Navoiyda IIB tergovchisi qoʻlga olindi
U xizmat mavqeidan foydalanib, noqonuniy ravishda boylik orttirmoqchi boʻlgan.

Navoiyda IIB tergovchisiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Navoiy viloyatida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda xizmat mavqeidan foydalanib, noqonuniy ravishda boylik orttirmoqchi boʻlgan Qiziltepa tumani IIB Tergov guruhi katta tergovchisining qilmishlari fosh etildi.
Xususan, joriy yilning 1 iyul kuni Ichki ishlar organlari tomonidan telefoni xotirasida taʼqiqlangan diniy materiallar mavjud boʻlishi ehtimoli bilan 2003 y.t. fuqaroning olib qoʻyilgan iPhone 17 ProMax rusumli telefon apparatini qaytarib berish evaziga oʻzining 2 nafar vositachilari orqali 1000 AQSh dollari olgan vaqtida tergovchining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
