Odilxon qori Ismoilov 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Jami 7 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va boshqalarda ayblangan.

Odilxon qori Ismoilov 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Pop tuman sudida O. I. (erkak, 1977 yilda Namangan viloyatida tugʻilgan, “Rayxon oilaviy milliy taomlari” taʼsischisi, muqaddam sudlanmagan) va boshqalarga oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi.
Sud hukmiga koʻra 7 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi "a" bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi "a" bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi "a" bandi va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi "a", "b" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
O. I.ga 8 yil (Jinoyat kodeksining 62-moddasiga (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi vaqtini hisobga olish qoidalari) asosan 7 yil 11 oy 28 kun) muddatga, qolgan 6 nafar sudlanuvchiga jinoiy xatti-harakatlaridan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.
Jinoyat ishi doirasida yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Namangan viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Odilxon qori shu yil yanvar oyida qoʻlga olingandi.
