platina.uz
Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Bekobodga keldi

Bekobod vokzalida Prezidentga poytaxt va mazkur shaharni bogʻlovchi yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi. 192 kilometrlik “Toshkent – Bekobod” temir yoʻl qatnovi kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatishi rejalashtirilgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Bekobodga keldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Toshkentdan Bekobod shahriga keldi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 27 dekabrda qabul qilingan “2030 yilga qadar temir yoʻl transportida mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish koʻrsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida hududlarda transport infratuzilmasi yangilanib, mahalliy qatnovlar kengaytirilmoqda. Natijada aholi uchun qulay va sifatli transport xizmatlari yoʻlga qoʻyilmoqda.

Bekobod vokzalida Prezidentga poytaxt va mazkur shaharni bogʻlovchi yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.

192 kilometrlik “Toshkent – Bekobod” temir yoʻl qatnovi kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatishi rejalashtirilgan. Endilikda unda olti vagondan iborat, 586 nafar yoʻlovchiga moʻljallangan elektropoyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Bu, ayniqsa, har kuni ish va oʻqishga qatnaydigan fuqarolar uchun qoʻshimcha qulaylik yaratadi.

Elektropoyezdda yoʻlovchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus koʻtargichlar oʻrnatilgan. Vagonlar konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq oʻrindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari hamda Wi-Fi tarmogʻi bilan jihozlangan. Shuningdek, videokuzatuv tizimlari, elektron axborot tablolari va velosipedlar uchun maxsus joylar mavjud.

Tezkor elektropoyezdning qatnovga qoʻyilishi avtomobil yoʻllaridagi transport yuklamasini kamaytirish va ekologik toza transport ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz temir yoʻl infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yoʻlovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, tarmoqlarni elektrlashtirish va temir yoʻllarga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari vokzal infratuzilmasi, xizmat koʻrsatish sifati va yoʻlovchilar harakatini samarali tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid