platina.uz
Jamiyat

“Yashil shahar” yondashuvining yana bir natijasi: Choʻlpon mahallasida bahsli qurilish bekor qilindi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva shaxsan nazorat qilayotgan poytaxtda yashil hududlar va ochiq jamoat maydonlarini saqlash siyosati Choʻlpon mahallasidagi qarorda ham oʻz ifodasini topdi. Bir yildan ortiq vaqtdan buyon bahslarga sabab boʻlib kelgan qurilish loyihasi bekor qilinib, hudud aholi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qayta obodonlashtiriladigan boʻldi.

“Yashil shahar” yondashuvining yana bir natijasi: Choʻlpon mahallasida bahsli qurilish bekor qilindi

Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Choʻlpon mahallasida qurilishi rejalashtirilgan koʻp qavatli uy loyihasi rasman bekor qilindi. Qurilish uchun qazilgan kotlovan koʻmildi, toʻsiqlar olib tashlandi. Endi hudud aholi takliflari asosida bolalar va sport maydonchasi hamda yashil hudud sifatida qayta tashkil etiladi.

Mazkur qaror oddiy bir qurilishning toʻxtatilishi emas. U soʻnggi vaqtlarda Toshkentda har bir hududni, eng avvalo, odamlar uchun qulay qilish, yashil hududlar va bolalar maydonchalarini saqlab qolish hamda aholi fikrini inobatga olgan holda rivojlantirishga qaratilgan yondashuvning yana bir amaliy koʻrinishi boʻldi.

Poytaxtda yashil hududlarni saqlash, yangi istirohat bogʻlari barpo etish, bolalar va sport maydonchalarini rivojlantirish hamda odamlar uchun qulay shahar muhitini shakllantirish Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tomonidan shaxsan nazorat qilinayotgan ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

Xususan, 24 iyul kuni Prezident administratsiyasi rahbari Toshkent shahrida mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, poytaxtga «yashil shahar» maqomini qaytarish, odamlar mazmunli hordiq chiqarishi va sayr qilishi uchun koʻproq ochiq maydonlar yaratish, koʻkalamzorlashtirish ishlarini izchil davom ettirish hamda mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish boʻyicha qator topshiriqlar bergan edi.

25 iyul kuni Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov mahallaga kelib, bu yerda qurilish boʻlmasligini maʼlum qildi. Oradan ikki kun oʻtib, berilgan vaʼda amalda ham oʻz tasdigʻini topdi — kotlovan koʻmildi, toʻsiqlar olib tashlandi va hududni aholi takliflari asosida obodonlashtirish ishlari boshlandi.

Shu tariqa, bir yildan ortiq vaqt davom etgan bahsga nuqta qoʻyildi. Endi mazkur hududda koʻp qavatli uy emas, balki bolalar maydonchasi, futbol maydoni va yashil hudud barpo etiladi. Bu esa Toshkentda shahar muhitini rivojlantirishda aholi manfaati, yashil hududlarni asrash va ochiq maydonlarni saqlab qolishga ustuvor ahamiyat berilayotganini yana bir bor koʻrsatdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid