Prezident energetika tizimi boshqaruvini jiddiy tanqid qildi
Har yili yoz va qishda oʻnlab podstansiyalarda avariya boʻlib, yuzlab transformatorlar yonib ketmoqda. Iyun-iyul oylarining oʻzida 4 mingga yaqin avariya sodir boʻlib, aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgan. Energetika vazirligi va uning quyi boʻgʻinlaridagi rahbarlarda ijro va masʼuliyat yetishmayotgani tanqid qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilgʻi-energetika tarmogʻida kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari soʻnggi oʻn yilda energetika sohasida juda katta islohotlar amalga oshirilganini taʼkidladi. Qonun va qarorlar qabul qilinib, sohada xususiy sektor va xorijiy investorlar uchun yoʻl ochildi.
Prezidentimiz investorlar bilan bir necha bor shaxsan uchrashib, ularning takliflarini eshitganini qayd etdi. Har bir yirik loyihani amalga oshirish uchun sharoit yaratilib, zarur kafolatlar berildi.
Natijada energetika sohasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi, joylarda 9,5 gigavattli elektr stansiyalari ishga tushirildi. Shu tariqa generatsiya boʻyicha ichki ehtiyojni toʻliq qoplaydigan quvvatlar yaratildi.
Soʻnggi yillarda elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar va gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash uchun 30 trillion soʻm ajratildi. Bu oldingi 25 yilda yoʻnaltirilgan mablagʻdan 6 karra koʻp.
“Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablagʻda emas, chunki qancha kerak boʻlsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida!” – dedi Prezidentimiz.
Barcha hududlarda deyarli bir xil tarmoq boʻlgani bilan ayrim tumanlar yaxshi ishlayotgani, boshqalarida esa doim avariya sodir boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bu talab nazorat va intizomning har xilligi bilan bogʻliq.
Energetika vazirligi va uning quyi boʻgʻinlaridagi rahbarlarda ijro va masʼuliyat yetishmayotgani tanqid qilindi. Shu bois, odamlar ham, tadbirkorlar ham tizimga masʼul rahbarlarning hozirgi ishidan mutlaqo norozi.
“Takror aytaman: tizimdagi har bir rahbarning qilayotgan ishi, eng avvalo, odamlarning hayotida, turmush tarzida sezilishi, tadbirkorlarning mushkulini oson qilishi kerak”, – dedi davlatimiz rahbari.
Har yili yoz va qishda oʻnlab podstansiyalarda avariya boʻlib, yuzlab transformatorlar yonib ketmoqda. Iyun-iyul oylarining oʻzida 4 mingga yaqin avariya sodir boʻlib, aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgan.
Soʻnggi besh yilda Shirin shahri, Yangihayot, Yakkasaroy va Ohangaron tumanida elektr isteʼmoli 2 karradan ziyod oshgan. Biroq masʼullar va hokimlar tarmoqlarning bunday yuklamani koʻtara olmasligini oldindan hisobga olmagan.
Prezidentimiz har bir uzilish tadbirkorlar va iqtisodiyotga qancha zarar keltirgani hisoblab chiqilmaganini tanqid qildi. Hokimlar energiya isteʼmoli balansini aniq bilmagani uchun milliardlab mablagʻ havoga ketayotganini koʻrsatib oʻtdi.
