqda va oʻnlab davlatlar bilan maʼlum muddat davomida pul oqimlari yoki moliyaviy majburiyatlarni oʻzaro almashtirish haqidagi valyuta kelishuvlari - “svop” bitimlarini imzolamoqda.

Eron koʻp yillik sanksiyalar davomida cheklovlar sharoitida ishlash boʻyicha katta tajriba toʻpladi va bugun ayrim mamlakatlar uchun shu kabi tajribaning manbaiga aylanmoqda.

KXDR esa Rossiya bilan ayrim logistika va harbiy-texnik loyihalarda hamkorlikni kengaytirmoqda.

Shu bilan birga, bu davlatlar yagona Gʻarbga qarshi harbiy blokini yaratdi, deyish notoʻgʻri boʻlardi. Zero, ular oʻrtasida hamon jiddiy qarama-qarshiliklar va raqobat saqlanib qolyapti. Biroq sanksiyalar ularni muayyan sohalarda pragmatik hamkorlik qilishga undamoqda.

Parallel iqtisodiy infratuzilma shakllanmoqda

Sanksiyalarning eng muhim oqibatlaridan biri muqobil iqtisodiy institutlarning shakllanishidir. Milliy valyutalarda hisob-kitoblar, mustaqil toʻlov tizimlari, banklararo muqobil hisob-kitob kanallari, yangi transport yoʻlaklari,

Gʻarb moliyaviy markazlaridan tashqaridagi sugʻurta mexanizmlari, markaziy banklar raqamli valyutalaridan foydalanish, barter va ikki tomonlama kliring hisob-kitoblarining kengayishi shular qatoriga kiradi.

Tadqiqotchilarning qayd etishicha, oʻzgarishlar asosan zaxira valyutalari emas, balki xalqaro savdoni taʼminlovchi moliyaviy infratuzilma — toʻlov, axborot almashinuvi va hisob-kitob tizimlari darajasida yuz bermoqda.

Boshqacha aytganda, hozircha gap dollarning jahon zaxira valyutasi sifatidagi mavqei tugayotgani haqida emas. Biroq ayrim davlatlarga unga qaramlikni kamaytirish imkonini beradigan infratuzilma bosqichma-bosqich shakllanmoqda.

Ilmiy tadqiqotlar nima deydi?

Soʻnggi yillarda sanksiyalarning uzoq muddatli taʼsiriga bagʻishlangan koʻplab tadqiqotlar eʼlon qilindi.

Bir qator iqtisodchilar keng koʻlamli moliyaviy cheklovlar xalqaro savdo va hisob-kitoblar uchun muqobil institutlarning rivojlanishini ragʻbatlantirishi mumkinligini taʼkidlashadi. Davlatlar vaqt oʻtishi bilan alohida sanksiyalarni chetlab oʻtish emas, balki mustaqil va barqaror moliyaviy tizimlarni yaratishga koʻproq sarmoya kirita boshlaydi.

Boshqa tadqiqotlar esa kelajakda sanksiyalar qoʻllanilishi ehtimolining oʻzi ham davlatlar va markaziy banklarni xalqaro hisob-kitoblarni diversifikatsiya qilishga hamda dollar infratuzilmasiga qaramlikni qisqartirishga undashini koʻrsatadi. Biroq bu jarayon asta-sekin kechmoqda va dollarning yaqin kelajakdagi yetakchilik mavqei tugaydi, degani emas.

Savdo tarmoqlariga bagʻishlangan tadqiqotlar esa sanksiyalar koʻpincha savdo oqimlarining qayta taqsimlanishiga olib kelishini koʻrsatadi: sanksiya ostidagi davlatlar eksport va importni neytral yoki doʻstona mamlakatlarga yoʻnaltirib, jahon iqtisodiyotidan butunlay chiqib ketmasdan, yangi iqtisodiy aloqalarni shakllantiradi.

Xullas, zamonaviy akademik tadqiqotlar sanksiyalarni nafaqat bosim vositasi, balki jahon iqtisodiyotining institutsional qayta qurilishiga taʼsir qiluvchi omil sifatida ham baholamoqda.

Sanksiyalarni samarasiz deb ham boʻlmaydi

Biroq yuqoridagi tezislardan “sanksiyalar umuman ish bermaydi”, degan xulosa chiqarish kerak emas. Koʻplab holatlarda ular haqiqatan ham iqtisodiy oʻsish surʼatlarini pasaytiradi, ilgʻor texnologiyalarga kirish imkoniyatlarini cheklaydi, tashqi savdo xarajatlarini oshiradi, sanoatni modernizatsiya qilishni qiyinlashtiradi hamda xorijiy investitsiyalar hajmini qisqartiradi.

Rossiya, Eron, KXDR va boshqa sanksiya ostidagi davlatlar uchun bu oqibatlar hanuz sezilarli boʻlib turibdi. Kiritilgan sanksiyalar u yoki bu darajada samara beryapti. Muqobil mexanizmlarning paydo boʻlishi cheklovlarning iqtisodiy taʼsirini toʻliq bartaraf etmaydi. Gap koʻproq iqtisodiyotning qimmatga tushadigan moslashuv jarayoni haqida bormoqda.

Shu bois zamonaviy ilm-fanning asosiy xulosasi shundan iboratki, sanksiyalar «samarasiz» emas, balki ularning oqibatlari dastlab kutilganidan ancha murakkabdir.

Tarix aynan takrorlanmaydi, ammo oʻxshash saboqlar beradi

Rapallo shartnomasi Ikkinchi jahon urushiga sabab boʻlgan hodisa emas va XXI asr uchun tayyor andoza ham emas. Biroq u xalqaro siyosat uchun muhim saboq boʻlib qolmoqda.

Bir vaqtning oʻzida bir nechta yirik davlat uzoq muddatli yakkalab qoʻyish siyosatiga duch kelsa, ular oʻrtasida hamkorlik qilishga kuchli initlish paydo boʻladi. Dastlab zaiflashtirish vositasi sifatida oʻylangan siyosat baʼzan yangi iqtisodiy, moliyaviy va texnologik aloqalarning shakllanishiga turtki berishi mumkin.

Bugun jahon tartiboti tobora koʻp qutbli tus olmoqda. Sanksiyalar tashqi siyosatning muhim vositasi boʻlib qolyapti, biroq ayni paytda ular muqobil toʻlov tizimlari, yangi transport yoʻlaklari, mintaqaviy moliyaviy institutlar va milliy valyutalardagi hisob-kitoblarning rivojlanishini tezlashtirmoqda. Bu jarayonlar hozircha mavjud jahon iqtisodiy tizimini almashtirgani yoʻq, ammo uni asta-sekin yanada parchalangan va koʻp markazli tuzilmaga aylantiryapti.

“Rapallo effekti”ning eng muhim sabogʻi shundaki, bosim siyosati hech qachon boʻshliqda amal qilmaydi. U xalqaro munosabatlar tizimini oʻzgartiradi va baʼzan aynan sanksiyalar tashabbuskorlari kutmagan yoʻnalishda yangi ittifoqlar hamda muqobil iqtisodiy institutlarning shakllanishiga zamin yaratadi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid