Mahallada ishni toʻgʻri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar lavozimdan olindi
Ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambagʻal oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmayapti. Qoraoʻzak, Marhamat, Mirishkor, Nurobod va Termiz tumanlari misolida bu boradagi sustkashliklar koʻrsatib oʻtildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish boʻyicha videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga oʻrtacha 250 milliard soʻmdan, mahallalarga esa 5,5 milliard soʻmdan mablagʻ berilganini taʼkidladi.
Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum boʻyicha vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududda qoladigan qoʻshimcha daromad 2 barobargacha koʻpaydi. Tumanlarda oʻrtacha 22 milliard soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ qoldi, mahalla byudjetiga esa oʻrtacha 150-200 million soʻm tushdi.
“Loʻnda aytganda, hududdagi masalalarni hal qilish uchun hokimda ham, mahalla raisida ham, umuman, “yettilik”ning har bir vakilida resurs va vakolat bor. Yetishmayotgan jihat – masʼuliyat va tashabbuskorlik”, – dedi Prezident.
Ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambagʻal oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmayapti. Qoraoʻzak, Marhamat, Mirishkor, Nurobod va Termiz tumanlari misolida bu boradagi sustkashliklar koʻrsatib oʻtildi.
Achinarlisi, 960 ta kambagʻal oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmagan. 883 ta mahallada esa bankirlar xonadonbay yurib, loyiha qilmagan, tadbirkorlar bilan uchrashmagan.
Shuning uchun yil boshidan mahallada ishni toʻgʻri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olindi, yana 700 nafariga intizomiy chora koʻrildi.
Mahallalarda soliq tushumlari, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish boʻyicha ham masʼullarga savollar qoʻyildi. Davlatimiz rahbari mahalla odamlar uchun chinakam “ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi” boʻlishi zarurligini taʼkidladi.
