Yevropaga Rossiya oʻrnini bosish taklifi: Boku tarixiy imkoniyatdan foydalana oladimi?
Boku Yevropa davlatlariga Rossiya nefti va gazi oʻrniga Ozarbayjon energetika resurslarini yetkazib berishni koʻpaytirishni taklif etib, amalda qitʼa energetika bozoridagi kuchlar muvozanatini oʻzgartirish niyatini bildirdi. Biroq asosiy savol Yevropa Ozarbayjondan koʻproq neft va gaz sotib olishga tayyormi, degan masala emas. Eng muhim savol — Ozarbayjonning oʻzi bu hajmdagi yetkazib berishni taʼminlay oladimi?

Yaqin-yaqingacha Ozarbayjon Yevropa uchun asosiy energiya resurslari yetkazib beruvchilaridan biriga aylanishi – afsonadek tuyular edi. Biroq mamlakat prezidenti Ilhom Aliyevning Germaniyaga davlat tashrifi hamda neft va gaz eksportini sezilarli darajada oshirishga tayyor ekani haqidagi bayonoti Yevroosiyo energetika xaritasida yangi bosqich boshlanayotganini koʻrsatdi.
Rossiya eksport oqimlarini Sharqqa yoʻnaltirayotgan, Yevropa esa energetik xavfsizlik tizimini shiddat bilan qayta qurishga kirishgan bir paytda, rasmiy Boku tarixiy imkoniyatdan foydalanib, oʻzining geografik joylashuvini asosiy geosiyosiy kapitalga aylantirishga intilmoqda.
Ammo Ozarbayjon haqiqatan ham oʻyin qoidalarini oʻzgartira oladimi? Yoki uning ambitsiyalari hozircha real imkoniyatlariga muvofiq emasmi?
Tabiat boʻshliqni yoqtirmaydi!
Jahon energetikasida inqiloblar kamdan-kam sodir boʻladi. Koʻpincha katta oʻzgarishlar inqirozlar, siyosiy qarorlar va iqtisodiy murosalar zanjiri orqali bosqichma-bosqich roʻy beradi. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning 21–22 iyul kunlari Germaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ham ana shunday muhim pallalardan biri boʻldi. Bir qarashda oddiy diplomatik bayonotlar ortida ancha keng qamrovli geoiqtisodiy jarayonlar namoyon boʻlmoqda.
Boku Yevropa davlatlariga Rossiya nefti va gazi oʻrniga ozarbayjon energetika resurslarini yetkazib berishni koʻpaytirishni taklif etib, amalda qitʼa energetika bozoridagi kuchlar muvozanatini oʻzgartirish niyatini bildirdi. Biroq asosiy savol Yevropa Ozarbayjondan koʻproq neft va gaz sotib olishga tayyormi, degan masala emas. Eng muhim savol — Ozarbayjonning oʻzi bu hajmdagi yetkazib berishni taʼminlay oladimi?
Taʼkidlash joizki, soʻnggi toʻrt yil ichida Yevropa energetika siyosati oldingi 30 yilga nisbatan ancha keskin oʻzgardi. 2022 yilgacha Rossiya Yevropa Ittifoqiga tabiiy gaz yetkazib beruvchi eng yirik tashqi hamkor boʻlib, importning qariyb 40 foizini taʼminlar edi. Shuningdek, u neft bozorida ham yetakchi oʻrinni egallab kelgan.
Keng koʻlamli sanksiyalar qarama-qarshiligi boshlanganidan keyin rasmiy Bryussel importni jadal diversifikatsiya qilishga kirishdi. Rossiya resurslari oʻrnini Norvegiya, AQSh, Qatar, Jazoir va Ozarbayjondan kelayotgan energoresurslar bilan toʻldirishga harakat qildi.
Biroq diversifikatsiya siyosiy bayonotlarga qaraganda ancha murakkab jarayon ekani maʼlum boʻldi. Yevropa bir yirik yetkazib beruvchini bir nechta oʻrtacha eksportchilar bilan almashtirish texnik jihatdan mumkinligini, ammo iqtisodiy tomondan qimmat va infratuzilma nuqtai nazaridan juda murakkab ekanini anglab yetdi. Shu sababli Aliyevning Berlinga tashrifi ayni muddao boʻldi.
Iqtisodiy hisobga asoslangan siyosiy bayonot
Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan oʻtkazilgan qoʻshma matbuot anjumanida Ozarbayjon prezidenti Rossiya endi anʼanaviy hamkorlarini neft va gaz bilan avvalgidek toʻliq taʼminlash imkoniyatiga ega emasligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, agar Yevropa banklari neft-gaz hamda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni qayta tiklasa, Boku Yevropa bozoriga eksport hajmini sezilarli darajada oshirishga tayyor.
Bu bayonot bir vaqtning oʻzida bir nechta manzilga qaratilgan.
Birinchisi — Rossiya taʼminotiga ishonchli muqobil izlayotgan Yevropa hukumatlari.
Ikkinchisi — iqlim siyosati doirasida uglevodorod qazib chiqarishga oid yangi loyihalarni kreditlashni deyarli toʻxtatgan Yevropa Ittifoqining yirik moliyaviy institutlari.
Uchinchisi — Kaspiy mintaqasini yana uzoq muddatli investitsiyalar uchun eng istiqbolli hududlardan biri sifatida koʻrayotgan xalqaro energetika kompaniyalari.
Boshqacha aytganda, Aliyev Yevropaga faqat qoʻshimcha gaz hajmini emas, balki hamkorlikning yangi modelini taklif qildi. Bu modelda Yevropa Ittifoqining energetik xavfsizligi toʻgʻridan-toʻgʻri Ozarbayjonga sarmoya kiritishga tayyorlik darajasiga bogʻliq boʻladi.
Rossiyaga qarshi daʼvolar qanchalik asosli?
Ozarbayjon rahbari Rossiyaning eksport salohiyati pasayishini Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlariga muntazam zarbalari bilan izohladi.
Aslida bu iqtisodiy urushning yangi shaklidir. Soʻnggi ikki yil ichida Rossiyaning oʻnlab neftni qayta ishlash korxonalari hujumlarga uchradi. Bu ayrim hollarda yoqilgʻini qayta ishlash hajmining qisqarishiga va ichki neft mahsulotlari bozorida keskinlik yuzaga kelishiga sabab boʻldi.
Biroq neftni qayta ishlash bilan uni qazib olish oʻrtasida tub farq mavjud. Hatto ayrim neftni qayta ishlash zavodlari faoliyatida jiddiy uzilishlar yuz bergan taqdirda ham, bu avtomatik ravishda neft qazib chiqarish hajmining kamayishi yoki eksport salohiyatining butunlay yoʻqolishini anglatmaydi.
Statistika maʼlumotlari ikki mamlakat oʻrtasidagi farq koʻlamini yaqqol namoyon etadi. 2025 yilda Rossiya 511,5 million tonna neft qazib chiqarib, shundan 238 million tonnasini eksport qildi. Bu davrda Ozarbayjon 27,6 million tonna neft qazib chiqarib, 10,5 million tonnasini eksport qildi.
Hatto Yevropaga yetkazib berish hajmi keskin qisqarganidan keyin ham, Rossiya Yevropa isteʼmolchilariga taxminan 25 million tonna neft sotdi. Bu Ozarbayjonning umumiy neft eksportidan ikki baravardan ham koʻp deganidir. Bu raqamlar Bokuning Rossiya oʻrnini toʻliq egallay olmasligini koʻrsatadi.
Ammo aslida Ozarbayjon bunday maqsadni ham koʻzlamayapti. Gap Rossiya oʻrnini egallash haqida emas, balki bozorni qayta taqsimlash haqida ketyapti.
Aliyevning bayonotlarini, avvalo, siyosiy signal sifatida qabul qilish lozim. Ozarbayjon Rossiyaning eng yirik eksportchi sifatidagi oʻrniga daʼvogarlik qilayotgani yoʻq. U Yevropaning yangi energetik xavfsizlik tizimida asosiy yetkazib beruvchilardan biriga aylanishni maqsad qilmoqda.
Bryussel uchun esa bu ikki mutlaqo turlicha vazifadir. Bugungi kunda Yevropa strategiyasi yangi monopolistni izlashga emas, balki taʼminot manbalarini maksimal darajada diversifikatsiya qilishga asoslangan. Gaz va neftni yetkazib berishning mustaqil yoʻnalishlari qanchalik koʻp boʻlsa, siyosiy xavflar ham shunchalik kamayadi. Aynan shu sababli Ozarbayjon eksport qilayotgan nisbatan kichik hajmlar ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Ozarbayjonning asosiy boyligi — neft emas, geografiya
Zamonaviy energetikaning oʻziga xos paradoksi shundaki, davlatning ahamiyati endi faqat qazib olinayotgan resurslar hajmi bilan emas, balki uning geografik joylashuvi bilan ham belgilanadi.
Ozarbayjon Janubiy gaz yoʻlagining markaziy boʻgʻini hisoblanadi. Bu Kaspiy mintaqasini Rossiya hududini chetlab oʻtib, toʻgʻridan-toʻgʻri Yevropa bilan bogʻlaydigan yagona yirik quvur tizimidir.
Ozarbayjon orqali Janubiy Kavkaz gaz quvuri, Trans-Anadolu gaz quvuri (TANAP) hamda Trans-Adriatika gaz quvuri (TAP) oʻtadi. Mazkur yoʻnalishlar Kaspiydagi gaz konlarini Turkiya, Gretsiya, Bolgariya, Italiya va Janubiy Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan bogʻlaydi. Shu bilan birga, respublika Xitoy, Markaziy Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi Oʻrta yoʻlakning ham eng muhim boʻgʻinlaridan biriga aylanmoqda. Shu tariqa, Boku asta-sekin Yevroosiyoning eng muhim logistika markazlaridan biriga aylanib bormoqda.
Jiddiy cheklovlar ham mavjud
Siyosiy optimizmga qaramay, Ozarbayjonning imkoniyatlari cheksiz emas. Mamlakatning eng yirik gaz koni boʻlmish «Shoh Dengiz» hozircha eksport salohiyatining asosini tashkil etadi. Biroq eksportni jiddiy oshirish uchun yangi loyihalarni amalga oshirish talab etiladi. Bundan tashqari, mavjud infratuzilma ham oʻz oʻtkazish quvvati chegarasiga yaqinlashib qolgan.
Taʼminotni sezilarli darajada koʻpaytirish uchun faqat siyosiy xohishning oʻzi kifoya qilmaydi. Turkiya hududi orqali oʻtuvchi Trans-Anadolu gaz quvuri (TANAP) hamda Ozarbayjon gazini Janubiy Yevropa mamlakatlariga yetkazib beruvchi Trans-Adriatika gaz quvuri (TAP) quvvatini kengaytirish, yangi kompressor stansiyalarini qurish va qoʻshimcha konlarni oʻzlashtirish talab etiladi.
Bu loyihalarni amalga oshirish uchun bir necha milliard dollar investitsiya zarur boʻladi. Shuning uchun ham Aliyev Yevropa banklariga qayta-qayta murojaat qilmoqda. Tashqi moliyalashtirishsiz Ozarbayjon eksport hajmini tez surʼatlarda oshira olmaydi.
Yevropadagi ichki ziddiyat
Bu yerda zamonaviy Yevropa siyosatining eng katta qarama-qarshiliklaridan biri namoyon boʻladi.
Bir tomondan, Bryussel doʻst davlatlardan gaz importini kengaytirishdan manfaatdor.
Ikkinchi tomondan esa, Yevropa Ittifoqi iqlim neytralligiga erishish maqsadida qazilma yoqilgʻi qazib chiqarish bilan bogʻliq loyihalarni moliyalashtirishni izchil cheklab kelmoqda.
Natijada oʻziga xos paradoks yuzaga kelmoqda. Yevropa kamida keyingi oʻn yillikning oʻrtasigacha qoʻshimcha gaz hajmiga muhtoj. Ammo moliyaviy siyosat aynan shu taʼminotni taʼminlaydigan infratuzilmani barpo etishga toʻsqinlik qilmoqda. Aslida, Ozarbayjon bugun aynan shu ziddiyatga eʼtibor qaratmoqda.
Moskva jim qarab turmadi
Rossiya rasmiylari Aliyevning bayonotlarini milliy manfaatlarni ilgari surishga qaratilgan harakat sifatida baholayotgan boʻlsa-da, Moskva bilan Boku oʻrtasidagi energetik raqobat kelgusida yanada kuchayishi aniq.
Bu yerda gap qazib chiqarish hajmi uchun emas, balki Yevropa bozori uchun kurash haqida ketmoqda.
Rossiyada Ozarbayjonning Yevropa bilan yaqinlashuviga nisbatan munosabatlar ham bildirildi.
Xususan, Rossiya Davlat Dumasi deputati Aleksandr Tolmachev «Ozarbayjon Armaniston yoʻlidan borishga qaror qildi. Ammo Rossiyadan uzoqlashish va Yevropa bilan yaqinlashish siyosati hech kimga muvaffaqiyat keltirmagan», — dedi. Deputatning taʼkidlashicha, Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlik qilish - yomon narsa emas. Biroq muammo shundaki, «yangi doʻstlar» asosiy shart sifatida Rossiya bilan aloqalarni uzishni talab qilmoqda, goʻyoki.
Ayni paytda esa, Rossiya eksportni Osiyo bozoriga, birinchi navbatda Xitoy va Hindistonga qayta yoʻnaltirishda davom etyapti. Biroq Yevropa bozori hanuzgacha dunyodagi eng yuqori toʻlov qobiliyatiga ega bozorlardan biri boʻlib qolmoqda. Shu bois, hatto Ozarbayjon taʼminotining nisbatan kichik oʻsishi ham nafaqat iqtisodiy, balki muhim siyosiy ahamiyatga ega.
Yana kimlar Rossiya oʻrnini bosish uchun daʼvogar?
2022 yildan keyin Yevropa amalda Rossiya egallab turgan bozor ulushi uchun tanlov eʼlon qildi. Biroq daʼvogarlar kutilgandan ham koʻp boʻlib chiqdi. Bugungi kunda bir vaqtning oʻzida bir nechta yirik energetika markazlari oʻzaro raqobat qilmoqda.
AQSh
Soʻnggi toʻrt yilning eng katta gʻolibi — AQSh boʻldi. Amerika suyultirilgan tabiiy gazi bugun Yevropa bozorida yetakchi oʻrinlardan birini egallamoqda. Uning asosiy afzalliklari - ulkan gaz qazib chiqarish hajmi, rivojlangan texnologiyalar hamda Vashingtonning kuchli siyosiy qoʻllab-quvvatlashida namoyon boʻladi. Biroq bir muhim kamchilik ham bor. Amerika gazi quvur orqali yetkaziladigan gazga nisbatan qimmatroq. Shu sababli Yevropa sanoati hali ham arzonroq muqobil manbalarni izlashda davom etmoqda.
Norvegiya
Bugungi kunda Norvegiya amalda Yevropaning eng yirik quvur orqali gaz yetkazib beruvchisiga aylangan. Biroq bu yerda ham muammo mavjud. Mamlakatdagi koʻplab konlar oʻzlashtirishning deyarli oxirgi bosqichiga yetgan. Shuning uchun qazib chiqarish hajmini keskin oshirish imkoniyati deyarli yoʻq. Norvegiya mavjud hajmlarni saqlab qolishi mumkin. Ammo Rossiya oʻrnini toʻliq egallay olmaydi.
Qatar
Qatar suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmini faol ravishda oshirmoqda. Masalan, North Field loyihasi joriy oʻn yillikning ikkinchi yarmida eksportni sezilarli darajada koʻpaytirishi kutilmoqda.
Biroq Qatar gazi faqat Yevropaga emas, balki Xitoy, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreyaga ham yetkazib beriladi. Demak, Yevropa bu resurs uchun Osiyo davlatlari bilan raqobatlashmoqda.
Jazoir
Jazoir Yevropaga eng yaqin gaz yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Biroq bu yerda ham doimiy muammolar mavjud. Siyosiy beqarorlik, ichki isteʼmolning oʻsishi va qazib chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlarining cheklanganligi shular jumlasidandir. Bu omillar eksportni sezilarli darajada kengaytirishga toʻsqinlik qilmoqda.
Turkmaniston
Turkmaniston, ehtimol, eng kam baholanayotgan mamlakatdir. Gaz zaxiralari boʻyicha u dunyodagi yetakchi davlatlar qatoriga kiradi. Biroq asosiy muammo oʻzgarmagan — Yevropa bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlovchi marshrut yoʻq.
Misol uchun, Transkaspiy gaz quvuri qariyb oʻttiz yildan beri muhokama qilib kelinmoqda. Ammo siyosiy kelishmovchiliklar hamda loyihaning juda yuqori qiymati tufayli qurilish haligacha boshlangani yoʻq.
Qozogʻiston
Qozogʻiston neft eksportini izchil ravishda oshirmoqda. Biroq eksport marshrutlarining aksariyati hali ham Rossiya infratuzilmasi orqali oʻtadi. Shuning uchun Ostona ham Ozarbayjon orqali oʻtuvchi Oʻrta yoʻlakni rivojlantirishdan manfaatdor. Shu maʼnoda, Qozogʻiston neft eksportining oʻsishi ham avtomatik ravishda Ozarbayjonning geoiqtisodiy ahamiyatini oshiradi.
Nega Boku aynan hozir bunday bayonot bermoqda?
Yana besh yil avval bunday bayonot ortiqcha jasoratli tuyular edi. Bugun esa vaziyat tubdan oʻzgardi. Bir vaqtning oʻzida bir nechta omillar mos keldi.
Birinchidan, Rossiya eksport oqimlarini Sharqqa qayta yoʻnaltirmoqda.
Ikkinchidan, Yevropa yangi energiya yetkazib beruvchilarini izlamoqda.
Uchinchidan, Oʻrta yoʻlak Osiyo bilan Yevropa oʻrtasidagi eng muhim savdo yoʻnalishlaridan biriga aylanib bormoqda.
Toʻrtinchidan, Qorabogʻ ustidan nazoratni toʻliq tiklaganidan keyin Ozarbayjonning ichki siyosiy barqarorligi ancha mustahkamlandi va mamlakat bu muvaffaqiyatni tashqi siyosatda ham kapitallashtirishga intilayapti. Ayniqsa Rossiyani sobiq hukmdor emas, yeng hamkor sifatida qarayapti.
Aliyevning Ukrainaning Rossiyaga yer berish ehtimoli masalasida va sovet kolonial davri haqidagi jasoratli va Moskvaga qarshi bayonotlari ham bu fikr isbotidir.
Xulosa
Sovuq urush yillarida Markaziy Osiyo atrofidagi raqobatni «Katta oʻyin» deb atashar edi. Bugun esa xuddi shunga oʻxshagan yangi jarayon boshlanmoqda.
Faqat endi kurash hududlar uchun emas, balki gaz quvurlari, dengiz portlari, suyultirilgan gaz terminallari va logistika yoʻlaklari ustida kechmoqda. Har bir yangi quvur oʻnlab yillarga yetadigan siyosiy taʼsirni anglatadi.
Shuning uchun Yevropa energetikaga emas, balki oʻz xavfsizligiga sarmoya kiritmoqda. Aynan shu sababli bugungi kunda Janubiy Kavkazga Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Fors koʻrfazi mamlakatlari tobora katta qiziqish bildirmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
