Prezident hokimlarni inflyatsiya boʻyicha jiddiy tanqid qildi
Viloyat hokimlari yil boshida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslikka vaʼda bergan, ammo Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovdan boshqa bironta rahbar bunga erisha olmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kuni oʻtgan videoselektor yigʻilishida hokimlarni inflyatsiya boʻyicha jiddiy tanqid qildi.
Prezidentga koʻra, viloyat hokimlari yil boshida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslikka vaʼda bergan, ammo Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovdan boshqa bironta rahbar bunga erisha olmagan.
"Inflyatsiyani jaydari tilda, ehtiyojmand aholiga nisbatan soliq degan boʻlardim. Qoʻchqorov, Ishmetov va viloyat hokimlari yanvar-iyunda inflyatsiya boʻyicha vaʼda bergan edi. Lekin Qashqadaryo va Samarqandda bu koʻrsatkich 3,6 foiz, Xorazmda 3,5 foiz, Navoiy, Fargʻonada 3,4 foizga oshdi. Mana hokimlar, sizlarning manga yozgan xatlaring. Xat yozishdan avval tahlil qilmaysizlarmi? Bunaqa odamlar oyligi nimaga ketadi, ular qachon bizdan rozi boʻladi?"-deya savol qoʻydi prezident.
Davlat rahbariga koʻra, goʻsht narxi aprel-iyun oylarida 6,8 foizga oʻsdi.
Avvalroq qoramollar soni avvalgi hisobga nisbatan 2,1 million boshga kam ekani maʼlum boʻlgandi.
Qoʻy va echkilar soni 1,5 million boshga kam chiqdi. Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari haqiqiy holatni koʻrsatib bergan.
