Urgut tumani prokurori oʻrinbosari qoʻlga olindi
U mahalliy MChJ tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilishi natijasida 2 mlrd 887 mln soʻm miqdorida davlatga yetkazilgan zararni 805,9 mln soʻmga kamaytirib berishni vaʼda qilgan.

Samarqandda prokurorga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan Bosh prokuraturaning ShXB va viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlari olib borildi.
Uning natijasida Urgut tumani prokurori oʻrinbosarining qilmishlari fosh etildi.
Xususan, mazkur mansabdor shaxs Pastdargʻom tumani prokuraturasida faoliyat yuritgan davrida xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy MChJ tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilishi natijasida 2 mlrd. 887 mln. soʻm miqdorida davlatga yetkazilgan zararni 805,9 mln. soʻmga kamaytirib berish evaziga vositachilar orqali 6,5 ming AQSh dollari va 35 mln. soʻm pora olgan.
Bu bilan cheklanmay prokuratura tomonidan MChJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida zarar miqdorini 150-200 mln. soʻmgacha kamaytirishni va ularga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengil jazo tayinlanishida yordam berishini aytib, MChJ egasidan 15 ming AQSh dollari talab qilgan.
Prokurorning noqonuniy harakatlari boʻyicha ashyoviy dalillar protsessual tartibda hujjatlashtirildi.
Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
