platina.uz
Maqola

Koʻrinmas front jangchilari: "Sovuq urush"ga turtki boʻlgan hodisa

1945 yil SSSRning Kanadadagi elchixonasidan yosh shifrlovchi Igor Guzenko sirli ravishda gʻoyib boʻldi. U bilan birga 109 ta maxfiy hujjat ham yoʻqoldi. Oʻsha paytda hech kim bu qogʻozlar sobiq ittifoqchilar oʻrtasidagi munosabatlarni koʻplab diplomatik inqirozlardan ham kuchliroq oʻzgartirishini tasavvur qilmagan edi. 

Koʻrinmas front jangchilari: "Sovuq urush"ga turtki boʻlgan hodisa

Baʼzan jahon urushlari oʻq uzilishidan boshlanmaydi. Baʼzan ular qoʻlida maxfiy hujjatlar toʻla jild bilan kechqurun notanish bir eshikni taqillatgan yagona insondan boshlanadi.

1945 yil 5 sentabr. Yevropada urush tugaganiga bir necha oy boʻlgan edi. Yaponiya esa atigi bir necha kun avval taslim boʻlgan. Butun dunyo insoniyat tarixidagi eng qonli urush yakunlanganini nishonlar, oldinda esa tiklanish, hamkorlik va yangi xalqaro xavfsizlik tizimi davri boshlanadi, deb umid qilardi.

Biroq aynan shu kuni Kanadaning poytaxti Ottavada yuz bergan voqea koʻplab tarixchilar tomonidan sovuq urushning ilk oʻqi sifatida baholanadi. SSSRning Kanadadagi elchixonasidan yosh shifrlovchi Igor Guzenko sirli ravishda gʻoyib boʻldi. U bilan birga 109 ta maxfiy hujjat ham yoʻqoldi. Oʻsha paytda hech kim bu qogʻozlar sobiq ittifoqchilar oʻrtasidagi munosabatlarni koʻplab diplomatik inqirozlardan ham kuchliroq oʻzgartirishini tasavvur qilmagan edi.

Oradan oʻnlab yillar oʻtgan boʻlsa-da, tarixchilar hali ham bahslashishmoqda: Guzenko qahramon edimi, xoin edimi yoki shunchaki SSSR bilan Gʻarb oʻrtasidagi ittifoq allaqachon tugaganini birinchi boʻlib anglagan inson boʻlganmi?

Ishonish qiyin hodisa

Guzenko tarixi klassik josuslik romaniga oʻxshaydi. U general emasdi. Razvedkaga rahbarlik qilmagan, mashhur shaxs ham boʻlmagan. U SSSR harbiy razvedkasi — Bosh razvedka boshqarmasi (GRU)ning shifrlovchisi sifatida Ottavadagi sovet elchixonasida xizmat qilar, har kuni uning qoʻlidan eng maxfiy telegrammalar oʻtardi.

(Maʼlumot uchun, maxsus ximatlar oʻzaro maʼlumot almashuvda axborotni shifrlab, begonalar oʻqiy olmaydigan belgilar bilan almashtirib joʻnatishadi. Shifrlovchilar esa bu xabarni oʻz tiliga oʻgirib, rahbariyatga taqdim etadi).

Guzenkoning kasbi unga deyarli hech kim koʻrishi mumkin boʻlmagan maʼlumotlarga kirish imkonini berdi. U qochishga qaror qilgan kuni esa kutilmagan voqea sodir boʻldi. Kanada hokimiyati... dastlab unga ishonmadi.

Guvohlarning xotiralari va tergov materiallariga koʻra, Guzenko bir necha soat davomida qoʻlida maxfiy hujjatlar jildi bilan shahar boʻylab yurib, amaldorlar, jurnalistlar va politsiyani oʻzini tinglashga koʻndirishga uringan. Ilk murojaatlar deyarli eʼtiborsiz qolgan. Faqat sovet elchixonasi xodimlari uni va hujjatlarni qaytarib olishga harakat qilganidan keyin Kanada hukumati voqeaning haqiqiy koʻlamini anglab, uning oilasini davlat himoyasiga oldi. Agar oʻsha kecha unga butunlay rad javobi berilganida, ehtimol sovuq urush tarixi mutlaqo boshqacha yoʻnalishda kechgan boʻlardi.

Hujjatlarda nima bor edi?

Bir qarashda ular — oddiy xizmat hujjatlari. Ammo aynan ularning mazmuni beqiyos ahamiyatga ega edi.

Hujjatlarda sovet harbiy razvedkasining hisobotlari, agentlarning ismlari, aloqa sxemalari, yollash usullari; rezidentura bilan Moskva oʻrtasidagi yozishmalar, Kanada, Britaniya va AQShdagi agentlik tarmogʻi haqidagi maʼlumotlar hamda ittifoqchilarning atom quroli dasturiga oid maʼlumotlarni qoʻlga kiritish boʻyicha materiallar boʻlgan.

Eng muhim maʼlumotlar atom quroli sirlarini olishga qaratilgan operatsiyalarga tegishli edi. Keyinchalik Manhetten loyihasi boʻyicha josuslik qilgan ayrim mashhur agentlar boshqa tekshiruvlar va VENONA loyihasi orqali ham fosh etilgan boʻlsa-da, aynan Guzenko taqdim etgan hujjatlar Gʻarb davlatlarini SSSR razvedkasi ilmiy va harbiy sirlarni tizimli ravishda qoʻlga kiritayotganiga birinchi marta ishontirdi.

Jami hisobda Guzenko 1700 sovet josuslarini fosh qilgan.

Sovet agenturasiga qarshi eng yirik ov boshlandi

Kanada hukumati maxsus Qirollik komissiyasini tuzdi. Mamlakat birinchi marta chet el razvedkasining keng qamrovli agentlik tarmogʻiga duch keldi. Shundan keyin uy tintuvlari, qamoqqa olishlar, tergovlar va sud jarayonlari boshlandi.

Tergov davomida yigirmadan ortiq kishi ishga jalb qilindi. Bir qator ayblanuvchilar davlat sirlarini oshkor qilish va josuslikka oid qonunlarni buzganlik uchun sudlandi. Ular orasida davlat xizmatchilari, olimlar, vositachilar va diplomatik muassasalar xodimlari ham bor edi.

Bu voqeaning taʼsiri Kanada bilan cheklanib qolmadi. Buyuk Britaniyada qarshi razvedka tekshiruvlari keskin kuchaytirildi. AQShda davlat sirlarini muhofaza qilish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqildi. Sovet razvedkasi ilk marta shunchalik qattiq nazoratga olindi.

Nega SSSR atom bombasi sirlarini oʻgʻirlagan?

Buning javobi maʼlum. 1945 yil avgustda Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasi tashlandi. Bu hodisa ortidan AQSh dunyodagi yagona yadroviy davlatga aylangani maʼlum boʻldi.

Kreml uchun bu katta strategik xavf edi. Shuning uchun sovet razvedkasi urush tugamasidanoq Manhetten loyihasi haqida maʼlumot yigʻishni boshlagan edi. Keyingi tadqiqotlar koʻrsatishicha, SSSRning atom dasturi mahalliy olimlar salohiyati bilan birga razvedka orqali olingan maʼlumotlar hisobiga ham tezlashgan.

Shu sababli Guzenko hujjatlari Gʻarbda shunchalik kuchli xavotir uygʻotdi. Ular avval faqat taxmin deb hisoblangan gumonlarni amalda tasdiqlab berdi. Yaʼni sovetlar Gʻarbdan atom bombasi borasidagi tayyor tadqiqot natijalarini oʻz josuslari orqali oʻgʻirlab kelgani hujjatlar bilan tasdiqlandi.

Ittifoqchilardan raqiblargacha

Yaqindagina SSSR, Britaniya va AQSh birgalikda fashizmni magʻlub etgan edilar. Biroq Guzenko materiallari oshkor boʻlganidan keyin vaziyat tez oʻzgara boshladi.

Tarixchilar bu voqeani urush davridagi hamkorlik oʻrnini oʻzaro ishonchsizlik egallaganining dastlabki belgilaridan biri deb baholaydilar. Albatta, sovuq urushning sabablari — mafkuraviy qarama-qarshiliklar, Yevropa va Osiyoda taʼsir uchun kurash, urushdan keyingi tartib masalalari va xavfsizlik boʻyicha ziddiyatlar bundan ancha keng edi. Biroq «Guzenko ishi» bu qarama-qarshilikning birinchi ommaviy isbotlaridan biri boʻldi.

Oradan bir yil oʻtib Uinston Cherchill oʻzining mashhur «Temir parda» haqidagi nutqini soʻzlaydi. Keyin Trumen doktrinasi qabul qilinadi. Keyin Marshall rejasi paydo boʻladi. Sal vaqt oʻtib Berlin inqirozi yuz beradi. NATO tashkil etiladi. Unga javob sifatida Varshava shartnomasi tashkiloti vujudga keladi.

Goʻyoki tarix oldindan yozib qoʻyilgan ssenariy boʻyicha harakatlana boshlaydi.

Panada oʻtgan hayot

Qochishdan keyin yana bir sirli hayot boshlandi. Kanada hukumati uning qanchalik muhim guvohga aylanganini yaxshi tushunardi. Shu bois Guzenko oilasiga siyosiy boshpana berildi. Yangi hujjatlar rasmiylashtirildi. Moliyaviy yordam koʻrsatildi. Hatto yangi familiya ham berildi. Koʻp yillar davomida Guzenko deyarli oʻtmishsiz inson sifatida yashadi.

Ommaviy chiqishlarida u yuzini oq kapyushon yoki niqob bilan yashirardi. Bu sovuq urush davrining eng mashhur ramzlaridan biriga aylandi. Sovet maxsus xizmatlari unga nisbatan qasos olishi yoki uni oʻgʻirlashga urinishi mumkinligi haqidagi xavotirlar asosli deb hisoblangan.

1982 yilda vafot etganidan keyin ham uning haqiqiy qabri uzoq vaqt sir saqlandi. Faqat rafiqasi vafot etgach, XXI asr boshida uning qayerga dafn etilgani maʼlum qilindi. Shu tariqa butun dunyo tarixini oʻzgartirgan insonning hayoti ham deyarli sirli tarzda yakunlandi.

Gollivud ham bu voqeani chetlab oʻtolmadi

Bu hikoya shu qadar kinematografik ediki, uni ekranga chiqarmaslikning iloji yoʻq edi. 1948 yilda «Temir parda» filmi suratga olindi.

1954 yilda esa «Qidiruv operatsiyasi» filmi katta ekranlarda namoyish etildi.

Ikkala film ham oʻz davrining ruhini — Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi kuchayib borayotgan qarama-qarshilik, josuslikdan qoʻrquv va maxfiy xizmatlarga boʻlgan katta qiziqishni aks ettiradi.

Keyinchalik ushbu voqeaga bagʻishlangan koʻplab boshqa kitoblar va hujjatli filmlar ham yaratildi. Ulardan ayrimlari arxivlar hali yopiq paytda, boshqalari esa koʻplab hujjatlar maxfiylikdan chiqarilgandan keyin yozildi. Shu sababli mualliflarning Guzenko borasidagi baholari ham turlicha boʻlgan.

Xulosa

Igor Guzenko tarixi nafaqat josuslik haqidagi hikoyadir. U bir inson taqdiri xalqaro siyosat yoʻnalishini qay darajada oʻzgartirishi mumkinligini koʻrsatadi.

Albatta, sovuq urush faqat uning qochishi tufayli boshlangan, deyish toʻgʻri emas. Uning ildizlari mafkuraviy qarama-qarshiliklar, urushdan keyingi dunyo tartibi uchun kurash, xavfsizlik va geosiyosiy raqobat kabi omillarga borib taqaladi. Biroq «Guzenko ishi» sobiq ittifoqchilar oʻrtasidagi ishonch parchalanib, razvedkalar, yadroviy qurollanish poygasi va global siyosiy raqobat davri boshlanganining eng ilk va eng taʼsirli ramzlaridan biri boʻlib qoldi.

Shu bois bu voqea hozirgacha tarixchilarni qiziqtirib keladi. Chunki bu hikoya faqat maxfiy hujjatlar, josuslar va sud jarayonlari haqida emas. Bu — bir kuni kechqurun elchixona binosidan qoʻlida papka bilan chiqib ketgan inson butun insoniyat tarixining yangi davriga eshik ochgani haqidagi hikoyadir.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid