platina.uz
Iqtisod

"Food City"ning asossiz oshirgan yigʻimi bekor qilindi

Bozor hududiga qadoqlangan va qadoqlanmagan muz olib kirish uchun toʻlov miqdori bir necha barobar oshirilib, bu orqali tadbirkorni bozordan siqib chiqarishga urinilayotgani qayd etilgan.

"Food City"ning asossiz oshirgan yigʻimi bekor qilindi

Raqobat qoʻmitasi soʻrovi bilan "Food City Tashkent" MChJning ustun muzokara kuchidan foydalanib asossiz oshirgan yigʻimi bekor qilindi.

Raqobat qoʻmitasiga "Food City Tashkent" MChJ hududida muz mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkor murojaat qilib, bozor maʼmuriyati tomonidan sunʼiy toʻsiqlar yaratilayotganini bildirgan.

Xususan, bozor hududiga qadoqlangan va qadoqlanmagan muz olib kirish uchun toʻlov miqdori bir necha barobar oshirilib, bir kun uchun toʻlov 737 ming soʻm etib belgilangani hamda bu orqali tadbirkorni bozordan siqib chiqarishga urinilayotgani qayd etilgan.

Murojaatda keltirilgan holatlar yuzasidan Qoʻmita tomonidan oʻrganish ishlari olib borilib, bozor maʼmuriyatiga soʻrov yuborildi.

Ishni koʻrib chiqish jarayonida oʻtkazilgan muloqotlar natijasida "Food city Tashkent" MChJ hamda tadbirkor oʻrtasida kelishuvga erishildi. Natijada murojaatda koʻtarilgan muammo ijobiy hal etilib, asossiz oshirilgan toʻlov miqdori bekor qilindi.

Ushbu oʻrinda, Raqobat qoʻmitasi mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar barcha ustun muzokara kuchiga ega subʼektlarni ogohlantiradi.

“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan ustun mavqega ega boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subʼekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni yoki narxni bir tomonlama belgilash imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb eʼtirof etiladi. Ustun muzokara kuchini suiisteʼmol qilish “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishiga sabab boʻladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid