Toshkent va Qashqadaryoda mansabdorlar pora bilan ushlandi
Muborak tumani elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi oʻrinbosari qarzni kamaytirib berish evaziga 17 mln soʻm olgan.

Toshkent va Qashqadaryoda korrupsion holatlarga chek qoʻyildi.
Davlat mulki obʼektlaridan samarali foydalanish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi mansabdor tanishlari orqali “Toshkent shahar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” DM balansidagi yer maydonidan joriy yilda foydalanishi uchun mahalliy MChJ va oʻzi faoliyat yuritayotgan boshqarma oʻrtasida ijara shartnomasini rasmiylashtirib, ijara haqini kamaytirgan holda, MChJning 2025 yildagi qarzdorligini tugatib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Muborak tumani elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi oʻrinbosari jinoyat ishlari boʻyicha mazkur tuman sudida mahalliy fuqaroga nisbatan elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanish holati boʻyicha koʻrilayotgan jinoyat ishida fuqaroviy daʼvogar boʻlgani holda, korxona manfaatlariga yetkazilgan 103 mln soʻm zararni qayta hisoblab, tanishlari orqali 34 mln soʻmga kamaytirib berganligini aytgan.
Ushbu “xizmat”i evaziga mansabdor shaxs fuqarodan 17 mln soʻm talab qilib, pullarni turmush oʻrtogʻi orqali olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
