platina.uz
Jamiyat

Ayrim hududlarda elektr boʻyicha majburiy cheklov joriy etildi

Oʻzbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli 16 iyul kuni 291 mln kVt soatni tashkil etib, yangi rekord qayd etildi. 

Ayrim hududlarda elektr boʻyicha majburiy cheklov joriy etildi

Iyul oyining oʻrtalarida kuzatilayotgan anomal issiq fonida elektr energiyasi isteʼmoli ham, ishlab chiqarish hajmi ham tarixiy rekord darajaga yetdi.

Xususan, Oʻzbekiston yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli 16 iyul kuni 291 mln kVt soatni tashkil etib, yangi rekord qayd etildi. Bu oʻtgan yilgi yozgi mavsumda qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkichdan 18,4 million kVt·soatga yoki 6,7 foizga koʻp.

Shuningdek, 2026 yil 16 iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord oʻrnatildi. Bu 15 iyulda qayd etilgan 291,4 mln kVt·soatlik koʻrsatkichdan 4 mln kVt·soatga yoki 1,37 foizga koʻpdir.

Anomal issiq tufayli ochiq havoda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari meʼyoriy ish haroratidan ancha yuqori darajada qiziydi. Bunga qoʻshimcha ravishda, ayniqsa kunduzgi vaqtlarda elektr energiyasi isteʼmolining keskin oshishi tarmoqlardagi yuklamani yanada kuchaytiradi.

Oddiy qilib aytganda, quyosh taʼsirida tashqaridan qizigan kabel va uskunalar bir vaqtning oʻzida minglab konditsionerlar, muzlatkichlar, sovitish uskunalari hamda boshqa elektr jihozlari ishlashi sabab ichkaridan ham qiziydi. Bu esa ularning ishdan chiqishi yoki avariyaga sabab boʻlishi xavfini oshiradi.

Shunday vaziyatlarda energotizimda yirik nosozliklarning oldini olish maqsadida dispetcherlik xizmatlari elektr uzatish tarmoqlardagi yuklamani kamaytirish choralarini koʻradi.

Jumladan, ayrim elektr uzatish tarmoqlarida yuklama kritik darajaga yaqinlashganda, uskunalarni himoya qilish maqsadida ayrim hududlar qisqa muddatga elektr taʼminotidan uzib turilishi mumkin. Bu elektr qurilmalarining ishdan chiqishi, yonib ketishi hamda taʼmirlash ishlari kunlab davom etadigan yirik avariyalarning oldini olish uchun zarur choradir.

Elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish maqsadida hududlarda tunu kun faoliyat yuritayotgan maxsus avariya brigadalari tashkil etilgan. Ular yuzaga kelayotgan nosozliklarni imkon qadar qisqa muddatda bartaraf etmoqda.

Shuningdek, energotizimda keng koʻlamli avariyalarning oldini olish maqsadida ayrim hududlarda qisqa muddatli majburiy cheklovlar joriy etilishi bugungi sharoitda muhim va zarur choradir. Ushbu vaqtinchalik noqulayliklar kelgusida yanada yirik uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Ayrim hududlardagi elektr uzatish tarmoqlarida oʻta yuklama yuzaga kelishining oldini olish maqsadida qisqa muddatli majburiy cheklov (2 soat) joriy etildi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala va Chiroqchi tumanlaridagi 1750 ta isteʼmolchi, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Zomin tumanlaridagi 1200 ta isteʼmolchi, Xorazm viloyatining Shovot, Gurlan va Qoʻshkoʻpir tumanlaridagi 1 300 ta isteʼmolchi, Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota tumanlaridagi 1000 ta isteʼmolchi vaqtincha elektr taʼminotidan uzildi.

"Elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishingizni soʻraymiz. Har birimiz qatʼiy tejamkorlikka amal qilib, zarurat boʻlmagan hollarda elektr jihozlaridan foydalanishni cheklash orqali tizimdagi ortiqcha yuklamaning, avariyalar va uzilishlarning oldini olishga munosib hissa qoʻshishimiz mumkin", deyiladi vazirlik xabarida.

Anomal issiq sharoitida ayrim tarmoqlarda yuzaga kelayotgan nosozliklar hududlarda faoliyat yuritayotgan maxsus brigadalar tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid