Buxoroda kadastrlar palatasi boʻlim boshligʻi 2,5 ming dollar bilan ushlandi
Qashqadaryo viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Koʻkdala tumani boʻlimi bosh mutaxassisi esa bir sotix yerni hujjatlashtirish evaziga pul talab qilgan.

Yer maydonlarini rasmiylashtirish bilan bogʻliq korrupsion holatlar aniqlandi.
Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlovchi shaxs noqonuniy boylik orttirish maqsadida xizmat mavqeidan foydalanib, oʻzganing ishonchiga kirgan.
Mansabdor shaxs mahalliy fuqaro tomonidan 2015 yilda Romitan tumani hokimligi zaxirasidagi 65 m² yer maydonida oʻzboshimchalik bilan qurilgan savdo va xizmat koʻrsatish binosini hamda unga tutash boʻlgan 35 m² boʻsh yer uchastkasini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qashqadaryo viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Koʻkdala tumani boʻlimi bosh mutaxassisi 1964 y.t. fuqaroga 2019 yilda Chiroqchi tumani hokimi qarori bilan ajratib berilgan 1 sotix yer maydonini Kadastrlar palatasi tizimida ishlovchi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini tayyorlab, roʻyxatdan oʻtkazib berish evaziga 1 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda u soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat boʻyicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
