Kredit uchun 420 ming dollar talab qilganlar ushlandi
Ular tadbirkorlik qilmoqchi boʻlgan fuqaroga 3,5 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishlarini aytishgan.

3,5 mln dollarlik kredit uchun 420 ming dollar talab qilishdi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda kredit ajratish bilan bogʻliq noqonuniy holat fosh etildi.
Jumladan, xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Olmazor filiali bank xizmatlari markazi yuristi va Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida yashovchi 1979 y.t., muqaddam sudlangan shaxs oʻzaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroning ishonchiga kirib, uning nomiga 3,5 mln AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishlarini aytishadi.
Ular “xolis” xizmatlari evaziga kredit summasining 12 foizini, yaʼni 420 ming AQSh dollari talab qilishib, oldindan 50 ming dollar olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
