10 yil ichida propiska va konvertatsiya boʻyicha murojaatlar qolmadi
Fuqarolikka qabul qilish, Haj va umra ziyorati, naqd pul va boshqalar boʻyicha murojaatlar ham keskin kamaydi.

10 yil ichida propiska va konvertatsiya boʻyicha murojaatlar deyarli qolmadi. Bu haqda Prezident Xalq qabulxonasi maʼlumotida aytiladi.
2016 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqni tinglash, odamlarning dard-u tashvishlarini chuqur oʻrganish, muammolarning asl sabablarini aniqlash va ularga tizimli yechim topishga masʼul unikal tuzilma — Prezident Xalq qabulxonalari tashkil etilgan edi.
Oʻtgan yillar davomida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan gʻoya hayotga tatbiq etildi. Aholi murojaatlarini shunchaki qabul qilish emas, balki fuqarolarni yillar davomida qiynab kelgan koʻplab masalalarni tizimli islohotlar yordamida hal etish siyosati bugun ham izchil davom etmoqda.
Bunga oddiy bir misol — valyuta ayriboshlash masalasi. 2017 yilda ushbu yoʻnalish boʻyicha Prezident Xalq qabulxonalariga 22 098 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugun bunday muammo mavjud emas.

Shuningdek, quyidagi 10 ta asosiy yoʻnalish boʻyicha murojaatlar kamaygani qayd etildi:
Propiska tizimi
Fuqarolikka qabul qilish
Pasport rasmiylashtirish
Bankomatdan naqd pul olish
Notariat tizimidan norozilik
Haj va Umra ziyorati
Afv etish va amnistiya
Internet va mobil aloqa sifati
Xorijiy davlat hujjatlarini nostrifikatsiya qilish
Pensiyani naqd pul shaklida olish.
