Toshkent modernizmining 10 ta binosi YuNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritildi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva buni Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi muhim yutugʻi deya taʼkidlab, soʻnggi 25 yil ichida mamlakat tomonidan taqdim etilgan milliy nominatsiya ilk bor YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatidan joy olganini qayd etdi.

Janubiy Koreyaning Pusan shahrida 19–29 iyul kunlari oʻtkazilayotgan YuNESKO Butunjahon merosi qoʻmitasining 48-sessiyasida Toshkent modernizmiga oid 10 ta meʼmoriy inshootni YuNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Majlisda Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda YuNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya delegatsiyasi ishtirok etdi.
Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritish uchun taqdim etilgan 30 ta yangi nominatsiya orasida Oʻzbekistonning “Toshkent modernizm meʼmorchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va anʼanalar” milliy nominatsiyasi ham koʻrib chiqildi. Ushbu nominatsiya XX asrning ikkinchi yarmida barpo etilgan modernizm arxitekturasining eng yorqin namunalarini qamrab olib, jamoat, madaniy, turar joy va muhandislik inshootlarining turli toifalariga mansub 10 ta noyob obʼektni birlashtiradi.
“Taʼkidlash joizki, soʻnggi 25 yilda Oʻzbekiston tomonidan taqdim etilgan milliy nominatsiya ilk bor shunday yuksak maqomga sazovor boʻldi.
Bu faqatgina bir nechta binoning emas, zilziladan keyingi Toshkentning qayta bunyod etilishi bilan bogʻliq butun bir davrning eʼtirofidir. Oʻsha yillari poytaxtimiz zamonaviy arxitektura, Markaziy Osiyo anʼanalari va oʻziga xos iqlim xususiyatlarini mujassam etgan butkul yangi va betakror qiyofa kasb etgan.
Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi navbatdagi gʻalabasi – boy meʼmoriy merosimizni asrab-avaylash, kelajak avlodga bezavol yetkazish yoʻlidagi yana bir muhim qadam xayrli va bardavom boʻlsin”, - dedi Saida Mirziyoyeva
Obʼektlar roʻyxati
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, 1968−1970 yillar.

Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyi, 1970 yillarning ikkinchi yarmi — 1981 yil.

Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, 1967−1974 yillar.

Toshkent davlat sirki, 1965−1975 yillar.

Oʻzbekiston badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zali (Rassomlar uyushmasi koʻrgazmalar zali), 1972−1974 yillar.

Oʻzbekiston kino sanʼati saroyi (sobiq Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi, avvalgi sobiq “Panorama” kinoteatri), 1962−1964 yillar.

“Eski juva” bozori (Chorsu), 1983−1990 yillar.

“Kosmonavtlar” metro bekati, 1982−1984 yillar.

Toshkent viloyatidagi “Quyosh” geliomajmuasi, 1981−1987 yillar.

“Marvarid” (“Jemchug”) turar joy binosi, 1975−1985 yillar.

