platina.uz
Jamiyat

Qashqadaryoda turli maqsadlar 55,7 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi

“Nasaf” professional futbol klubining moliyaviy faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar uchun 10 milliard soʻm beriladi. Viloyat hokimligi huzuridagi harbiy-maʼmuriy sektorni rivojlantirish jamgʻarmasiga ham 10 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Qashqadaryoda turli maqsadlar 55,7 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi

Qashqadaryoda turli maqsadlar 55,7 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

​Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining 2026 yil 28 iyuldagi qarori bilan viloyat mahalliy byudjetining yil boshidagi erkin qoldiq mablagʻlari hamda 2026 yil birinchi chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan jami 55 milliard 771,8 million soʻm mablagʻni turli yoʻnalishlarga ajratish maʼqullandi.

​Qarorga koʻra, mahalliy byudjetning 2026 yil boshidagi erkin qoldigʻidan 33 milliard 271,8 million soʻm, birinchi chorak daromadlar rejasining ortigʻi bilan bajarilgan qismidan esa 22 milliard 500 million soʻm yoʻnaltiriladi.

​Erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan eng yirik loyiha Nishon tumanining “Baynalminal” mahallasi hududida qurilishi rejalashtirilgan toʻrtta yetti qavatli koʻp kvartirali uy uchun tashqi oqova suv tarmoqlarini barpo etish hisoblanadi. Mazkur loyiha uchun 6 milliard 828,1 million soʻm ajratiladi.

​Shahrisabz tumani hududidan oqib oʻtuvchi Oqdaryo va Qoradaryo boʻyidagi sogʻlomlashtirish yoʻlaklarini obodonlashtirish, nuroniylar maskani, xiyobonlar va bolalar oʻyingohlarini qurishga 4 milliard 177 million soʻm yoʻnaltiriladi.

​Qashqadaryo viloyati Pedagogika mahorat markazining oʻquv va yotoqxona binosini kapital taʼmirlashga 3 milliard 315,2 million soʻm, Qarshi shahridagi Qoʻgʻirchoq teatri binosida qurilish-tiklash ishlarini yakunlash va obʼektni foydalanishga topshirishga 3 milliard soʻm ajratiladi.

​Koʻp kvartirali uylarning tom qismlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va mukammal taʼmirlash ishlariga 2 milliard 869 million soʻm, Gʻuzor tumanidagi 2-sonli maktabning isitish qozonxonasini taʼmirlashga 2 milliard 145,8 million soʻm yoʻnaltiriladi.

​Qarshi shahrining “Sherqulov” mahallasidagi uylarning issiqlik tizimini taʼmirlash uchun 1 milliard 619 million soʻm ajratiladi. Shahrisabz tumanidagi agroturizm kompleksi yaqinidagi eskirgan suv nasoslari va transformatorlarni yangisiga almashtirishga 1 milliard 552 million soʻm, tumanda beton hovuz qurish, nasos binosini jihozlash, nasos, elektr dvigatel va transformator oʻrnatishga 1 milliard 97 million soʻm sarflanadi.

​Viloyat hokimligining texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga 2026 yilning uchinchi va toʻrtinchi choraklarida har oylik ish haqiga qoʻshimcha ustama toʻlash uchun 1 milliard 425 million soʻm ajratiladi. Viloyat hokimligining “Qabullar uyi” davlat muassasasi texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari uchun xuddi shu maqsadda yana 1 milliard 20 million soʻm yoʻnaltiriladi.

​Qarshi tumanidagi “Abu Muin Nasafiy” majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasi xodimlarining uchinchi chorakdagi ish haqiga 118 million soʻm, viloyat Kurash federatsiyasi xodimlarining uchinchi chorak ish haqiga 377,8 million soʻm ajratiladi.

​2025–2026 oʻquv yilida “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan taʼlim muassasalariga jami 600 million soʻm mukofot puli beriladi. Birinchi oʻrinni egallagan Muborak tumanidagi 28-maktabga 250 million soʻm, ikkinchi oʻrindagi Koson tumanidagi 9-maktabga 200 million soʻm, uchinchi oʻrindagi Qarshi shahridagi 1-maktabga 150 million soʻm ajratiladi.

​Gʻuzor tumanidagi qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga tegishli yaylovlarda rejalashtirilgan oʻnta sugʻorish qudugʻi boʻyicha gidrologik, ekologik va ekspertiza xulosalari hamda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun 547,1 million soʻm yoʻnaltiriladi.

​Viloyatda naslchilik va sunʼiy urugʻlantirish ishlarini rivojlantirish uchun 154 dona dyuar idishi hamda 54 dona texnik osemenator sumkasini sotib olishga 865 million soʻm ajratiladi.

​Chiroqchi tumanidagi “Sohil boʻyi” master-reja hududining yoʻl infratuzilmasini yaxshilash obʼektlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertiza xulosalarini olishga 500 million soʻm sarflanadi.

Viloyat hokimligining uchrashuvlar oʻtkaziladigan majlislar zaliga mebel va tribuna sotib olish uchun 90,4 million soʻm ajratiladi. Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasida “Situatsion markaz” faoliyatini tashkil etish, jumladan, ish stansiyasi, koʻp funksiyali printer, uzluksiz quvvat manbai va interaktiv doska xarid qilishga 282 million soʻm yoʻnaltiriladi.

Chiroqchi, Kitob va Kasbi tumanlari hokimliklari uchun mebel jihozlari sotib olish natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplashga 558,4 million soʻm ajratiladi.

Viloyat budjetining respublika budjeti oldidagi ssuda va foiz qarzdorligini qoplash uchun 65 million soʻm, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining viloyat boʻlimi 2026 yil uchinchi chorak xarajatlari uchun 220 million soʻm yoʻnaltiriladi.

Mahalliy byudjetning 2026 yil birinchi chorak daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismi hisobidan ajratiladigan 22 milliard 500 million soʻm uchta yoʻnalishga sarflanadi.

Jumladan, “Nasaf” professional futbol klubining moliyaviy faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar uchun 10 milliard soʻm ajratiladi. Viloyat hokimligi huzuridagi harbiy-maʼmuriy sektorni rivojlantirish jamgʻarmasiga ham 10 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Viloyatdagi 284 ta tez tibbiy yordam avtomobili uchun radiostansiyalar, 16 ta baza retranslyatori, beshta statsionar hamda beshta portativ trankingli radiostansiya sotib olishga 2 milliard 500 million soʻm ajratiladi.

Qarorga koʻra, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi mablagʻlarning belgilangan tadbirlarga oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlaydi. Viloyat gʻaznachilik boshqarmasi ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazadi va xarajatlarning belgilangan tartibda amalga oshirilishini nazorat qiladi.

Viloyat hokimligining ichki audit xizmatiga mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatish vazifasi yuklatilgan. Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirishi belgilangan.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid