Oltmish yillik sir: shahar afsonalari qanday tugʻiladi?
1941 yil 21 iyun kuni sovet arxeologlari Amir Temur maqbarasini ochadilar. Oradan bir kun oʻtib, Germaniya Sovet Ittifoqiga hujum qiladi va Ikkinchi jahon urushidagi eng qonli frontlardan biri boshlanadi. Tarixchilar bu voqealarni tasodif deb hisoblaydilar. Biroq ushbu afsona bugungi kungacha oʻz jozibasini yoʻqotmagan.

1966 yil kuzida AQShning Gʻarbiy Virjiniya shtatida joylashgan mӯʼjazgina Poynt-Plezant shaharchasida oddiy tunlardan biri insoniyatning eng mashhur sirli voqeasiga guvoh boʻldi. Bir qarashda bu navbatdagi qoʻrqinchli hikoyadek tuyuladi. Ammo bu voqea haqida oradan oʻtgan oltmish yil davomida yuzlab kitoblar yozildi, hujjatli va badiiy filmlar suratga olindi, olimlar bahslashdi, jurnalistlar surishtiruv oʻtkazishdi. Eng qizigʻi esa, hozirgacha hech kim haqiqat nimaligini aniq ayta olmagan.
Bu yil Motmen fenomeniga 60 yil toʻladi. Bu nafaqat bir sirli mavjudot haqidagi hikoya, balki inson psixologiyasi, ommaviy axborot vositalari va shahar afsonalarining qanday paydo boʻlishini tushunish uchun ham ajoyib misoldir.
Qorongʻu tundagi birinchi uchrashuv
1966 yil 15 noyabr kechasi ikki yosh juftlik shahar tashqarisidagi eski harbiy zavod yaqinidan oʻtayotgan edi. Ular kutilmaganda ikki metrdan baland, ulkan qanotli va koʻzlari qizil chiroqdek yonayotgan gʻalati mavjudotni koʻrib qolishdi.
Ularning taʼrificha, bu maxluq insonga oʻxshar, ammo yelkasi orqasidan katta qanotlar chiqqan, koʻzlari esa avtomobil farasidek qip-qizil boʻlib yonib turardi. Yoshlar qoʻrqib mashinaga oʻtirishadi. Biroq maxluq ularning ortidan uzoq masofagacha havoda uchib borganini ham aytishgan. Bu xabar ertasi kuni mahalliy gazetalarda chop etildi. Shundan keyin butun shahar goʻyoki sirli voqealar markaziga aylandi. Sirli maxluqqa Motmen degan laqab ham qoʻyishga ulgurishdi.

Guvohlar tobora koʻpayib bordi
Keyingi oʻn uch oy ichida yuzdan ortiq odamlar Motmenni koʻrganini maʼlum qildi. Kimdir uni kechasi daraxtlar orasida koʻrganini aytsa, yana boshqalar uni eski koʻprik atrofida uchayotganini taʼkidlar edi. Ayrimlar gʻalati yorugʻliklarni kuzatganini, boshqalar esa radiopriyomniklar va televizorlarda tushuntirib boʻlmaydigan nosozliklar yuz berganini maʼlum qilishdi. Hatto baʼzi fuqarolar oʻzlarini kimdir kuzatayotgandek his qilishlarini ham aytgan. Bu vaqtga kelib, Motmen haqidagi xabarlar butun Amerika boʻylab tarqalib ketdi.
Bashoratmi yoki tasodif?
1967 yil 15 dekabr kuni Poynt-Plezant shahridagi Ogayo daryosi ustiga qurilgan mashhur Kumush koʻprik (Silver Bridge) kutilmaganda qulab tushdi. Fojia oqibatida 46 kishi halok boʻldi.
Qizigʻi shundaki, koʻprik qulashidan oldingi bir necha hafta davomida aynan shu hududda Motmenni koʻrishgani haqida koʻplab xabarlar kelib tushgan edi. Shundan soʻng odamlar orasida yangi nazariya paydo boʻldi. Unga koʻra, Motmen ofat keltiruvchi maxluq emas, balki katta falokatdan oldin paydo boʻladigan ogohlantiruvchi mavjudot hisoblanadi. Bu gʻoya keyinchalik butun dunyoga tarqaldi.

Ilmiy hamjamiyat nima deydi?
Albatta, olimlar bu voqeaga mutlaqo boshqacha qaraydilar.
Ornitologlar (qushlarni oʻrganuvchi mutaxassislar) fikricha, odamlar katta turna yoki boyoʻgʻlini qorongʻuda notoʻgʻri qabul qilgan boʻlishi mumkin. Qorongʻulik, qoʻrquv va inson ongining xususiyatlari oddiy qushni ham gʻayritabiiy maxluq sifatida qabul qilishga olib kelishi mumkin.
Psixologlar esa «ommaviy psixogen reaksiya» deb ataladigan hodisani misol qilib keltiradilar. Biror shov-shuvli mish-mish tarqalsa, odamlar oddiy voqealarni ham shu hikoya bilan bogʻlay boshlaydilar. Birinchi guvohliklar keyingi «guvohlar» uchun oʻziga xos qolip vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, inson miyasi mavhumlikni yoqtirmaydi, tabiatan tushuntirib boʻlmaydigan narsalarga maʼno berishga intiladi. Natijada afsonalar voqelik bilan qorishib ketadi.
Oʻzbekistonning shahar afsonalari
Har bir xalqning oʻz sirli hikoyalari, asrlar davomida ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelayotgan afsona va rivoyatlari boʻladi. Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas. Mamlakatimiz qadimiy shaharlari, tarixiy obidalari va muqaddas qadamjolari bilan birga koʻplab sirli voqealar va shahar afsonalariga ham boy. Ularning ayrimlari tarixiy voqealarga asoslangan boʻlsa, boshqalari xalq tasavvuri mahsulidir. Biroq ularning barchasi milliy madaniyatimiz va ogʻzaki ijodimizda alohida oʻrin egallaydi.
Amir Temur maqbarasining tavqi-laʼnati
Oʻzbekistondagi eng mashhur afsonalardan biri Samarqanddagi Goʻri Amir maqbarasi bilan bogʻliq.
Rivoyatga koʻra, Amir Temur qabrida shunday ogohlantiruvsi yozuv boʻlgan emish:
«Kimki mening oromimni buzsa, mendan ham dahshatliroq urushni ozod qiladi.»
1941 yil 21 iyun kuni sovet arxeologlari Amir Temur maqbarasini ochadilar. Oradan bir kun oʻtib, Germaniya Sovet Ittifoqiga hujum qiladi va Ikkinchi jahon urushidagi eng qonli frontlardan biri boshlanadi. 1942 yilda Amir Temurning jasadi musulmon urf-odatlariga muvofiq qayta dafn etilganidan keyin esa Sovet armiyasining Stalingrad jangidagi hal qiluvchi qarshi hujumi boshlangan.
Tarixchilar bu voqealarni tasodif deb hisoblaydilar. Biroq ushbu afsona bugungi kungacha oʻz jozibasini yoʻqotmagan.

Toshkent zilzilasining arvohlari
1966 yilgi vayronkor Toshkent zilzilasidan keyin shaharda halok boʻlgan odamlarning arvohlari izgʻib yurishi haqida turli hikoyalar tarqala boshladi. Ayniqsa, eski mahallalar, vayron boʻlgan binolar va keyinchalik tashlab ketilgan inshootlar atrofida kechalari gʻalati ovozlar eshitilishi, nomaʼlum soyalar koʻrinishi haqidagi rivoyatlar hanuzgacha ayrimlar orasida aytiladi.
Albatta, bu hikoyalarni tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud emas. Biroq ular Toshkentning zamonaviy shahar folklorining bir qismiga aylangan.

Chilonzordagi tashlandiq “jinnixona”
Toshkent yoshlari oʻrtasida uzoq yillardan beri Chilonzor tumanidagi tashlab ketilgan sobiq ruhiy kasalliklar shifoxonasi haqida qoʻrqinchli afsona yashab keladi.
Mish-mishlarga koʻra, tun payti bino ichida qadam tovushlari eshitilar, kimningdir nolasi quloqqa chalinar, derazalar ortida esa inson soyalariga oʻxshash qiyofalar paydo boʻlar emish. Bu kabi hikoyalar shahar folkloriga mansub boʻlib, ularning haqqoniyligi tasdiqlanmagan.
Yer ostidagi shahar
Eng mashhur shahar afsonalaridan yana biri — yer ostidagi qadimiy Toshkent haqidagi rivoyatdir.
Ayrimlar eski shahar ostida yuzlab yillar avval qurilgan keng yerosti yoʻlaklari mavjud deb hisoblaydi. Afsonalarga koʻra, ular qadimiy madrasalar, saroylar, qalʼalar va hatto tarixiy qabristonlarni oʻzaro bogʻlab turgan. Arxeologlar turli davrlarga oid ayrim yerosti inshootlari borlini haqiqatan ham aniqlaganlar. Biroq butun shaharni qamrab olgan ulkan tunnellar tarmogʻi mavjudligi ilmiy jihatdan isbotlanmagan.
Shuningdek, Chor Rossiyasi va Sovetlar davrida turli davlat muassasalari bir-birriga yer osti tunnellari yordamida bogʻlangani haqida ham mish-mishlar yuradi. Masalan Saylgoh koʻchasidagi sobiq KGB binosi va hozirgi Oliy Majlis, Xalqlar doʻstligi saroyi va boshqa binolar oʻzaro yer osti lahmlari tarmogʻi bilan bogʻlangan, yoxud isyon yoki urush boshlangan taqdirda rahbarlarning tezgina va maxfiy ravishda aeroport va temir yoʻllariga qochib chiqishiga imkon beruvchi tunnellar mavjud degan mish-mishlar hamon barhayot.

Chiltonlar — qirq koʻrinmas avliyo
Markaziy Osiyoning eng qadimiy mistik rivoyatlaridan biri Chiltonlar haqidadir. Xalq eʼtiqodiga koʻra, qirq nafar koʻrinmas avliyo yer yuzida yashab, ezgu insonlarni himoya qiladi, musofirlarga yordam beradi va faqat alohida holatlarda insonlarga namoyon boʻladi.
Bu afsona nafaqat Oʻzbekistonda, balki Tojikiston va Turkmanistonda ham keng tarqalgan boʻlib, xalqning maʼnaviy merosining ajralmas qismi hisoblanadi.
Bibi Seshanba va Bibi Mushkulkushod
Ayrim afsonalar juda qadim paytlarda, ehtimol eramizdan avvalgi, islom kelishidan ham avvalgi paytlarda paydo boʻlgan. Ular qanday real tarixiy voqealarga asoslangani haqida gi fikrlar turlicha. Masalan zardushtiylik davrida paydo boʻlgan afsonalarga, islom fathidan keyin islomiy-diniy tus berilgan va qayta tirilgan.
Masalan, Bibi Seshanba va Bibi mushkulkushod afsonalarida boshiga ish tushgan qiz yoki odam shu sehrgar kampirlarga duch keladi. Sehrgar kampirlar ularga yordam berishadi. Har gal muammo tugʻilganida oldilariga kelib ovora boʻlib yurmaslikning yoʻlini ham oʻrgatishadi. Yaʼni, agar muamom tugʻilsa, maʼlum bir ovqat, chalpak pishirib odamlarni mehmon qil yoki kambagʻallarga tarqat, keyin men haqimdagi afsona kitobini oʻqi. Shunda muroding hosil boʻladi, deyishgan, goʻyo.
Bu kampirlar haqidagi afsonalar nafaqat ogʻizdan ogʻizga oʻtuvchi xalq ogʻzaki ijodi – folklor sifatida kelgan, balki kitoblar ham yozilgan. Bi Bi Seshanba yoki Bibi mMushkulkushod marosimini oʻtkazuvchilar xudoyi marosimida yigʻilganlarga shu kitoblarni oʻqib berishgan. Ammo mustaqillik yillarida koʻpgina diniy ulamolarni bu kitoblar va marosimlarni bidʼat, islomda yoʻq narsalar deb eʼlon qilishdi.

Bibi Mushkulkushod va Bibi seshanba motivlari va syujeti Yevropadagi Zolushka (Kulqiz) ertagiga oʻxshab ketadi. Ehtimol Yevropalik ertakchi adiblar sharqdan yetib borgan bu qadimiy motivlar asosida ertak toʻqishgandir.

Xizr alayhissalom haqidagi rivoyatlar
Oʻzbekistonning koʻplab hududlarida yashil libosli notanish musofir aslida Xizr alayhissalom boʻlishi mumkin, degan eʼtiqod saqlanib qolgan. Rivoyatlarga koʻra, u yoʻlda qolganlarga yordam beradi, ezgu insonlarga baraka va omad keltiradi, ayrim hollarda esa odamlarning mehribonligi va insoniyligini sinab koʻradi. Aytishlaricha, Xizr bobo toʻsatdan paydo boʻlishi mumkin va uning boshmaldogʻining suyagi boʻlmaydi. Shu bois ayrimlar notanish odamlar bilan qoʻl olib koʻrishganda bosh barmogʻini sezdirmasdan ushlab koʻrishadi.
Bu afsona islomiy anʼanalar bilan birga, Markaziy Osiyoning yanada qadimiy eʼtiqodlari bilan ham chambarchas bogʻliq boʻlib, asrlar davomida xalq ogʻzaki ijodida saqlanib kelmoqda.

Mir Arab madrasasining jinlari
Aytishlaricha, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida 114 ta hujra boʻlib, har biri Qurʼonning bir surasiga atab qurilgan emish. Bu yerda “Jin” surasiga atalgan hujrada esa hech kim kim yashamas emish.
Muallif bilan suhbatda boʻlgan, shu madrasa bitiruvchisi boʻlmish Baxtiyor ismli yigitning guvohlik berishicha, bu afsona – bor gap.
Uning aytishicha, 90-yillarda arab davlatlaridan biridan diniy ulamolar Mir Arab madrasasiga kelishgan. Ular ham “Jin” hujrasi hafidagi rivoyatni eshitib kulishgan. “Sizlar toza tavhidni bilmaysizlar, bunday irim sirimlarga ishonmanglar” deyishgan. Keyin esa bu afsonaning lgʻonligini isbotlash uchun ataylab shu hujrada bir kecha tunash istagini bildirishgan.
Baxtiyorning guvohlik berishicha, yarim tunda shu madrasa yotoqxonasida uxlayotgan talabalar shovqin surondan uygʻonib ketishgan. Darrov chiqib qarashsa, madrasa hovlisida bir toʻda arablar oq matoga oʻralib olib, “Yo vayloto, yo hayrato” deya baqirib, uyoqdan buyoqqa dovdirab yugurib yurishgan emish.
Keyinchalik ular biro oʻziga kelgach, voqeani aytib berishadi. Maʼlum boʻlishicha, arab mehmonlar tunda uxlashga yotishgan. Yarim tunda toʻsatdan hujrada toʻpolon boshlangan: karavotlar oʻz oʻzidan surilib ketgan, ustida yotgan mehmonlarni agʻdarib tashlagan. Eshik derazalar oʻz oʻzidan taraqlab ochilib-yopilavergan. Arablar avval buni madrasa xodimlari yoki talalalari qilyapti deb oʻylashgan. Ammo uyqulari oʻchib qarashsa, xonadagi jihozlar hech kimning qoʻlisiz oʻz oʻzidan uyoqdan buyoqqa otilib shovqin chiqarayotgan boʻlgan. Shundan soʻng ular dahshatga tushib, madrasa hovlisiga qochib chiqishgan.

Qatagʻon qishlogʻidagi ulkan ajdar
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida, Duxchi qishlogʻining yonida, Qashqadar daryosining sohilida Qatagʻon degan qishloq joylashgan.
Bu yerdagi eski afsona shu jarlikka yaqin qurilgan tovuq fermasi bilan bogʻliq. Aytishlaricha, tovuqxona enigina qurilgach, yuzlab tovuqlar olib kelingach, xodimlar tovuqlarning soni kamayib ketayotganini payqashgan. Avvaliga tulki yoki shoqol olib ketyapti, deb oʻylashgan. Ammo bir kuni tunda, qorovullardan biri tovuqxonaning jarga yondosh devori yaqinidagi yerlar oy nurida yaltirab yotganini koʻradi. Avvaliga “ariq ochilib, yerni suv bosib ketibdi, oy nurida yaltirayapti” deb oʻylaydi. Ammo sal yaqinroq borsa, ulkan bir ilon - ajdar kulcha boʻlib yotgan ekan. Ajdarning bir tutam oppoq sochlari ham bor edi, deya guvohlik bergan tovuqxona qorovuli. Qorovul bahaybat va semiz ilonni koʻrib, dahshatdan qotib, yura olmay qoladi. Ilon esa qorovulni payqab qoladi, ammo unga zarar yetkazmasdan, sekingina sirgʻalib, jardagi gʻorchalardan biriga kirib ketadi.
Shahar afsonalari qanday tugʻiladi?
Yuqorida zikr etilganidek, Motmen tarixi yagona misol emas. Shotlandiyada Lox-Ness maxluqi haqidagi rivoyatlar bir asrdan ziyod vaqtdan beri yashab kelmoqda. Shimoliy Amerikada Bigfut (Qor odam) haqidagi xabarlar hali-hamon uchraydi. Lotin Amerikasida esa Chupakabra haqidagi hikoyalar millionlab odamlarga tanish. Ayrimlar esa shahar ostidagi kanalizatsiyalarda timsohlar yashaydi, deb ishonadi. Bu afsonalarning umumiy jihati shundaki, ularning har biri real voqealar, inson tasavvuri, ommaviy axborot vositalari va ogʻzaki rivoyatlarning oʻzaro qorishib kketishi natijasida shakllangan.
Bugun esa ijtimoiy tarmoqlar tufayli bunday afsonalar ilgarigidan ham tezroq tarqalmoqda. Bir necha soat ichida bir videoni millionlab odamlar koʻrishi mumkin. Agar axborot his-tuygʻularga taʼsir qilsa, uning haqiqiy yoki yolgʻonligi koʻpchilik uchun ikkinchi darajali masalaga aylanib qoladi.
Sirlar hamon barhayot
Qiziq tomoni shundaki, shahar afsonalaoi har uancha ilmiy izoh berib rad etilsa ham yoʻqolib ketmaydi. Ular xalq ogʻzaki ijodidan joy oladi.
Masalan, Motmen haqidagi afsonaga qiziqish hozir ham soʻnmagan. Poynt-Plezant shahrida unga bagʻishlangan haykal oʻrnatilgan, maxsus muzey tashkil etilgan va har yili minglab sayyohlarni jalb qiladigan Motmen festivali oʻtkaziladi. Bu esa bir qarashda mahalliy voqea boʻlib koʻringan hodisa vaqt oʻtishi bilan butun dunyo madaniyatining bir qismiga aylanganini koʻrsatadi.
Bir narsa shubhasiz: inson har doim sirlarga ishonishni xohlaydi. Chunki nomaʼlumlik qoʻrquvni ham, qiziqishni ham uygʻotadi. Balki shuning uchun ham oltmish yil avval kichik shaharchada boshlangan bu hikoya haligacha insoniyat tasavvurini oʻziga rom etib kelmoqda.
Albatta hozir yuqoridagi shahar afsonalarining hammasi ham ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Ammo ularning ahamiyati boshqa jihatdadir. Bu hikoyalar xalqning tarixi, dunyoqarashi, qoʻrquvlari va orzu-umidlarini aks ettiradi. Shu bois shahar afsonalari nafaqat qiziqarli rivoyatlar, balki xalq xotirasi va madaniy merosining ham bir qismi sifatida qadrlanadi.
Abulfayz Sayidasqarov
