Qoramollar soni avvalgi hisobga nisbatan 2,1 million boshga kam ekani maʼlum boʻldi
Qoʻy va echkilar soni 1,5 million boshga kam chiqdi. Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari haqiqiy holatni koʻrsatib bergan.

Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari chorvachilikdagi haqiqiy holatni koʻrsatib berdi.
Ilgari maʼlum qilingan raqamlarga nisbatan qoramollar soni 2,1 million boshga, qoʻy va echkilar soni 1,5 million boshga kam chiqdi.
Birgina Qashqadaryo viloyatida qoramollar soni 171 ming boshga, qoʻy va echkilar 288 ming boshga kamligi aniqlangan. Bu ushbu viloyat hisobidan bozorga 50 ming tonna goʻsht va 120 million litr sut chiqmasligini anglatadi.
Chorvachilik loyihalari uchun may oyida Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan 1 trillion soʻm ajratilgan. Bunga qoʻshimcha ravishda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan yana 50 million dollar yoʻnaltiriladi.
Mazkur mablagʻlar hisobidan chorva kompleksi tashkil etishga 5 milliard soʻmgacha, naslli qoramolchilik uchun 20 milliard soʻmgacha 10 foizli kredit ajratiladi. Kreditlar 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qoʻy-echki olib kelish vazifasi qoʻyildi.
Goʻshtni samolyotda olib kelish boʻyicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi.
