"Gazlayting" siyosiy texnologiyalar vositasi sifatida: psixologik mexanizmlar, taʼsir texnologiyalari va jamoatchilik ongi uchun oqibatlari
Klassik propaganda auditoriyani muayyan gʻoyani qabul qilishga undasa, gazlayting insonning oʻz idroki va xotirasiga ishonchini buzadi. Natijada shaxs tashqi talqinlarga koʻproq bogʻliq boʻlib qoladi.

Zamonaviy axborot jamiyatida siyosiy taʼsir faqat gʻoyalarni tarqatish emas, balki voqelikni qabul qilish jarayonini boshqarish orqali ham amalga oshirilmoqda. Shu usullardan biri — siyosiy gazlayting boʻlib, u insonlarni oʻz xotirasi, baholari va faktlarni mustaqil talqin qilish qobiliyatiga shubhalanishga majbur qiladigan axborot-psixologik texnologiya hisoblanadi.
Siyosiy gazlaytingning nazariy asoslari
Zamonaviy siyosatda ustunlik koʻpincha faktlarning oʻziga emas, balki ular qanday talqin qilinishiga bogʻliq. Axborot maydonida kim jamoatchilik uchun ishonarli voqelik manzarasini shakllantira olsa, u katta taʼsir kuchiga ega boʻladi. Gazlayting aynan shu jarayonga taʼsir qiladi. Uning maqsadi insonni muayyan fikrga ishontirishdan koʻra, uning haqiqatni mustaqil ravishda anglash qobiliyatiga boʻlgan ishonchini zaiflashtirishdir.
Klassik propaganda auditoriyani muayyan gʻoyani qabul qilishga undasa, gazlayting insonning oʻz idroki va xotirasiga ishonchini buzadi. Natijada shaxs tashqi talqinlarga koʻproq bogʻliq boʻlib qoladi. Ijtimoiy tarmoqlar, algoritmik axborot tarqatish tizimlari va sunʼiy intellekt asosidagi kontent yaratish vositalari bu texnologiyalar taʼsir doirasini kengaytirdi.
«Gazlayting» tushunchasining kelib chiqishi
Gazlayting (Gaslighting) atamasi britaniyalik dramaturg Patrik Xemiltonning Gas Light (1938) pesasi nomidan kelib chiqqan boʻlib, keyinchalik u Buyuk Britaniyada (1940) va AQShda (1944) ekranlashtirilgan. Asar syujetiga koʻra, er ataylab uydagi buyumlar holati va muhitni oʻzgartiradi — xususan, gaz chiroqlarining yorugʻligini pasaytiradi — va keyin xotinini hech qanday oʻzgarish sodir boʻlmaganiga ishontirishga harakat qiladi. Masalan, gazda yonadigan chiroq nuri soʻnishini – “sening koʻzingga shunday koʻrinyapti, ruhiy bemordirsan” deya ishontira boshlaydi. Aslida esa manipulyator er vaqti-vaqti bilan maxfiy xonada ayolning xolasidan qolgan boyliklarni oʻgʻrincha qidiradi va oʻsha yerda gaz chirogʻini yoqqani bois, ayol yashaydigan xona chirogʻi xiralashadi. Vaqt oʻtishi bilan ayol oʻz his-tuygʻulari, xotirasi va ruhiy holatiga shubha qila boshlaydi.

Psixologiyada ushbu atama XX asr oxirida keng qoʻllana boshladi. Uni ommalashtirgan tadqiqotchilardan biri Robin Stern boʻlib, u gazlaytingni insonni oʻz xotirasi, hissiyotlari va voqelikni baholash qobiliyatiga shubhalanishga majbur qiladigan emotsional manipulyatsiya shakli sifatida taʼriflaydi.
Dastlab gazlayting shaxslararo munosabatlar doirasida oʻrganilgan boʻlsa, keyinchalik bu mexanizmlar katta ijtimoiy guruhlarga ham taʼsir qilishi mumkinligi aniqlandi.
Siyosiy kommunikatsiyada gazlayting
Siyosiy gazlayting — jamoatchilik ongida voqelikka nisbatan noaniqlik uygʻotishga qaratilgan axborot-psixologik taʼsir usullaridan biri. U odatda faktlarni rad etish, voqealar talqinini doimiy oʻzgartirish, muqobil axborot manbalariga ishonchni pasaytirish, auditoriyani oʻz xulosalariga shubhalantirish orqali amalga oshiriladi.
Propagandaning vazifasi muayyan qarashni tarqatish boʻlsa, gazlaytingning asosiy maqsadi — insonda «haqiqatni aniqlashning imkoni yoʻq» degan hisni shakllantirishdir. Shu sababli u baʼzan «kognitiv noaniqlikni boshqarish texnologiyasi» deb ham ataladi.
Gazlayting, propaganda va dezinformatsiya oʻrtasidagi farq
Ushbu tushunchalar bir-biriga yaqin boʻlsa-da, vazifalari bilan farq qiladi.
Propaganda — muayyan gʻoyalar, qadriyatlar va siyosiy qarashlarni tizimli ravishda tarqatish jarayoni.
Dezinformatsiya — ataylab yolgʻon yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumot tarqatish.
Manipulyatsiya — inson qarorlariga yashirin psixologik taʼsir koʻrsatish.
Gazlayting esa - axborot mazmunidan koʻra insonning oʻz idrokiga ishonchini zaiflashtirishga qaratilgan.
Masalan, propaganda - «Voqea shunday sodir boʻlgan» deydi. Dezinformatsiya - soxta fakt yaratadi. Gazlaytingda esa «Siz voqeani notoʻgʻri tushungansiz» degan shubhani shakllantiradi. Shu orqali insonning voqelikni mustaqil tahlil qilish qobiliyati susayadi.
Siyosiy gazlaytingning psixologik mexanizmlari
Siyosiy gazlayting inson tafakkurining kognitiv xususiyatlaridan foydalanadi. Inson axborot haddan tashqari koʻpaygan sharoitda barcha maʼlumotlarni chuqur tahlil qila olmaydi va koʻpincha soddalashtirilgan xulosalar, hissiy baholar yoki ishonchli koʻringan manbalarga tayanadi.
Gazlayting quyidagi psixologik mexanizmlar orqali samarali ishlaydi:
1. Takrorlash effekti. Bir xil fikr yoki daʼvoning koʻp marta takrorlanishi uning haqiqatga yaqindek qabul qilinishiga olib kelishi mumkin. Insonlar tanish axborotni koʻpincha ishonchliroq deb baholaydilar. Masalan, natsistlar Germaniyasining bosh targʻibotchisi Yozef Gebbelsga nisbat beriladigan mashhur iborada aytilganidek: «Ming marta takrorlangan yolgʻon haqiqatga aylanadi».
2. Kognitiv dissonans. Yangi maʼlumot insonning mavjud ishonchlariga zid kelganda, u ichki psixologik noqulaylikni his qiladi. Bunday holatda koʻpchilik oʻz qarashlarini oʻzgartirishdan koʻra, ularga mos keladigan talqinni qabul qilishga moyil boʻladi.
3. Obroʻli shaxs (avtoritet) effekti. Odamlar mashhur shaxslar, siyosiy liderlar yoki tan olingan ekspertlarning fikriga dalillardan qatʼi nazar koʻproq ishonishi mumkin.
4. Axborot ortiqchaligi. Koʻp miqdordagi zid xabarlar insonning tekshirish qobiliyatini susaytiradi. Natijada u ishonchli va ishonchsiz maʼlumotlarni ajratishda qiynaladi.
Shu sababli gazlayting koʻpincha bitta katta yolgʻonga emas, balki koʻplab kichik qarama-qarshiliklar yaratishga asoslanadi. Bu jamiyatda doimiy noaniqlik hissini shakllantiradi.
Siyosiy gazlayting mexanizmlari va qoʻllash usullari
Zamonaviy siyosiy kommunikatsiyada gazlayting odatda propaganda, media strategiyalar va raqamli axborot texnologiyalari bilan birgalikda qoʻllaniladi. Uning asosiy maqsadi — auditoriyaning axborotni mustaqil baholash qobiliyatiga taʼsir qilishdir. Bu borada keng tarqalgan usullar:
1. Faktlarni inkor etish. Hatto yetarli dalillar mavjud boʻlgan holatlarda ham voqea yoki uning ahamiyati rad etiladi. Buning maqsadi odamlarni maʼlum bir yolgʻonga ishontirish emas, balki «haqiqatni bilib boʻlmaydi» degan tasavvurni paydo qilishdir.
2. Talqinlarni doimiy oʻzgartirish. Bir voqeaga nisbatan turli, hatto bir-biriga zid tushuntirishlar beriladi. Natijada auditoriya qaysi maʼlumotga ishonish kerakligini anglashda qiynaladi.
3. Aybni boshqa tomonga yoʻnaltirish. Muammoning mohiyati muhokama qilinishi oʻrniga eʼtibor raqiblar, tanqidchilar yoki boshqa guruhlarga qaratiladi. Bu orqali asosiy masala ikkinchi darajaga tushiriladi.
4. Axborot manbalarini obroʻsizlantirish. Maʼlumotning oʻzi tahlil qilinmasdan, uni tarqatgan shaxs yoki tashkilotga qarshi hujum qilinadi. Natijada auditoriya har qanday mustaqil manbaga shubha bilan qaray boshlaydi.
5. Axborot shovqini yaratish. Koʻp sonli qarama-qarshi xabarlarni tez tarqatish orqali muhim voqealarni ajratish qiyinlashtiriladi. Bu usul «yolgʻonlar oqimi» (Firehose of Falsehood) modeli sifatida ham oʻrganilgan.
6. Hissiy taʼsirdan foydalanish. Qoʻrquv, gʻazab, tahdid hissi va guruhiy mansublik tuygʻusi insonning ratsional tahlilini zaiflashtirishi mumkin. Masalan, iqtisodiy muammolar haqida ochiq tahlil oʻrniga «tashqi dushmanlar aybdor», «faqat biz himoya qila olamiz» kabi xabarlar tarqatilishi mumkin. Bunda maqsad muammoni hal qilish emas, balki hissiy reaksiya uygʻotish boʻladi.
7. Asosiy muammodan chalgʻitish. Siyosiy kommunikatsiyada baʼzan jamoatchilik diqqati muhim masalalardan ikkinchi darajali, ammo hissiy jihatdan kuchli mavzularga buriladi. Bu jarayon kun tartibini boshqarish (agenda-setting) bilan bogʻliq. Biroq har qanday chalgʻitish gazlayting emas. Gazlayting boʻlishi uchun insonlarni oʻz kuzatuvlari va baholariga shubhalantirish elementi mavjud boʻlishi kerak.
Masalan, jamiyatda korrupsiya, ishsizlik yoki iqtisodiy qiyinchiliklar muhokama qilinayotganda eʼtibor tashqi tahdidlar yoki ramziy mojarolarga burilishi mumkin. Agar shu bilan birga «muammo aslida yoʻq», «bu haqda gapirayotganlar dushman» kabi xabarlar tarqatilsa, bu gazlayting elementlariga yaqinlashadi. Gazlaytingning asosiy xavfi yolgʻon maʼlumotning oʻzi emas, balki jamiyatning haqiqatni aniqlash mezonlarini zaiflashtirishidadir.
Tarixiy xotiraga taʼsir qilish ham gazlayting elementlaridan biri boʻlishi mumkin. Masalan, Sovet Ittifoqida siyosiy maqsadlar uchun ayrim shaxslar haqidagi maʼlumotlarni yoʻq qilish, arxiv va rasmlarni oʻzgartirish holatlari kuzatilgan. Bu orqali oʻtmish haqidagi jamoaviy tasavvurni boshqarishga harakat qilingan. Psixiatr Ariel Reznik-Martovning yozishicha, SSSR tarixini butunlay gazlaytingga misol, deb aytish mumkin.
Masalan qonxoʻr va zolim SSSR yetakchisi Iosif Stalin davrida qaysi rahbar reperessiyaga uchrab, otib oʻldirilsa yoki qamoqqa tashlansa, uning suratlari darhol arxivdagi surat va manbalardan oʻchirilgan. Xalqqa esa bunday dushman Stalinga doʻst boʻlmagan, u bilan birga suratga tushmagan, deya uqdirilgan.
Quyidagi suratda Stalin bilan kommunistik rejimning uch muhim amaldorlari suratga tushgan. Ammo bosqichma bosqich, vaqtlar oʻtishi bilan, ular guruh suratidan oʻchirib borilgan va oxirida Stalinning oʻzi yolgʻiz qolgan:

Bu jarayonlarda matbuot tizimlari qoshidagi rasmiy senzura apparati, maxsus xizmatlar va boshqa tizimlar masʼuliyatli maqomda turgan.
Bunday jarayon – tarixni va xalq xotirasini oʻzgartirishga urinish Jorj Oruellning 1984 asarida ham oʻz aksini topgan.
Yaʼni nafaqat bugungi voqealik hokimiyat manfaatlariga mos ravishda buzib, notoʻgʻri tasvirlangan, balki oʻtmish ham buzib yozilgan. “Bu avvaldan shunday edi” deya xalqqa uqdirilgan.
Raqamli media va ijtimoiy tarmoqlarning roli
Raqamli texnologiyalar siyosiy gazlayting imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Anʼanaviy OAVdan farqli ravishda ijtimoiy tarmoqlar axborotni juda tez tarqatish va katta auditoriyaga yetkazish imkonini beradi.
Platforma algoritmlari koʻpincha foydalanuvchilarning qiziqishi va faolligini oshiradigan kontentni ustun qoʻyadi. Shu sababli hissiy, ziddiyatli va bahsli xabarlar tahliliy materiallarga qaraganda kengroq tarqalishi mumkin.
Bu jarayonda «aks-sado xonalari» (echo chambers) va «axborot pufaklari» (filter bubbles) muhim rol oʻynaydi. Insonlar koʻpincha oʻz qarashlariga mos axborot muhitida qolib ketadi va muqobil fikrlar bilan kamroq toʻqnashadi.
Axborot oqimining tezligi ham gazlayting uchun qulay sharoit yaratadi. Yangi xabarlar doimiy ravishda paydo boʻlib turgani sababli jamiyat koʻpincha avvalgi maʼlumotlarni tekshirib ulgurmaydi.
Shuningdek, generativ sunʼiy intellekt va dipfeyk texnologiyalari haqiqiyga oʻxshash tasvir, audio va videolar yaratish imkonini berib, axborot ishonchliligini baholashni qiyinlashtirmoqda.
Biroq sunʼiy intellektning oʻzi gazlayting vositasi emas. U manipulyativ kontent yaratish uchun ham, uni aniqlash va faktlarni tekshirish uchun ham ishlatilishi mumkin.
Xulosa
Siyosiy gazlayting raqamli davrdagi eng murakkab axborot-psixologik taʼsir texnologiyalaridan biri hisoblanadi. Uning maqsadi faqat yolgʻon maʼlumot tarqatish emas, balki insonlarning faktlar, ekspertlar va oʻz xulosalariga boʻlgan ishonchini zaiflashtirishdir.
Unga qarshi samarali kurashish uchun yolgʻon xabarlarni fosh qilishning oʻzi yetarli emas. Jamiyatda ishonchli axborot manbalari, tanqidiy fikrlash va ochiq muloqot madaniyatini rivojlantirish zarur.
Va bir haqiqatni yodda tutish lozim - axborot asrida haqiqat uchun kurash - bu nafaqat maʼlumot mazmuni uchun, balki insonning voqelikni mustaqil anglash qobiliyatini saqlab qolish uchun ham kurashdir.
Abulfayz Sayidasqarov
