Toshkent viloyatida murojaatlar bilan ishlashda kamchilikka yoʻl qoʻygan 8 masʼul ishdan olindi
Davlat xizmatchilarining faoliyati va xatti-harakatlari ustidan ham koʻplab shikoyatlar kelib tushgan. Eng koʻp norozilik bildirilgan sohalar ichki ishlar va mahalla raislari faoliyatidir.

Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan Toshkent viloyatida aholi murojaatlari bilan ishlash holati oʻrganildi.
Viloyat aholisidan soʻnggi 6 oyda 40 mingta murojaat tushgan (oʻtgan yilga nisbatan 2 foizga koʻp). Ijobiy hal etish koʻrsatkichi – 36,2 foiz.
Yarim yillik yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishda viloyatning ayrim tumanlarida aholi uchun dolzarb boʻlgan elektr taʼminotidagi uzilishlar, ish haqi toʻlash, maishiy chiqindilarni olib ketish, ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolar boʻyicha murojaatlar soni respublika miqyosida eng yuqori koʻrsatkichlardan ekani qayd etildi.
Sayyor va shaxsiy qabullarni tashkil etishdagi kamchiliklar tanqid qilindi. Shu sababli mutasaddilarga murojaatlarni hududning oʻzida qabul qilish va ularni hal qilish boʻyicha choralar koʻrish, sayyor va shaxsiy qabullarni oʻz vaqtida oʻtkazish va samaradorligini oshirish, murojaatlarni ijobiy hal etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, davlat xizmatchilarining faoliyati va xatti-harakatlari ustidan ham koʻplab shikoyatlar kelib tushgan. Eng koʻp norozilik bildirilgan sohalar quyidagilardir:
Ichki ishlar xodimlari — 367 ta shikoyat
Mahalla raislari — 248 ta shikoyat
MIB (Majburiy ijro byurosi) xodimlari — 212 ta shikoyat
Sogʻliqni saqlash tizimi — 173 ta shikoyat
Taʼlim tizimi — 115 ta shikoyat
Oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan va murojaatlar bilan ishlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼullarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilgan. Xususan:
43 ta rasmiy ogohlantirish berilgan;
8 nafar masʼul lavozimidan ozod etilgan;
5 ta hayfsan berilgan;
1 ta holatda oylik ish haqidan jarima undirilgan.
Yigʻilishda tashkiliy masala ham koʻrildi. Prezident Xalq qabulxonasi boshligʻi Toshkent viloyati Xalq qabulxonasi mudiri oʻrinbosari etib tayinlangan Nasiba Kulbekovani yigʻilish ishtirokchilariga tanishtirdi.
