“Adolatli, mustaqil va samarali odil sudlovning zarur shartlaridan biri sudyalar va sud tizimi xodimlari haqida gʻamxoʻrlik qilishdir” — Saida Mirziyoyeva
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 25 iyul — Xalqaro sudyalar va sud tizimi xodimlari farovonligi kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi.

Prezident Administratsiyasi rahbarining taʼkidlashicha, sud tizimi xodimlari har kuni insonlar dardi, fojiaviy taqdirlar va murakkab hayotiy vaziyatlarga duch keladilar. Sudyalar inson taqdirini hal qiluvchi qarorlar qabul qiladilar va bu bilan yuksak maʼnaviy masʼuliyatni oʻz zimmalariga oladilar.
Qayd etilishicha, sud qarorlarining adolatli boʻlishi odil sudlovga xizmat qilayotganlarning jismoniy, ruhiy va emotsional holatiga bevosita bogʻliq. Shu bois sudyalar va sud tizimi xodimlari haqida gʻamxoʻrlik qilish adolatli, mustaqil va samarali odil sudlovning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
“Yangi Oʻzbekistonda inson qadri va qonun ustuvorligi oliy qadriyat hisoblangan sud tizimini izchil barpo etmoqdamiz”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Prezident Administratsiyasi rahbari barcha sudyalar va sud tizimi xodimlariga mustahkam sogʻliq, iroda va qatʼiyat, adolat prinsiplariga doimo sodiqlik va oqilona qarorlar hamroh boʻlishini tiladi.
