Prezident: 40 millionli aholi hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy oʻsish zarur
Oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligi qatʼiy koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz raisligida joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari soʻzga chiqadigan rahbarlar faqat hisobot bilan cheklanmasdan, qanday yangi zaxiralar topgani, ularni ishga solish boʻyicha qanday tizim tashkil etayotgani va yil yakunigacha qanday natijaga erishishini aniq tushuntirishi zarurligini qayd etdi. Shuningdek, global vaziyat oʻzgarib borayotgan hozirgi sharoitda har bir rahbar qoʻshimcha ssenariylar bilan ishlashi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Yil boshidan mamlakatimiz iqtisodiyoti 8,5 foizga oʻsdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlarda 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,7 foiz oʻsish taʼminlandi.
Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetdi. Nufuzli “Fitch” va “Moodyʼs” xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pogʻona yaxshiladi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari 40 millionli aholi hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy oʻsish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.
Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish va investitsiya koʻrsatkichlari boʻyicha imkoniyatlar toʻliq ishga solinmagani koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari hozirgi global tebranishlar sharoitida viloyat, tuman va shaharlarga tadbirkorlik hamda ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun mablagʻlar koʻpaytirib berilayotganini qayd etdi.
Shu bilan birga, har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning ogʻirini yengil qilmasa, bunday natija faqat “qogʻozdagi raqam” boʻlib qolishi taʼkidlandi.
Oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligi qatʼiy koʻrsatib oʻtildi.
