Mobil aloqa vositalari orqali reklama SMSlari yuborish cheklanadi
Faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan soʻng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshirish mumkin boʻladi.

Reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalariga oid huquqlar himoyasi kuchaytiriladi.
"Aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-265-son, 15.07.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojidan ozod qilinishi belgilandi.
2026 yil 1 oktabrdan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan sanasi kabi birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganda oʻzida ushbu maʼlumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi maʼlumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan oʻzgartirishlar kiritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
2026 yil 1 noyabrdan boshlab:
- mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yoʻli bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan soʻng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi;
- mobil aloqa vositalariga reklama qoʻngʻiroqlari va SMS-xabarnomalarni joʻnatish xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar oʻzlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazgandan keyin tegishli xizmatlarni koʻrsatishiga yoʻl qoʻyiladi;
- reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi;
- mobil aloqa operatorlariga oʻzlari tomonidan tarqatiladigan reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalarini abonent soʻroviga koʻra toʻliq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi;
- mazkur belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar koʻrish uchun asos boʻladi.
