Prezident Belarus bilan erishilgan kelishuvlar ijrosiga doir taqdimot bilan tanishdi
Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yogʻochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida umumiy qiymati 100 million dollardan ziyod boʻlgan 30 ta yangi loyiha paketi shakllantirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarusga tashrif davomida hududlararo hamkorlikni kengaytirish boʻyicha erishilgan kelishuvlar ijrosiga doir taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbaring 8-9 iyul kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi chogʻida oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, toʻqimachilik, yogʻochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni roʻyobga chiqarish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Davlatimiz rahbari ularni qisqa muddatda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish oʻrinlarini tashkil etish, tadbirkorlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini taʼkidladi.
Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan sanoat obʼektlari, davlat mulki va keng qishloq xoʻjaligi yerlari mavjud. Mamlakat hududining 40 foizini yoki 8 million gektarini qishloq xoʻjaligi maydonlari tashkil etadi.
Bu imkoniyatlar qoʻshma ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish, agrar kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish hamda fuqarolarni tashkiliy asosda ish bilan taʼminlash uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bunda Belarusda ishlash yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar roʻyxatini shakllantirib, Belarus tomoni bilan oldindan kelishib, ish joyi, yashash sharoiti, loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini hal etgan holda ularning borishini tashkil qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlik doirasida bajarilgan ishlar haqida axborot berildi.
Ikki hudud oʻrtasida “yoʻl xaritasi” tasdiqlanib, aniq tashabbuslarni roʻyobga chiqarish boshlangan. Jumladan, 255 nafar Andijon viloyati fuqarosining tashkiliy asosda Vitebskka borishi va bandligi taʼminlandi.
Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ularning har biri 200 boshdan 3 ming boshgacha qoramol parvarishlash imkoniyatiga hamda yetarli ozuqa maydonlariga ega.
“Andijon invest” kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy majmuasi negizida investitsiya hamda ijtimoiy tashabbuslarni boshlash choralari koʻrilmoqda.
Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yogʻochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida umumiy qiymati 100 million dollardan ziyod boʻlgan 30 ta yangi loyiha paketi shakllantirildi.
Xususan, Vitebsk viloyatida 3 ming bosh qoramolga moʻljallangan yirik sutchilik majmuasi, bir qator oʻrta hajmdagi chorvachilik xoʻjaliklari, yogʻochni chuqur qayta ishlash va uning chiqindilaridan pellet ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Andijon va Vitebsk viloyatlari oʻrtasida shakllangan hamkorlik modelini boshqa hududlar kesimida ham rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Fargʻona va Samarqand viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlariga biriktiriladi. Sanoat va agrar obʼektlar negizida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish hamda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha alohida “yoʻl xaritalari” tasdiqlanadi.
Har bir hududdan 30 nafardan yetakchi tadbirkorni Belarusga olib borib, mahalliy sheriklar bilan qoʻshma tashabbuslarni boshlash vazifasi qoʻyildi.
Oʻzaro savdoni jadallashtirish va yuk tashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida zamonaviy logistika infratuzilmasini barpo etish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Yil yakuniga qadar “Belarus temir yoʻllari” bilan hamkorlikda Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun maqbul tariflar asosida xizmat koʻrsatadigan intermodal logistika markazini ishga tushirish belgilandi.
Shuningdek, Belarus kompaniyalari bilan hamkorlikda ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri blok-poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyish vazifasi qoʻyildi.
Fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Birinchi bosqichda Vitebsk va boshqa hududlardagi 13 ta korxonaga 1 ming 100 nafar Oʻzbekiston fuqarosini tanlov asosida ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
Sentabr oyidan boshlab har oyda 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlikni Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan taʼminlash koʻzda tutilgan. Buning uchun Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.
Tadbirkorlarga Belarusda hisobvaraq ochish, ustav fondiga mablagʻ oʻtkazish va loyihalariga moliyaviy resurslar olishda koʻmaklashish vazifasi qoʻyildi.
Vitebskda zamonaviy sutchilik majmuasi, yogʻochni qayta ishlash zavodi va logistika kompaniyasini tashkil etish uchun zarur mablagʻlarni qulay shartlarda ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari har bir kelishuv aniq loyiha, yangi korxona, qoʻshimcha savdo hajmi va munosib ish oʻrniga aylanishi shartligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga erishilgan natijalarni tizimli nazorat qilish va “yoʻl xaritalari” ijrosini tanqidiy tahlil qilib borish topshirildi.
