Bangkokdagi barda yongʻin: 27 kishi halok boʻldi
Yana 63 kishi jarohat oldi, ulardan 22 nafari ogʻir ahvolda. Yongʻinning dastlabki sababi qisqa tutashuv ekani aytildi.

Bangkokdagi mashhur barda sodir boʻlgan yongʻinda 27 kishi halok boʻldi.
Yana 63 kishi jarohat oldi, ulardan 22 nafari ogʻir ahvolda. Yongʻin 13 iyul kuni kechqurun Chatuchak tumanidagi Na Ladprao barida sodir boʻlgan.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, sahna yaqinidagi yorugʻlik tugmachasidan tutun chiqa boshlagan. Keyin portlash sodir boʻlgan va mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, elektr uzilib qolgan.
Alanga tezda shift bezaklari orqali tarqalib, bir necha daqiqa ichida butun barni qamrab olgan. Vahimaga tushgan koʻplab odamlar yongʻin chiqish joylari joylashgan barning orqa tomoniga yugurishgan, ammo qochib qutula olmagan.
Oʻt oʻchiruvchilarga yongʻinni nazorat qilish uchun yarim soatcha vaqt kerak boʻlgan.
Bangkok Tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish departamenti maʼlumotlariga koʻra, yongʻinning dastlabki sababi qisqa tutashuvdir.
Chatuchak bozori - Bangkokda joylashgan Tailanddagi eng yirik ochiq bozor. Unda 15 000 dan ortiq doʻkonlar mavjud boʻlib, ularda siz suvenirlardan tortib koʻcha taomlarigacha boʻlgan hamma narsani topishingiz mumkin.
