Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahridagi qurilish ishlari bilan tanishdi
Hududdagi zamonaviy futbol stadionidagi qurilish ishlari ham koʻzdan kechirildi. 55 ming tomoshabinga moʻljallangan ushbu arena qurilishi 2025 yil noyabr oyida boshlangan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlarining 65 foizi bajarilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasida boʻldi. Bu yerda shaharning keng koʻlamli maketi va raqamli xaritasi asosida qurilishlarning umumiy borishi, yirik obʼektlarning oʻzaro joylashuvi hamda navbatdagi bunyodkorlik rejalari haqida axborot berildi.

Transport va muhandislik infratuzilmasini qurilishlar bilan uygʻun rivojlantirish, yashil hududlar va jamoat makonlarini oʻzaro bogʻlash, Yangi Toshkentni poytaxtning amaldagi hududi bilan uzviy bogʻlash masalalari koʻrib chiqildi. Barcha loyihalarni yaxlit shaharsozlik konsepsiyasi asosida, yuqori sifat va meʼmoriy uygʻunlikni taʼminlagan holda amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Shundan soʻng Prezident Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetining Yangi Toshkentda barpo etilayotgan kampusini koʻzdan kechirdi.
Majmua Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichi doirasida bunyod etilmoqda. Ayni paytda rektorat va ayrim fakultetlar binolarida yakuniy qurilish va pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari binolarning ichki makonlari, oʻquv va maʼmuriy xonalarning joylashuvi, muhandislik tarmoqlari hamda hududni obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Mutasaddilar qurilishning borishi, binolarni jihozlash va kampusni foydalanishga tayyorlash choralari haqida axborot berdi.

Yangi kampus tarkibida oʻquv binolari, ilmiy laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, elektron kutubxona, talabalar turar joylari, sport va madaniyat inshootlari boʻladi. Bu yerda taʼlim, ilmiy tadqiqot va talabalar hayotini bir makonda uygʻunlashtirgan yaxlit muhit yaratiladi.
Universitetda xalqaro taʼlim standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish, boshqaruv tizimini «Yangi Oʻzbekiston» universiteti tajribasi asosida transformatsiya qilish rejalashtirilgan. Oʻquv jarayonlarini zamonaviy raqamli platformalar orqali boshqarish koʻzda tutilgan.
Keyin davlatimiz rahbari Yangi Toshkentda barpo etilayotgan Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosidagi qurilish ishlarini koʻzdan kechirdi.
Mazkur obʼekt yangi shaharning asosiy ilm-fan va maʼrifat maskanlaridan biri sifatida bunyod etilmoqda. Yangi Toshkent qurilishi, avvalo, taʼlim va maʼrifat obʼektlaridan boshlangan boʻlib, Milliy kutubxona ushbu konsepsiyada muhim oʻrin tutadi.
Ayni paytda majmuada qurilish va pardozlash ishlarining 90 foizi bajarilgan. Kutubxonani joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan toʻrt qavatli bino bir vaqtning oʻzida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Uning meʼmoriy yechimida milliy anʼanalar va zamonaviy uslub uygʻunlashtirilgan.
Kutubxonada kitob fondlarini saqlash, hisobga olish, ularning xavfsizligini taʼminlash va zararsizlantirish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi. Xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalaridan onlayn foydalanish imkoniyati ham yaratiladi.
Koʻzi ojiz fuqarolar uchun maxsus oʻquv va tadqiqot muhiti, 300 oʻrinli kafe, galereya, sport va dam olish hududlari barpo etiladi. Shu tariqa, kutubxona kitobxonlik, ilmiy izlanish va madaniy-maʼrifiy muloqotni birlashtiradigan zamonaviy markazga aylanadi.
Prezident qurilish va jihozlash ishlarini sifatli yakunlash, kutubxona fondi, raqamli xizmatlar hamda foydalanuvchilar uchun yaratiladigan sharoitlarni oʻzaro uygʻun holda tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Tashrifning navbatdagi manzili «Yangi Oʻzbekiston» universitetining yangi kampusi boʻldi.
Ellik gektar maydonda barpo etilayotgan majmua 10 ming nafar talabaga moʻljallangan. Unda fakultetlar va rektorat binolari bilan birga kutubxona, muzey, koʻrgazma va multimedia zallari, sport majmuasi, suzish havzasi hamda talabalar turar joylari joylashadi.
Yangi kampusda taʼlim, ilmiy tadqiqot, innovatsiya va talabalar hayotini yagona muhitda uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Qayd etilganidek, ushbu taʼlim va maʼrifat maskanlari Yangi Toshkentda zamonaviy ilm-fan va taʼlim muhitini shakllantirib, yoshlarning bilim va salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.
Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy futbol stadionidagi qurilish ishlari ham koʻzdan kechirildi.
55 ming tomoshabinga moʻljallangan ushbu arena qurilishi 2025 yil noyabr oyida boshlangan. Ayni paytda bunyodkorlik ishlarining 65 foizi bajarilgan.
Stadion 2027 yilda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatining asosiy arenasi sifatida xizmat qiladi. Bu yerda musobaqaning yarim final va final uchrashuvlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Olti qavatli sport majmuasi FIFAning barcha talablariga muvofiq barpo etilmoqda. Unda sportchilar, muxlislar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Tomoshabinlarning qulay harakatlanishi uchun 10 dan ortiq eskalator oʻrnatiladi. Stadion hududida uchta mashgʻulot maydoni va 5 ming 500 oʻrinli avtoturargoh tashkil etiladi. Arena yaqinida metro bekati ham barpo qilinadi.
Inshootning meʼmoriy qiyofasida zamonaviy uslub va milliy anʼanalar uygʻunlashtirilgan. Qurilishda «yashil energiya», «aqlli boshqaruv» va ekologik barqarorlik tamoyillariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qayd etilganidek, mazkur arena yirik xalqaro musobaqalarni qabul qilish bilan birga, yoshlar sportini rivojlantirish, professional futbolchilar tayyorlash va mamlakatda zamonaviy sport infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini belgilangan muddatda va yuqori sifat bilan yakunlash, stadionni transport tizimi hamda Yangi Toshkentning umumiy shaharsozlik muhiti bilan uygʻunlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
