Oʻzbekistonda 1,5 mlrd tonna temir ruda zaxirasi mavjudligi maʼlum qilindi
Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari borligi prognoz qilingan. Davlat rahbari bunday yirik loyihalarda temir sifatini oshirish uchun marganets va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini taʼkidladi.

Mamlakatimizda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish boʻyicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.
Ushbu kondan temir konsentrati 2027 yildan boshlab kombinatga yetkazib berilishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, “Tebinbuloq” konini uch-toʻrt yilda ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna poʻlat ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini sotib olish boʻyicha memorandum imzolangani qayd etilib, tez fursatda shartnomani rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo olib kelishni boshlash vazifasi qoʻyildi.
Metallurgiya sohasidagi yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha boʻlgan toʻliq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Samarqanddagi korxona temir koni berilsa, xomashyo qazib olishga 500 million dollargacha sarmoya kiritish tashabbusini bildirgan. Bekobod metallurgiya kombinati esa xomashyo bazasini kengaytirish uchun Forishdagi 32 million tonna temir resursiga ega “Temirkon”ni oʻzlashtirishni soʻragan.
Prezidentimiz buning uchun sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari borligi prognoz qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday yirik loyihalarda temir sifatini oshirish uchun marganets va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini taʼkidladi.
Mutasaddilarga ushbu maydonlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, bir oyda temir va uni boyitishga zarur minerallar zaxirasini koʻpaytirish boʻyicha geologiya dasturini kiritish topshirildi.
Hudud rahbarlariga mazkur ishlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi qoʻyildi.
Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin oʻrta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari boʻyicha yigʻilishdan soʻng hokimlar metall mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalarni boshlagani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror taʼminlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish boʻyicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 million dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.
