platina.uz
Siyosat

“Qorabogʻni tiklashda birinchi amaliy yordam Oʻzbekistondan kelgan” — Ilhom Aliyev

Oʻzbekiston tomonidan Fuzuliy shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi yirik va zamonaviy maktab barpo etilgan boʻlib, uning ochilish marosimi ikki davlat rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan.

“Qorabogʻni tiklashda birinchi amaliy yordam Oʻzbekistondan kelgan” — Ilhom Aliyev

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev IV Shusha global media forumi doirasida OAV vakillari bilan muloqot qildi. Suhbat chogʻida u Oʻzbekiston bilan munosabatlar qardoshlik va doʻstlikka asoslanganini, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan shaxsiy doʻstligi esa bu aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqqanini taʼkidladi.

Shuningdek, Qorabogʻni tiklash jarayonida birinchi yordam qoʻlini aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev choʻzganini qayd etdi.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston tomonidan Fuzuliy shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi yirik va zamonaviy maktab barpo etilgan boʻlib, uning ochilish marosimi ikki davlat rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan. Aliyevning taʼkidlashicha, keyinchalik Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston ham Qorabogʻni tiklashga oʻz hissasini qoʻshgan, biroq birinchi amaliy yordam aynan Oʻzbekistondan kelgan.

Ozarbayjon yetakchisining aytishicha, Oʻzbekistonning qardoshlik missiyasi maktab qurilishi bilan cheklanmagan. Xonkendi shahridagi birinchi yirik sanoat korxonasi — tikuvchilik fabrikasi ham Oʻzbekiston sarmoyasi hisobidan barpo etilgan boʻlib, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev ushbu korxonaga ham birgalikda tashrif buyurgan.

Ilhom Aliyev bugungi kunda ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy va sanoat hamkorligi jadal rivojlanayotganini qayd etdi. Xususan, qiymati 500 million dollar boʻlgan Oʻzbekiston–Ozarbayjon qoʻshma investitsiya jamgʻarmasi har ikki mamlakatda turli loyihalarni amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi Oʻzbekistondagi muhim gaz koniga sarmoya kiritganini aytib, “Qustuq” konidagi qidiruv-qazish ishlari ijobiy natija bilan yakunlanishiga umid bildirdi.

Ozarbayjon Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikning yangi bosqichga chiqishida ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning alohida oʻrni borligini taʼkidladi. Bugungi kunda Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlari bilan yagona maslahat formatida ishtirok etmoqda. Bu esa transport va logistika yoʻlaklari, savdo-iqtisodiy hamda geosiyosiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻra bilishi va strategik qarashlari bu jarayonda gʻoyat muhim rol oʻynadi”, — dedi Ilhom Aliyev.

Soʻzi yakunida Ozarbayjon Prezidenti oʻzbek xalqini erishilayotgan yutuqlar bilan tabriklab, Oʻzbekistonga har safar tashrif buyurganida mamlakatdagi keng koʻlamli yangilanishlar va islohotlar natijalarini koʻrib quvonishini taʼkidladi.

“Bilamanki, qardosh oʻzbek xalqi va davlati Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida muvaffaqiyatli va ishonch bilan olgʻa bormoqda”, — deya taʼkidladi Ozarbayjon Prezidenti.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid