Qadimgi sivilizatsiyalar siri: nega Yer yuzining turli burchaklarida odamlar bir xil piramidalarni qurgan?
Haqiqatan ham Misr piramidalari bilan Markaziy Amerikadagi mayya va atsteklar piramidalari tashqi koʻrinishidan juda oʻxshashdek tuyuladi. Ammo bu oʻxshashlik faqat birinchi qarashda shunday. Misr piramidalari asosan firʼavnlarning dafn inshootlari sifatida qurilgan. Mayya va atsteklar piramidalari esa mutlaqo boshqacha vazifani bajargan. Ular zinapoyasimon shaklda qurilib, yuqori qismida ibodatxonalar joylashgan.

«Yuzinchi maymun effekti» haqiqatan ham mavjudmi?
Tasavvur qiling: bundan bir necha ming yil avvalgi dunyo. Na sunʼiy yoʻldoshlar, na internet, na samolyotlar, na aniq geografik xaritalar mavjud. Ulkan okeanlar qitʼalarni bir-biridan ajratib turadi, odamlar esa koʻpincha boshqa xalqlar borligini ham bilmaydi. Ammo arxeologlar yana va yana hayratlanarli holatga duch kelishmoqda: Misrda Giza piramidalari osmonga boʻy choʻzgan, Meksikada mayya va atsteklarning zinapoyasimon piramidalari qad koʻtargan, Sudanda Qush podsholigiga mansub oʻnlab piramidalar saqlanib qolgan, Xitoyda esa imperatorlarning ulkan dafn majmualari tuproq ostida yashiringan. Bundan tashqari, Buyuk Toʻfon haqidagi afsonalar, osmondan tushgan xudolar toʻgʻrisidagi rivoyatlar va Quyoshga sigʻinish ramzlari deyarli barcha qadimgi sivilizatsiyalarda uchraydi.
Bu oddiy tasodifmi? Qonuniyatmi? Yoki insoniyat bir vaqtlar yagona bilim manbaiga ega boʻlganidan dalolat beradimi?
Bu savolga javob izlashga qilingan eng gʻayrioddiy urinishlardan biri «yuzinchi maymun effekti» deb ataladigan nazariya boʻldi. Qariyb yarim asrdan buyon u muqobil tarix tarafdorlari hamda akademik olimlar oʻrtasida qizgʻin bahslarga sabab boʻlib kelmoqda.
Butun dunyoga mashhur boʻlgan hikoya
XX asr oʻrtalarida yapon olimlari Kosima orolida yashovchi yapon makaklarini kuzatishar edi. Ular maymunlarga muntazam ravishda qumga belanib qoladigan shirin kartoshka tashlab berishardi. Imo ismli yosh urgʻochi maymun kutilmaganda oddiy, ammo aqlli yechim topdi — u kartoshkani yeyishdan avval dengiz suvida yuva boshladi.
Oradan koʻp oʻtmay bu usulni uning qarindoshlari, keyin boshqa yosh maymunlar ham oʻrgandi va vaqt oʻtishi bilan yangi odat butun koloniya boʻylab tarqaldi.
Eng qizigʻi bu emas. Qizigʻi shundaki, kartoshka yuvadigan maymunlar soni 100 taga yetgach, bu odat boshqa maymunlar koloniyalarida ham tarqala boshladi. Ular "ustoz" maymunlarni umrida kurmagan, ular bilan aralashmagan, bu yangi odatlarni ulardan ӯrganmagan.
Aslida, haqiqiy ilmiy kuzatuvlar shu yerda yakunlanadi.
Biroq bir necha yil oʻtgach, ushbu voqea deyarli mistik tus oldi. Mashhur boʻlib ketgan talqinga koʻra, kartoshkani yuvishni oʻrgangan maymunlar soni taxminan yuztaga yetgach, gʻayrioddiy hodisa yuz bergan. Goʻyoki boshqa orollarda yashovchi, Kosimadagi maymunlar bilan hech qachon aloqa qilmagan makaklar ham xuddi shu odatni oʻzlashtira boshlagan.
Shu tariqa bilimlar oddiy oʻrganish emas, balki qandaydir umumiy axborot maydoni orqali bir zumda tarqalishi mumkinligi haqidagi gʻoya paydo boʻldi.
Bu gʻoya keyinchalik «yuzinchi maymun effekti» nomi bilan mashhur boʻldi.
Britaniyalik yozuvchi Layall Uotsonning kitobi ushbu hikoyani butun dunyoga tanitdi. Koʻp oʻtmay u nafaqat hayvonlar, balki butun insoniyat ongi oʻrtasida qandaydir koʻrinmas bogʻlanish mavjudligining dalili sifatida keltirila boshlandi.
Ilm-fan nima deydi?
Keyinchalik tadqiqotchilar yapon olimlarining asl hisobotlarini yana bir bor sinchiklab oʻrganishdi. Maʼlum boʻlishicha, mashhur hikoyada aytilgan sensatsion voqealarning hech biri ilmiy manbalarda qayd etilmagan.
Hisobotlarda «yuzinchi maymun» degan tushuncha ham, aynan yuzta maymunga yetgach qandaydir keskin oʻzgarish sodir boʻlgani haqidagi maʼlumot ham yoʻQ. Shuningdek, boshqa orollarda yashovchi maymunlarga bu koʻnikmaning bir zumda oʻtib ketgani haqida ham hech qanday dalil keltirilmagan. Aksincha, yangi odat ijtimoiy hayvonlar orasida odatdagidek — kuzatish, taqlid qilish va bosqichma-bosqich oʻrganish orqali tarqalgan.
Boshqacha aytganda, mashhur «yuzinchi maymun effekti» koʻproq jozibali afsona boʻlib chiqdi, ilmiy jihatdan isbotlangan hodisa emas. Ammo bu umumiy axborot maydoni yoki kollektiv bilim gʻoyasi mutlaqo notoʻgʻri degani emas. Chunki tabiatda haligacha olimlarni oʻylantirib kelayotgan boshqa qiziq misollar ham mavjud.
Lazorevkalar, sut shishalari va kollektiv oʻrganish siri
«Yuzinchi maymun effekti» tarafdorlari yana bir qiziq voqeani ham oʻz nazariyalarining dalili sifatida keltiradilar.
XX asr boshlarida Buyuk Britaniyada yashovchi lazorevka qushlari kutilmaganda gʻayrioddiy qobiliyatni namoyon etdi. Har tong uylar eshigi oldiga qoldiriladigan shisha sut idishlarining karton qopqoqlarini tumshugʻi bilan teshib, ular sutning eng yogʻli qismi — qaymoqqa yetib bora boshladi.
Bu koʻnikma hayratlanarli darajada tez tarqaldi. Oradan koʻp oʻtmay mamlakatning turli hududlarida yashovchi lazorevkalar ham aynan shu usuldan foydalanayotgani kuzatildi.
Ikkinchi jahon urushi boshlangach, sut yetkazib berish tizimi deyarli toʻxtab qoldi. Bir necha yildan keyin yetkazib berish qayta tiklanganda esa bu hunarni bilgan lazorevkalarning aksariyati allaqachon nobud boʻlgan edi. Axir ularning umri odatda uch yildan oshmaydi. Shunga qaramay, oradan koʻp oʻtmay yangi avlod lazorevkalari yana shisha idishlarni ochib, qaymoqni yeya boshladi. Bir qarashda bu haqiqatan ham sirli hodisa boʻlib koʻrinadi.
Biroq ornitologlar bunga ancha sodda izoh topdilar. Agar turli joylardagi hayvonlar bir xil muammoga duch kelsa, ular koʻpincha bir xil yechimni topadilar. Yosh qushlar kattalarni kuzatadi, ulardan oʻrganadi va maʼlum vaqt oʻtib yangi koʻnikma yana butun populyatsiya boʻylab tarqaladi.
Shuning uchun bu voqea ham qandaydir sirli axborot maydoni mavjudligini emas, balki ijtimoiy oʻrganish jarayoni qanchalik samarali ekanini koʻrsatadi.
Nega piramidalar bir-biriga shunchalik oʻxshaydi?
Eng koʻp bahslarga sabab boʻladigan savol ham aynan shu. Haqiqatan ham Misr piramidalari bilan Markaziy Amerikadagi mayya va atsteklar piramidalari tashqi koʻrinishidan juda oʻxshashdek tuyuladi.
Ammo bu oʻxshashlik faqat birinchi qarashda shunday. Misr piramidalari asosan firʼavnlarning dafn inshootlari sifatida qurilgan. Ular silliq yon tomonlarga, murakkab ichki yoʻlaklarga va maxsus dafn xonalariga ega boʻlgan. Mayya va atsteklar piramidalari esa mutlaqo boshqacha vazifani bajargan. Ular zinapoyasimon shaklda qurilib, yuqori qismida ibodatxonalar joylashgan. Bu yerda diniy marosimlar oʻtkazilgan.
Sudan piramidalari esa Misrdagilardan ancha kichik boʻlib, yon tomonlari ancha tik va arxitekturasi ham sezilarli darajada farq qiladi. Demak, tashqi koʻrinishdagi ayrim oʻxshashliklarga qaramay, ularning maqsadi, qurilish uslubi va maʼnaviy mazmuni turlicha boʻlgan.
Nega turli xalqlar bir xil yechimga keladi?
Bu savolga javob ehtimol oʻylagandan ham soddaroq. Tasavvur qiling, siz ulkan tosh bloklardan iloji boricha baland inshoot qurmoqchisiz. Ammo sizda na temir-beton, na poʻlat konstruksiyalar, na zamonaviy qurilish texnikasi bor. Qaysi shakl eng mustahkam boʻladi? Albatta, piramida.
Keng asos ogʻirlikni teng taqsimlaydi, yuqoriga koʻtarilgan sari qatorlar kichrayib boradi va butun inshoot oʻz ogʻirligini oson koʻtara oladi. Aslida, bunday yechimni insonga fizika qonunlarining oʻzi «taklif qiladi». Shu sababli arxeologlar «mustaqil kashfiyot» yoki «mustaqil rivojlanish» degan tushunchadan foydalanadilar.
Bu nazariyaga koʻra, bir-biridan mutlaqo bexabar xalqlar bir xil muammolarga duch kelganda, koʻpincha bir xil yechimlarni topadilar. Bu faqat piramidalargagina tegishli emas. Dehqonchilik, sugʻorish tizimlari, kulolchilik, taqvimlar, metallga ishlov berish, yozuv tizimlari kabi koʻplab ixtirolar ham turli mintaqalarda deyarli bir vaqtning oʻzida paydo boʻlgan. Bu esa har doim ham yagona sivilizatsiya yoki umumiy bilim manbai mavjud boʻlganini anglatmaydi. Koʻp hollarda bunday rivojlanishga inson ehtiyojlari, tabiiy muhit va hayot sharoitlari sabab boʻlgan.
Qadimgi xalqlar baribir oʻzaro aloqada boʻlganmi?
Bu ham jiddiy muhokama qilinadigan gipotezalardan biridir.
Bugungi kunda olimlar qadimgi insonlar avval oʻylanganidan ancha uzoq masofalarga safar qilganini inkor etmaydilar. Savdo yoʻllari Misrni Mesopotamiya bilan, Hind vodiysini Fors koʻrfazi bilan, Xitoyni esa Markaziy Osiyo bilan bogʻlab turgan.
Baʼzi tadqiqotchilar hatto ayrim dengiz sayohatchilari juda uzoq qirgʻoqlargacha yetib borgan boʻlishi mumkinligini ham istisno qilmaydilar. Shu bilan birga, qadimgi Misr va Markaziy Amerika sivilizatsiyalarining muntazam aloqada boʻlganini tasdiqlaydigan ishonchli arxeologik dalillar hozircha topilmagan. Shu sababli tarixchilarning aksariyati hali ham sivilizatsiyalar mustaqil ravishda rivojlangan, degan nuqtai nazarni eng ishonchli tushuntirish deb hisoblaydi.
Kollektiv ongsizlik: yana bir qiziq nazariya
Qizigʻi shundaki, butun insoniyat uchun umumiy boʻlgan qandaydir maʼnaviy makon haqidagi gʻoya faqat muqobil tarix tarafdorlarigagina xos emas. Shveysariyalik mashhur psixiatr Karl Gustav Yung «kollektiv ixtiyorsiz ong» nazariyasini ilgari surgan.
Uning fikricha, insoniyat tafakkurida barcha xalqlar uchun umumiy boʻlgan arxetiplar — qadimiy timsollar va obrazlar mavjud. Shuning uchun ham turli xalqlarning afsona va rivoyatlarida bir-biriga oʻxshash qahramonlar, Dunyo daraxti, Buyuk Toʻfon, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurash, osmondan tushgan qahramonlar kabi syujetlar qayta-qayta uchraydi.
Biroq Yung nazariyasi psixologiya sohasiga taalluqli boʻlib, u meʼmorchilik, muhandislik yoki texnologik bilimlarning qanday tarqalganini tushuntirmaydi. Boshqacha aytganda, u inson ongidagi umumiy ramzlarni izohlaydi, ammo piramidalarni qurish texnologiyasi qanday paydo boʻlganiga javob bermaydi.
Afsona va ilm-fan oʻrtasida
«Yuzinchi maymun effekti» haqidagi hikoya ilmiy kuzatuv qanday qilib vaqt oʻtishi bilan afsonaga aylanib ketishining yorqin namunasidir. Uning asosida haqiqiy ilmiy tadqiqotlar yotadi. Biroq keyinchalik bu voqea qayta-qayta hikoya qilinishi jarayonida unga mistik va sensatsion tafsilotlar qoʻshilib borgan.
Shunga qaramay, qadimgi sivilizatsiyalar oʻrtasidagi oʻxshashliklar haqidagi savol hanuzgacha dolzarbligini yoʻqotmagan. Zamonaviy ilm-fan bu savollarga eng ishonchli javobni taklif etadi: inson qayerda yashamasin, uning ehtiyojlari oʻxshash, tabiat qonunlari esa hamma joyda bir xil. Shuning uchun turli xalqlar koʻpincha bir-biri bilan uchrashmagan holda ham oʻxshash yechimlarga kelishi mumkin.
Biroq tarix bizga yana bir muhim saboqni ham beradi. Kecha mutlaq haqiqat deb hisoblangan koʻplab nazariyalar yangi arxeologik topilmalar tufayli qayta koʻrib chiqilgan. Ehtimol, kelajakdagi yangi kashfiyotlar qadimgi sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarimizni yana oʻzgartirishi mumkin.
Hozircha esa shunday deyish mumkin: Misr, Sudan, Xitoy va Markaziy Amerika piramidalari, ehtimol, insoniyat tafakkuri bir xil muammolarga duch kelganda bir xil yechimlarni topishga qodir ekanining eng yorqin dalilidir. Balki, ular hali toʻliq ochilmagan buyuk sirning jimgina guvohlaridir. Shuning uchun ham qadimgi sivilizatsiyalar tarixi inson tafakkurini hayratga solishda va yangi avlod tadqiqotchilarini oʻziga jalb qilishda davom etaveradi.
Abulfayz Sayidasqarov
