Prezident Bekoboddagi mahallada boʻlib, faollar bilan muloqot qildi
Doʻstlik mahallasi hududi hozir 28 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 33 ta koʻp qavatli uy, xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti, futbol maydoni, 16 ta sport va bolalar maydonchasi hamda kutubxona mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida “Xos yoz” kanali boʻyi va Doʻstlik mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bir paytlar eʼtibordan chetda qolgan, qarovsiz va tartibsiz boʻlgan “Xos yoz” kanalining boʻyi bugun shaharning eng goʻzal goʻshasiga aylandi. Endilikda mahallalar yaqinida barcha qulayliklarga ega zamonaviy ekologik makon paydo boʻldi.

Hududni kompleks rivojlantirish boʻyicha master-reja doirasida 3 kilometr uzunlikda maxsus piyodalar yoʻlagi va 5,4 kilometrlik mustahkam toʻsiqlar qurildi, 2 ta koʻprik qad rostladi. Shuningdek, loyiha natijasida sohil boʻyida 27 ta yangi savdo va zamonaviy xizmat koʻrsatish obʼekti tashkil etilib, 167 ta yangi doimiy ish oʻrni yaratildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda sport bilan shugʻullanayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
Doʻstlik mahallasi hududi hozir 28 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 33 ta koʻp qavatli uy, xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti, futbol maydoni, 16 ta sport va bolalar maydonchasi hamda kutubxona mavjud.
Joriy yilda tadbirkorlar tomonidan 1,1 milliard soʻm investitsiya kiritilib, 10 ta xizmat koʻrsatish obʼekti va 1 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etildi. Natijada 25 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, tashabbuskorlar mablagʻlari hisobidan “Vatanparvar bogʻi” ham barpo qilindi. Unda harbiy texnika namunalari oʻrnatilib, xizmat koʻrsatish obʼektlari qurildi.
“Tashabbusli byudjet” mablagʻlari hisobidan mahalla hududida Bekobod shahri muzeyi tashkil etildi. Mahallada nuroniylar va mehnat faxriylarining dam olishi, uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish uchun yogʻoch konstruksiyali yozgi shiypon qad rostladi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mahalla faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy muloqot qildi.
– Barcha amalga oshirayotgan ishlarimiz, barpo etilayotgan obʼektlarimiz va loyihalarimiz, avvalo, aholiga xizmat qilishi, insonlar hayotini yaxshilashi kerak. Odamlar oʻz mahallasida, shahrida kechayotgan oʻzgarishlarni his qilishi, ularning samarasini kundalik hayotida koʻrishi kerak.
Har safar hududlarga kelganimizda insonlar Yangi Oʻzbekiston islohotlarining nafasini, uning yangilanish va taraqqiyot shabodasini his etishi zarur. Bekobod shahri ham oʻzining mehnatkash va fidoyi aholisi, iqtidorli yoshlari, hayot tajribasiga ega nuroniylari bilan yanada obod va taraqqiy etgan maskanga aylanishi kerak.
Biz yoshlarimizning orzu intilishlari, nuroniylarimizning ezgu niyat va maqsadlari roʻyobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz, – dedi Prezidentimiz.
Shuning bilan Prezidentimizning Bekobodga safari yakuniga yetib, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.
