platina.uz
Jamiyat

Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi

Yigʻilishda suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb etish va buni Andijon viloyatidan boshlash taklifi maʼqullandi. Suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimi bir oyda xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqiladi.

Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi

Bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari”da 25 ming, “Hududgaz”da 16 ming xodim ishlaydi. Lekin xodimlar ishini boshqarish raqamlashmagani sababli kun davomida kim nima bilan bandligini na elektr tarmogʻi, na gaz taʼminoti rahbari biladi.

Shu bois, mehnat unumdorligi boshqa davlatlardan 1,5-2 barobar past, avariyalarni bartaraf etish muddati esa 3-4 barobar koʻp.

Energetika vazirligi tarkibida Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi.

Markaz “ishlab chiqarish – uzatish – taqsimlash – yetkazish” zanjiri, koʻmir, suyultirilgan gaz va mazut taʼminotini “stress-audit”dan oʻtkazadi. Shu asosda sohani rivojlantirishning bir nechta ssenariysi ishlab chiqiladi.

Har bir xodimning kunlik ishini raqamli algoritm orqali boshqaradigan tizim yaratiladi. ASKUYe va ASKUG maʼlumotlari sunʼiy intellekt orqali tahlil qilinib, shubhali oʻzgarishlarni aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.

Tizimdagi 106 ming xodim uchun 10 ta asosiy KPI belgilanadi. Unda avariyaviy va rejali oʻchishlar, yoʻqotishlar, debitor qarzdorlik, quvvatlar rezervi va taʼmirlash dasturlarining bajarilishi asosiy mezon boʻladi.

Yigʻilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham koʻrib chiqildi. Hozir tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan 1 ming 916 ta mahalla mavjud.

Masʼullarga uch oyda ushbu mahallalardagi isitish tizimini elektrga oʻtkazish uchun qancha infratuzilma va qoʻshimcha elektr energiyasi talab etilishini hisob-kitob qilish topshirildi.

Birinchi navbatda moliyalashtirish talab etiladigan mahallalar boʻyicha alohida dastur ishlab chiqiladi.

Bugungi kunda 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. Soʻnggi yillarda mazkur tizim raqamlashtirilib, ancha tartibga keltirilgan boʻlsa-da, gazni oʻz vaqtida yetkazish muammosi toʻliq hal etilmagan.

Suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb etish va buni Andijon viloyatidan boshlash taklifi maʼqullandi.

Andijon viloyatida olti oyda rejadagi 48 ming tonna oʻrniga 41 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. 318 ta mahallada taʼminot grafikdan orqada qolmoqda.

Endi tadbirkorlar oʻzi import qilgan yoki birjadan xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi va biznes subʼektlariga yetkazib berishi mumkin boʻladi. Yil boshidan xususiy sektor tomonidan 157 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan.

Ijtimoiy reyestrga kirgan oilalarga suyultirilgan gaz uchun subsidiya beriladi. Yil yakunigacha bu borada “Andijon tajribasi” yaratiladi.

Suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni yil yakunigacha rejadagi 520 ming tonna oʻrniga 606 ming tonnaga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Hozir aholiga gaz standart hajmdagi 20 kilogrammli ballonlarda yetkaziladi. Vaholanki, ayrim xonadonlarga oylik isteʼmol uchun 5-6 kilogramm yetarli boʻlsa, boshqa isteʼmolchilarga 30-40 kilogrammli ballon zarur.

Suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimi bir oyda xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqiladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid