SSV Qashqadaryoda quturish kasalligi qayd etilgani boʻyicha xabarlarni izohladi
Kitob tumanida yashovchi, 1979 yilda tugʻilgan fuqaro xavfli yuqumli kasallik gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan. Afsuski, u joriy yil 11 iyul kuni vafot etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumani “Varganza” mahallasida bir oilaning uch nafar aʼzosida quturish kasalligi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.
SSV mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Joriy yilning 10 iyul kuni Kitob tumanida yashovchi, 1979 yilda tugʻilgan fuqaro xavfli yuqumli kasallik gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Epidemiologik surishtiruv davomida bemorni taxminan bir oy avval tulki bolasi tirnagani aniqlangan. Afsuski, u joriy yil 11 iyul kuni vafot etgan.
Hozirgi vaqtda vafot etgan fuqaroning oʻlim sababi yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Shuningdek, mazkur hududda yashovchi uch nafar fuqaro ehtiyot chorasi sifatida tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularda quturish kasalligining klinik belgilari aniqlanmadi. Ayni paytda ushbu fuqarolar shifokorlar nazoratiga olinib, zarur profilaktik emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Kitob tumanida viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda veterinariya mutaxassislari hamkorligida epidemiologik vaziyat toʻliq nazoratga olingan.
Shu oʻrinda fuqarolardan ortiqcha xavotirga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa asossiz va tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslik soʻralgan.
