Prezidentga yoqilgʻi-energetika sohasida murojaatlar boʻyicha axborot berildi
2026 yilning birinchi yarmida yoqilgʻi-energetika sohasiga oid 39 ming 220 ta murojaat kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 ming 820 ta yoki 26,1 foiz kam.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoqilgʻi-energetika sohasida fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularda koʻtarilgan muammolarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bartaraf etish yuzasidan axborot berildi.
Aholini elektr energiyasi va gaz bilan barqaror taʼminlashda fuqarolar murojaatlarini tahlil qilish, ular asosida joylardagi muammolarni aniqlab, manzilli choralar koʻrish muhim ahamiyatga ega.
2026 yilning birinchi yarmida yoqilgʻi-energetika sohasiga oid 39 ming 220 ta murojaat kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 ming 820 ta yoki 26,1 foiz kam.
Ularning 50 foizi tabiiy va suyultirilgan gaz, 38,3 foizi elektr taʼminoti bilan bogʻliq.
Murojaatlarda asosan suyultirilgan gaz ballonlarini toʻldirish, elektr taʼminotidagi uzilishlar, elektr tarmoqlarini qurish va taʼmirlash hamda tabiiy gaz bosimi bilan bogʻliq masalalar koʻtarilgan.
Murojaatlarning umumiy soni kamayganiga qaramay, har bir murojaatni alohida holat sifatida emas, balki muayyan hudud, tarmoq yoki xizmatdagi muammoni koʻrsatuvchi muhim signal sifatida oʻrganish zarurligi taʼkidlandi.
Kuz-qish mavsumi oldidan takroriy murojaatlar kelib tushayotgan mahalla va obʼektlarni xatlovdan oʻtkazish, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini oʻrganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha hududlar kesimida manzilli rejalar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Ayniqsa, elektr taʼminotida uzilishlar koʻp kuzatilayotgan hududlarda tarmoq va transformatorlarni taʼmirlash, avariya brigadalarining shayligini oshirish, tabiiy gaz bosimi bilan bogʻliq muammolar mavjud joylarda taʼminot barqarorligini taʼminlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlarini toʻldirish va aholiga yetkazib berish grafiklariga qatʼiy rioya qilish, ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlarda qoʻshimcha zaxira va imkoniyatlarni safarbar etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga murojaatlarda koʻtarilgan tizimli muammolarni kuz-qish mavsumi boshlanguniga qadar hal etish, bunda mahalliy hokimliklar, “mahalla yettiligi” hamda kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan birgalikda tizimli ish olib borish zarurligiga urgʻu berildi.
Mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obʼektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilgʻi resurslarini barqaror yetkazib berish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.
