platina.uz
Jahon

Donald Tramp 60 dan oshiq davlatlarga qarshi tariflar joriy etdi

Markaziy Osiyo davlatlari orasida yangi roʻyxatga faqat Qozogʻiston kiritilgan, Oʻzbekistonga esa cheklovlar yoʻq. 

Donald Tramp 60 dan oshiq davlatlarga qarshi tariflar joriy etdi

AQSh 25 iyuldan boshlab 60 ta davlat va iqtisodiy hududdan import qilinadigan tovarlarga 10 va 12,5 foizlik yangi boj tariflarini joriy qildi.

Vashington mazkur choralarni taʼminot zanjirlarida majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi kurash boʻyicha hamkor davlatlar saʼy-harakatlarini yetarli emas, deb baholayotgani bilan izohlamoqda.

Yangi tariflar muddati tugagan vaqtinchalik 10 foizlik import bojlari oʻrnini egalladi. Shuningdek, ular AQSh Oliy sudi avval joriy etilgan ayrim javob tariflarni bekor qilganidan keyin Donald Tramp maʼmuriyatining savdo siyosati doirasidagi ilk yirik tashabbusi boʻldi.

Boj tariflari 1974 yilgi AQSh Savdo toʻgʻrisidagi qonunining 301-moddasi asosida joriy etildi. AQSh Savdo vakili boshqarmasi (USTR) maʼlumotlariga koʻra, ular mamlakat importining taxminan 99,4 foizini qamrab oladi, biroq barcha turdagi tovarlarga tatbiq etilmaydi.

Xususan, neft va gaz, oʻgʻitlar, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, strategik ahamiyatga ega minerallar, samolyotlar va ularning butlovchi qismlari, shuningdek, avvaldan boshqa asoslar boʻyicha bojlar qoʻllanilayotgan avtomobillar, poʻlat, alyuminiy va boshqa mahsulotlar yangi tariflar doirasiga kiritilmagan.

10 foizlik tarif Kanada, Buyuk Britaniya, Hindiston, Meksika, Malayziya, Pokiston, Indoneziya, Bangladesh va yana bir qator davlatlar mahsulotlariga nisbatan qoʻllaniladi. 12,5 foizlik boj esa Xitoy, Rossiya, Vetnam hamda yana 35 ta davlat uchun belgilandi. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Shveysariya va Tayvan uchun esa amaldagi bojlar hisobga olinganda umumiy tarif yuki 10–12,5 foizni tashkil etadi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida yangi roʻyxatga faqat Qozogʻiston kiritilgan boʻlib, ushbu mamlakat mahsulotlariga nisbatan 12,5 foizlik import boji joriy etildi. Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston mazkur roʻyxatdan oʻrin olmagani bois, ularning AQShga eksportiga nisbatan yangi cheklovlar tatbiq etilmaydi.

Vashingtonning bayonot berishicha, yangi choralar majburiy mehnat yordamida ishlab chiqarilgan tovarlar importiga qarshi kurashga qaratilgan.

“Qoʻshma Shtatlar qariyb bir asrdan buyon bunday importni taqiqlab keladi va bunga amal qiladi. Savdo sheriklarimiz ham shunday yoʻl tutishining vaqti keldi”, – deya AQSh savdo vakili Jeymson Grirning soʻzlaridan iqtibos keltirgan “Reuters” agentligi.

Donald Tramp maʼmuriyatining mazkur qarori xalqaro maydonda tanqidlarga sabab boʻlmoqda. Xususan, Xitoy bir tomonlama tariflar joriy etilishiga qarshi chiqqan boʻlsa, Avstraliya, Braziliya va Norvegiya ushbu choralarni asossiz deb baholamoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid