Pulli parking boʻyicha auksionda xorijiy kompaniya gʻolib boʻldi
Ushbu xorijiy kompaniya taniqli tadbirkor Zafar Hoshimovga tegishli firma hisoblanadi.

Pulli parking boʻyicha auksionda xorijiy kompaniya gʻolib boʻldi.
Toshkentda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan pullik yerusti avtoturargohlarini tashkil etish va boshqarish boʻyicha kelishuvni tuzish huquqi uchun oʻtkazilgan elektron auksionda ANGLESEY FOOD MChJ shaklidagi xorijiy korxona gʻolib boʻldi.
Boshlangʻich narxi 1,3 mlrd soʻm boʻlgan lot savdolar yakunida 20,9 mlrd soʻmga sotildi.
Investor bir martalik 20,9 mlrd soʻm toʻlaydi. Bundan tashqari, yillik ijara haqi va Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasiga ajratmalar ham amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun, ANGLESEY FOOD MChJ xorijiy korxonasi Korzinka supermarketlar tarmogʻini boshqaruvchi yuridik shaxs hisoblanadi.
Avvalroq pulli parkovkaga haq toʻlamaganlik uchun jarima joriy qilish taklif etilgandi.
Toshkent shahridagi pulli avtoturargohlardan kuniga taxminan 15 000 nafar haydovchi foydalanmoqda. Shulardan faqat 2–3 foizigina pul toʻlayotgani aytildi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur jarima masalasiga keskin fikr bildirdi.
"Parkovka qiroli toʻlovlarni undira olmayotgan boʻlsa, ana marhamat, sudga murojaat qilsin. MIBga chiqarsin? Nega davlat uning uchun alohida jarima qildirib, toʻlovlarini kafolatlab berishi kerak? Oyiga millionlab oʻzbekistonliklar kredit toʻlamaydi, balki bu boʻyichayam davlat banklar foydasiga jarima qilib berishi kerakdir? Absurd, toʻgʻrimi?", deya yozadi iqtisodchi-bloger.
