platina.uz
Iqtisod

Pensiya miqdorini hisoblash tartibi takomillashtiriladi

Pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish hamda past daromad olingan ayrim davrlarni hisobdan chiqarish taklif qilindi.

Pensiya miqdorini hisoblash tartibi takomillashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Oʻn yilda mamlakatimizda pensiya miqdori 3,3 barobar oshirildi, uning eng kam miqdori minimal isteʼmol xarajatlari darajasidan yuqori belgilandi. 2021 yilgacha 1,1 million nafar fuqaroning pensiyasi 400 ming soʻmdan kam boʻlgan. Bugungi kunda eng kam pensiya miqdori 878 ming soʻmni, minimal isteʼmol xarajatlari esa 715 ming soʻmni tashkil etmoqda.

Taqdimotda jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi rivojlangan mamlakatlarda pensiya mablagʻlari iqtisodiyot uchun uzoq muddatli resurs vazifasini oʻtayotgani qayd etildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, mamlakatimizda pensiya tizimi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, iqtisodiyotga uzoq muddatli mablagʻlarni jalb qilish mumkin. Buni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari ham tasdiqlamoqda.

Shu bois pensiya tizimini ilgʻor xorijiy tajriba asosida isloh qilish, jamgʻarib boriladigan, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Hozirda fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Ushbu mablagʻlarga hisoblanadigan yillik 10 foizlik daromad bank omonatlaridan qariyb ikki barobar kam.

Shu munosabat bilan mazkur tizimning jozibadorligini oshirish va aholini unda faol ishtirok etishga ragʻbatlantirish boʻyicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Xususan, oylik ish haqi 7,6 million soʻmgacha (pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravari) boʻlgan fuqaro jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga ish haqining 5 foizini oʻtkazsa, davlat tomonidan qoʻshimcha yana 2,5 foiz miqdorida mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda.

Oylik ish haqi 7,6 million soʻmdan yuqori boʻlgan fuqarolar uchun esa toʻlangan ijtimoiy soliqning shu miqdordan oshgan qismining 1 foizini ularning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkazish taklif etildi.

Pensiya miqdorini hisoblash tartibini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Amalda pensiya oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyatidagi besh yillik ish haqidan hisoblanadi. Shuningdek, ish haqining 6 million soʻmdan yuqori qismi hisobga olinmaydi. Bu ayrim hollarda fuqarolar pensiyasining oʻrtacha miqdori pasayishiga olib kelmoqda.

Shu bois pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish hamda past daromad olingan ayrim davrlarni hisobdan chiqarish taklif qilindi.

Shuningdek, 2027 yildan boshlab pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini hozirgi 6 million soʻmdan 6,6 million soʻmga oshirish koʻzda tutilmoqda.

Hisob-kitoblarga koʻra, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiya miqdori hozirgiga nisbatan 8 foizga oshirishi mumkin.

Davlatimiz rahbari pensiya tizimidagi oʻzgarishlar millionlab fuqarolarning hayoti va kelajagiga daxldor ekanini taʼkidlab, har bir taklifning ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirini puxta hisob-kitob qilish zarurligini koʻrsatib oʻtdi.

Bunday masalalarni aholi, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va blogerlarni jalb qilgan holda ochiq muhokama qilish, islohotlarning maqsadi va kutilayotgan natijalarini fuqarolarga aniq tushuntirish vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga xorijiy tajribani har tomonlama puxta oʻrganib, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini yaratish boʻyicha qonun loyihasini kiritish vazifasi qoʻyildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid