Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri bilan uchrashib, unga hamdardlik bildirdi
Oʻzbekiston rahbari Qatar amirini oʻziga qulay boʻlgan fursatlarda mamlakatimizga tashrif buyurishga taklif etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan taʼziya bildirish uchun tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi.
Lusail saroyida davlatimiz rahbari Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida Prezidentimiz Qatar Amiriga otasi – sobiq Amir Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafot etgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
Shayx Hamad Ol Soniy Hazratlari Qatar Davlati erishgan koʻplab tarixiy yutuqlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi jadal islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga ulkan hissa qoʻshgan siyosat arbobi boʻlgani taʼkidlandi.
Shu bilan birga, ul zotning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaqin doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlashdagi samarali mehnatlari alohida qayd etildi.
Shuningdek, Prezidentimiz Qatar bugungi kunda mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdagi muhim oʻrin egallayotgani, xalqaro maydonda katta taʼsirga ega “Doha ovozi” paydo boʻlganini eʼtirof etdi.
Ikki davlat yetakchilari Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, koʻp qirrali aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qildilar.
Oʻz navbatida, Qatar Amiri Oʻzbekiston Prezidentiga ushbu sinovli damlarda shaxsan tashrif buyurib, bildirgan samimiy hamdardligi hamda doʻstona qoʻllab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston rahbari Qatar amirini oʻziga qulay boʻlgan fursatlarda mamlakatimizga tashrif buyurishga taklif etdi.
