Toshkent viloyatida soliqchi pora bilan qoʻlga olindi
U YaTTga 160 mln soʻm miqdorida jarima qoʻllanilishini aytib, uni bartaraf etib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan. Fargʻonada esa tadbirkordan ming dollar soʻragan muhandis ushlandi.

Zangiotada soliqchi, Buvaydada muhandis qoʻlga olindi.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan hamda xalq orasida “Chinni bozor” nomi bilan tanilgan “Xoʻjalik mollari va hunarmandlar savdo kompleksi”da faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning (YaTT) doʻkonida soliq tekshiruvi oʻtkazilgan.
Natijada, tadbirkor savdo tushumlarini mobil ilovalar orqali oʻzining shaxsiy bank plastik kartasiga oʻtkazib, YaTT hisob raqamiga kirim qilmaganligi aniqlangan.
Zangiota tumani Soliq inspeksiyasining bosh inspektori esa YaTTga 160 mln soʻm miqdorida jarima qoʻllanilishini aytib, uni bartaraf etib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda soliqchining topshirigʻi bilan tadbirkordan ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida uning vositachi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bu kabi qonunbuzilish holati Fargʻona viloyatida ham kuzatilib, Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Buvayda tumani Elektr taʼminoti korxonasi muhandisi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, quyosh panellari oʻrnatish bilan shugʻullanuvchi tadbirkordan noqonuniy ravishda 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, muhandis oʻz hududida quyosh panellarini oʻrnatishi lozim boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subʼektlarni mijoz sifatida tadbirkorga yoʻnaltirish, panellarni oʻrnatish boʻyicha kerak boʻladigan hujjatlarni rasmiylashtirish va texnik shart olib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
