XXI asr "gladiatorlari": nega davlatlar oʻz fuqarolarining xorijdagi urushlarda ishtirok etishini taqiqlamoqda?
Janglarda qatnashgan shaxs qurol bilan muomala qilish, diversiya amalga oshirish koʻnikmalariga ega boʻladi, zoʻravonlikka nisbatan ruhiy barqarorlik hosil qiladi, odam ӯldirish va qiynash hamda talashdan hazar qilmaydi, postravmatik ruhiy buzilishlar bilan uyiga qaytadi.

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Iordaniya tashqi ishlar vaziri Safadiy bilan oʻtkazilgan qoʻshma matbuot anjumanida yangi taklifini oshkor qildi. Boshqa davlatlardagi harbiy mojarolarda Ozarbayjon fuqarolari ham borligini tan olgan vazir, yana bir bor ӯz mamlakati fuqarolarini ogohlantirib, bunday harakatlar Ozarbayjon qonunchiligini buzish hisoblanishini va hatto fuqarolikdan mahrum etilishga ham olib kelishi mumkinligini taʼkidladi.
Vazirning bayonoti zamonaviy xalqaro huquqning eng murakkab masalalaridan biri — yollanma jangchilik va chet el fuqarolarining urushlarda ishtirok etishi muammosiga yana bir bor eʼtibor qaratdi. Ayniqsa, bu masala Rossiya—Ukraina urushi fonida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur mojaro soʻnggi oʻn yilliklarda turli mamlakatlardan kelgan ixtiyoriylar, sobiq harbiylar, mafkuraviy tarafdorlar hamda professional yollanma jangchilar uchun eng yirik jalb etuvchi nuqtalardan biriga aylandi.
Yangi urush — eski hodisa
Yollanma jangchilik insoniyat tarixi davomida deyarli barcha urushlarga hamroh boʻlib kelgan. Qadimgi Misr va Fors davlatlaridayoq hukmdorlar xorijlik jangchilarni yollagan boʻlsa, oʻrta asrlarda Yevropa monarxlari professional «omad askarlari» xizmatidan keng foydalangan. Italiyalik kondoterlar, shveysariyalik nayzabozlar va nemis landsknextlari davlat yoki gʻoya uchun emas, balki pul evaziga jang qilganlar.
Biroq Ikkinchi jahon urushidan keyin xalqaro hamjamiyatning yollanma jangchilarga munosabati tubdan oʻzgardi. Afrikada mustamlakachilikdan ozod boʻlish jarayonlarida aynan xorijlik yollanma jangchilar bir necha bor davlat toʻntarishlari, qurolli isyonlar va qonuniy hukumatlarni agʻdarishga jalb etilgan. Bu esa xalqaro hamjamiyatni yollanma jangchilikni xalqaro xavfsizlikka tahdid sifatida baholashga undadi.
Bugungi kunda «yollanma jangchi» tushunchasi xalqaro gumanitar huquqda mustahkamlangan. 1949 yilgi Jeneva konvensiyalariga qoʻshimcha I Protokolning 47-moddasiga koʻra, asosan moddiy manfaat olish maqsadida qurolli mojaroda ishtirok etish uchun maxsus yollangan shaxs yollanma jangchi hisoblanadi. Bunday shaxs mojaro ishtirokchisi boʻlgan davlatning fuqarosi boʻlmaydi, uning muntazam qurolli kuchlari tarkibiga kirmaydi hamda kombatant yoki harbiy asir maqomiga ega emas. Yaʼni ular urush qonunlarida va xalqaro kelishuvlarda belgilangan, ayniqsa asirga olingan askarlarga xos huquqlardan foydalana olishmaydi.
Shuning uchun ham dunyodagi koʻplab davlatlar oʻz fuqarolarining xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etishini milliy xavfsizlikka potensial tahdid sifatida baholaydi.
Davlatlar nega xorijda urush koʻrgan fuqarolarning qaytishidan xavotirda?
Soʻnggi oʻn yilliklar tajribasi shuni koʻrsatdiki, xavf faqat fuqaroning xorijdagi urushda ishtirok etishida emas, balki uning Vatanga qaytishida ham namoyon boʻladi.
Janglarda qatnashgan shaxs qurol bilan muomala qilish, diversiya amalga oshirish koʻnikmalariga ega boʻladi, zoʻravonlikka nisbatan ruhiy barqarorlik hosil qiladi, odam ӯldirish va qiynash hamda talashdan hazar qilmaydi, postravmatik ruhiy buzilishlar bilan uyiga qaytadi. Ularning ayrimlari xalqaro radikal tuzilmalar bilan aloqalar oʻrnatadi. Natijada urush tugagach, bunday shaxslar ichki xavfsizlik, uyushgan jinoyatchilik yoki ekstremizm uchun xavf manbaiga aylanishi mumkin.
Aynan shu sababli Afgʻoniston, Suriya, Iroq, Liviya va hozirgi Ukraina urushi ortidan koʻplab davlatlar oʻz qonunchiligini sezilarli darajada kuchaytirdi.
Rossiya—Ukraina urushi muammoni yangi bosqichga olib chiqdi
Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urush Ispaniya fuqarolar urushi davridan buyon xorijlik jangchilar eng koʻp ishtirok etgan mojarolardan biriga aylandi.
2022 yilda keng koʻlamli harbiy harakatlar boshlanganidan soʻng Ukraina Hududiy mudofaa kuchlari tarkibida Xalqaro legion tashkil etilganini eʼlon qildi. Kiyev maʼlumotlariga koʻra, unga ellikdan ortiq davlatdan minglab xorijliklar kelib qoʻshilgan. Ular orasida AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Polsha, Boltiqboʻyi davlatlari, Avstraliya, Gruziya va boshqa mamlakatlarning sobiq harbiylari ham boʻlgan.
Rossiya tomoni ham oʻz saflarida Serbiya, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaning, shattoki Janubiy Amerikaning ayrim davlatlaridan kelgan xorijlik koʻngillilar ishtirok etayotganini maʼlum qilgan. Shuningdek, xalqaro ommaviy axborot vositalari va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar Rossiya tomonida chet ellik kontraktchilar hamda ittifoqchi davlatlar jangchilari jalb etilgani haqida bir necha bor xabar bergan.
Shu bilan birga, urushda ishtirok etayotgan barcha xorijliklarni yuridik nuqtai nazardan yollanma jangchi deb baholab boʻlmaydi. Ayrimlar rasmiy ravishda mamlakat qurolli kuchlari tarkibiga qabul qilingan boʻlsa, boshqalari mafkuraviy yoki siyosiy qarashlari tufayli jang qilmoqda, yana bir qismi esa moddiy manfaat uchun qatnashadi. Bazi rivojlangan davlatlar esa ӯz fuqarolarigini taklif etadi. Rossiya tomoni qonunni buzgan hamda jazoni ӯtayotgan xorijliklarni pul va fuqarolik berish vaʼdalari bilan urushga faol yollamoqda. Shu bois har bir ishtirokchining huquqiy maqomini alohida baholash talab etiladi.
Ozarbayjon oʻz fuqarolarini ogohlantirmoqda
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning bayonoti alohida eʼtiborga loyiq. Uning bayonoti tasodifiy emas. Ozarbayjon bir necha yildan buyon oʻz fuqarolarining siyosiy qarashlaridan qatʼi nazar, xorijdagi qurolli tuzilmalarda ishtirok etishiga mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligini izchil taʼkidlab kelmoqda. Mamlakat rahbariyati buni milliy xavfsizlikni taʼminlashning muhim shartlaridan biri deb hisoblaydi.
Sobiq ittifoq hududida deyarli yagona yondashuv
SSSR parchalanganidan keyin tashkil topgan deyarli barcha davlatlar yollanma jangchilik yoki fuqarolarning xorijdagi noqonuniy qurolli tuzilmalarda ishtirok etishi uchun jinoiy javobgarlik belgilagan.
Misol uchun, Ӯzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi yollanma jangchilik uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Shuningdek, yollanma jangchilarni yollash, tayyorlash, moliyalashtirish va ulardan foydalanish ham jinoyat hisoblanadi.
Qozogʻiston Jinoyat kodeksida bir nechta modda orqali ham xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etish, ham fuqarolarni yollash uchun javobgarlik belgilangan.
Qirgʻiziston va Tojikiston qonunchiligida ham xorijdagi qurolli tuzilmalarda ishtirok etish uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazolari nazarda tutilgan.
Ayni ӯzi xorijliklarni urushga faol yollayotgan Rossiya Jinoyat kodeksining 359-moddasi yollanma jangchilarni yollash, moliyalashtirish, tayyorlash va ulardan foydalanish, shuningdek yollanma jangchining qurolli mojaroda bevosita ishtirok etishi uchun javobgarlik belgilaydi.
Ukraina qonunchiligi ham yollanma jangchilik va noqonuniy qurolli tuzilmalar tashkil etish uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Biroq xorijlik koʻngillilarning Ukraina Qurolli Kuchlari safida xizmat qilishi alohida huquqiy normalar bilan tartibga solinadi.
Eng qatʼiy yondashuvlardan biri aynan Ozarbayjon qonunchiligida kuzatiladi. Unda jinoiy javobgarlikdan tashqari, qonunda belgilangan hollarda fuqarolikdan mahrum qilish mexanizmi ham qoʻllanilishi mumkin.
Dunyo boʻylab qonunlar tobora qattiqlashmoqda
Qatʼiy yondashuv faqat sobiq sovet hududiga xos emas. Masalan, AQShda fuqarolarga Amerika bilan tinch munosabatda boʻlgan davlatlarga qarshi qurolli harakatlarda qatnashish yoki terrorchilik tashkilotlariga koʻmaklashish taqiqlangan. Bunday harakatlar uchun ogʻir jinoiy javobgarlik belgilangan.
Buyuk Britaniyada esa hanuzgacha 1870 yilgi Foreign Enlistment Act (Xorijiy harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonun) amal qiladi. U Britaniya fuqarolariga davlat ruxsatisiz urush holatidagi xorijiy armiyalarda xizmat qilishni cheklaydi.
Fransiyada ham fuqarolar xorijiy qurolli tuzilmalarga milliy qonunchilik talablariga rioya qilmasdan qoʻshilishi mumkin emas. Shuningdek, Suriya va Iroqdagi qurolli mojarolarda qatnashgan shaxslarga nisbatan terrorizmga qarshi qonunchilik keng qoʻllanilmoqda.
Ayniqsa, IShID terrorchilik tashkiloti paydo boʻlib, yuzlab yevropaliklar Suriyaga jang qilish uchun ketganidan keyin Yevropa davlatlari bu sohadagi jinoiy qonunchiligini yanada kuchaytirdi.
Yollanma jangchimi, koʻngillimi yoki kontraktchimi?
Eng katta huquqiy muammolardan biri aynan ushbu tushunchalarni bir-biridan ajratishdir. Har qanday xorijlik jangchi avtomatik ravishda yollanma jangchi hisoblanmaydi. Agar shaxs boshqa davlat qurolli kuchlari tarkibiga rasman qabul qilingan boʻlsa, uning muntazam armiyasida xizmat qilsa va harbiy xizmatchi maqomiga ega boʻlsa, xalqaro huquq uni har doim ham yollanma jangchi sifatida tan olmaydi.
Biroq agar uning asosiy maqsadi moliyaviy manfaat boʻlsa va u maxsus haq evaziga jang qilish uchun yollangan boʻlsa, unda uning huquqiy maqomi Jeneva konvensiyalarida belgilangan «yollanma jangchi» tushunchasiga mos kelishi mumkin. Shuning uchun har bir holat alohida huquqiy baholash kerak.
XXI asr tendensiyasi
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirining bayonoti kengroq global tendensiyani aks ettiradi. Davlatlar oʻz fuqarolarining xorijdagi urushlarda ishtirok etishini endi shaxsiy tanlov sifatida emas, balki milliy xavfsizlikka daxldor masala sifatida baholamoqda.
Zamonaviy qurolli mojarolar tobora xalqaro tus olmoqda. Jang maydonlarida nafaqat urushayotgan davlatlar harbiylari, balki turli mamlakatlardan kelgan minglab xorijliklar ham siyosiy, mafkuraviy, diniy yoki moliyaviy sabablarga koʻra ishtirok etmoqda. Bu esa xalqaro gumanitar huquqni qoʻllashni yanada murakkablashtirib, davlatlar oldiga yangi xavfsizlik vazifalarini qoʻymoqda.
Shu bois bugungi kunda yollanma jangchilarni yollashga qarshi kurashish, ularni moliyalashtirish va tayyorlashning oldini olish, shuningdek, fuqarolarni xorijdagi urushlarda ishtirok etish oqibatlari haqida ogohlantirish alohida davlatlarning emas, balki butun dunyoda shakllanayotgan umumiy xavfsizlik siyosatiga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjonning bu boradagi qatʼiy pozitsiyasi istisno emas, balki XXI asrda kuchayib borayotgan global huquqiy va siyosiy tendensiyaning yorqin ifodasidir.
Abulfayz Sayidasqarov
