“Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari lavozimidan ozod etildi
“Milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Transgaz” va “Hududgaz” rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi. Natija boʻlmasa, ular ham ishdan ketishi ogohlantirildi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari lavozimidan ozod etildi. Asrorjon Asqarov 2024 yil dekabridan beri “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi sifatida ishlab kelayotgandi.
Tashkilotning yangi rahbari etib Sardor Isaqulov tayinlandi. U bungacha Toshkent viloyatining Boʻka va Parkent tumanlariga hokimlik qilgan.
Yigʻilishda Surxondaryodagi bugʻ-gaz elektr stansiyasi qurilishi uchun joy notoʻgʻri tanlangani tanqid qilindi. Gazni stansiyaga yetkazish uchun 300 million dollar sarflashga toʻgʻri kelmoqda.
Tashabbuskor bilan tuzilgan shartnoma shartlari puxta oʻrganilmagani qoʻshimcha xarajat yuzaga kelish ehtimolini paydo qilgan. Masʼullarga shartnoma shartlarini qayta koʻrib chiqish topshirildi.
Tizimdagi jiddiy kamchiliklar uchun energetika vaziri va “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari lavozimidan ozod etildi. “Milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Transgaz” va “Hududgaz” rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi. Natija boʻlmasa, ular ham ishdan ketishi ogohlantirildi.
Yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayev, “Hududiy elektr tarmoqlari”ning yangi rahbari Sardor Isaqulov va Energiya inspeksiyasining yangi boshligʻi Axad Isoqjonov bugundan yangicha ish uslubini joriy qilishi shartligi taʼkidlandi.
“Hokimlar ham “Bu energetiklarning ishi” deb xotirjam oʻtirishga haqqi yoʻq. Soʻrov qattiq boʻladi”,
– dedi Prezidentimiz.
