platina.uz
Maqola

Jazirama issiq, El-Nino va Oʻzbekiston

El-Nino hodisasi bevosita Oʻzbekistonga taʼsir koʻrsatmaydi. Lekin u juda katta masofalar orqali atmosfera sirkulyatsiyasini oʻzgartirib, Markaziy Osiyo ob-havosiga ham taʼsir qilishi mumkin.

Jazirama issiq, El-Nino va Oʻzbekiston

Hozir koʻpchilikning xayolida “bu jazirama yoz hech qachon tugamasa kerak” degan fikr va hissiyotlar gʻujgʻon oʻynayotgan boʻlsa ajab emas. Albatta fasllar almashadi, yoz ham tugaydi. Lekin endi u kechikadi. Sentabrga, oktabrga, qishga oʻtib ketadi va oʻzining ortidan kuyib jizgʻanak boʻlgan yerlarni, choʻgʻdek qizib ketgan shaharlarni va endi sovishga ulgurmaydigan tanalarni qoldiradi.

Sinoptiklarning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonga +42 darajagacha boʻlgan issiq havo harorati qaytmoqda. Prognozlarga koʻra, iyul oyi boshida kuzatilgan salqin ob-havodan soʻng, ushbu haftada harorat asta-sekin koʻtarilib boradi. Shimolda, janubda va choʻl hududlarda havo kunduzi +39…+42 darajagacha isiydi. Joylarda shamol kuchayib, chang-toʻzonlar kuzatilishi mumkin.

Koʻz oldimizda erib borayotgan Yevropa

Afrika va Osiyo uchun jazirama issiqlar xavotirli yangilik emas. Ammo endi Yevropa va Shimoliy Amerika ham issiqdan aziyat chekyapti. Yaqin-yaqinlargacha Yevropa issiqni “janubliklarga xos muammo” deb oʻylab kelgan. Lekin endi Parijda ham asfalt va yoʻl chiroqlari erib ketyapti, Germaniyada temir yoʻllar issiqdan qiyshayib ketmoqda. Italiya va Ispaniyada esa yoz uzoq davom etadigan jazirama “chilla” mavsumiga oʻxshab boryapti.

Soʻnggi yillardagi yozgi issiq toʻlqinlari oʻn minglab odamlar hayotini olib ketmoqda. Shovqin-suron bilan emas, vayronagarchilik bilan emas — jimgina odamlar umriga zomin boʻlmoqda. Shifoxonalarda issiqdan halloslagan va behol boʻlib hushidan ketgan odamlar koʻpaygan. Sababi – yevropaliklar tarixan issiqqa emas, sovuq iqlimga moslashgan va infratuzilma hamda hayot tarzi ham sovuqqa bardosh berishga qaratilgan, issiqqa emas.

Shu paytgacha Shveysariya muzliklari asrlar davomida qilt etmay turadigan reallik boʻlib tuyulardi, lekin bugun ular ham koʻz oʻngimizda erib, yoʻqolib bormoqda. Togʻlardagi qor aslida muzni himoya qilishi kerak, lekin u endi “himoya qalqoni” vazifasini bajarishga ulgurmasdan erib ketyapti. Muz himoyasiz qolyapti — va yanada tezroq erib ketmoqda. Togʻlarda qor oʻrniga yalangʻoch qoya-toshlar, avval muz massalari joylashgan yerlarda xavfli boʻshliqlar, ob-havoning “qosh-qovogʻiga” qarab qolgan daryolar qoldi.

Zamonaviy shahar — issiqlik generatori

Asfalt, oyna, beton — bular faqat qurilish materiallari emas. Bular issiqlik akkumulyatorlaridir. Kunduzi ular quyosh nurini yutadi. Tunda esa uni toʻliq chiqarib yubormaydi. Va shahar sovishga ulgurmaydi.

Soʻng yangi tong otib yangi issiqlik keladi — va infratuzilma zoʻriqib ishlay boshlaydi. Elektr tarmoqlariga bosim ortadi. Konditsionerlar hamma joyda ishlaydi. Transformatorlar oʻz imkoniyatlari chegarasida ishlayapti. Qiziq jihati shundaki, aynan sovitish tizimi infratuzilmani battar zoʻriqtirib, qizdirib yubormoqda.

Yevropada konditsionerlar uchun jang

Gʻarbiy Yevropa misli koʻrilma issiqlik rekordini oʻrnatdi. Ayrim joylarda harorat 50 darajagacha koʻtarilgan.

Jazirama issiqdan saqlanish uchun barcha vositalar ishga solinyapti. Fransiyada iyul boshida 3 kun ichida havo harorati 40 darajadan oshib, tarixiy rekordlarni yangiladi. Anomal issiq sababidan 1300 kishi oʻldi. Oʻlikxonalar toʻlib ketgan. Avvalroq mamlakatda konditsionerlardan foydalanish masalasi siyosiy bahslarga sabab boʻldi.

Fransiyadagi uylarning atigi 25 foizida konditsioner mavjud. Kuchli issiq tufayli koʻchma konditsioner va shamollatgichlarga talab keskin oshgan. Doʻkonlarda bu texnika uchun rostmana janglar kuzatilmoqda. Avval konditsionerlarga qarshi boʻlgan ekologlar ham endi maktab va shifoxonalarda ulardan foydalanish zarurligini tan olmoqda. Shu bilan birga, ayrim siyosatchilar barcha maktab va shifoxonalarni konditsioner bilan jihozlash boʻyicha davlat dasturini taklif qilgan.

Lekin konditsionerlarga ruxsat berilgan taqdirda ham, vaziyat ancha murakkab. Chunki eski binolar koʻp, ularga osonlikcha konditsioner oʻrnatib boʻlmaydi. Yevropada qattiq energiya samaradorligi qoidalari ham harakatlarni cheklaydi. Tarixiy shaharlarni modernizatsiya qilish qimmatligi va konditsionersiz yashashga oʻrgangan madaniy odatlar ham ahvolni murakkablashtiradi. Natijada paradoks yuzaga keladi: konditsionerlar taqiqlanmagan — lekin ular eng kerak boʻlgan joylarda mavjud emas. Hozir bu Yevropaning eng katta zaif jihati boʻlmoqda.

Jazirama issiq Shimoliy Amerika qitʼasini ham oʻz zabtiga olgan. Masalan, AQShda Yer yuzidagi eng issiq oy qayd etildi. Oʻlim vodiysida hatto kechalari ham harorat 35 darajadan pastga tushmagan. NBC xabariga koʻra, Qoʻshma Shtatlarning janubiy, Oʻrta Gʻarb va Sharqiy sohil hududlarini qamrab olgan anomal issiq havo toʻlqini oqibatida kamida 25 kishi hayotdan koʻz yumdi. Eng koʻp oʻlim holatlari Nyu-Jersi shtatida qayd etilgan boʻlib, ularning 22 nafari 30 yoshdan 80 yoshgacha boʻlgan fuqarolardir. Shtat sogʻliqni saqlash departamenti vakili Dalya Evaysning taʼkidlashicha, bu oddiy yozgi issiqlik emas. Havo haroratining bu qadar koʻtarilishi odamlar va hayvonlar uchun, yoshidan qatʼi nazar, juda tez xavfli tus olishi mumkin.

El-Nino - aybdor emas, kuchaytiruvchi omil

Hozirgi global anomal jaziramaga El-Nino hodisasini aybdor deb oʻylashadi. Bunga asos bor - joriy yil 3 iyul holatiga koʻra, Tinch okeanida El-Nino iqlim hodisasi shakllangan va u global jaziramaga sabab boʻlmoqda. Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) prognozlariga koʻra, El-Nino iyuldan sentabrgacha faol rivojlanadi, uning eng kuchli davri esa noyabr–fevral oylariga toʻgʻri keladi.

El-Nino — bu tabiiy hodisa boʻlib, unda Tinch okeanining ekvator qismida suv harorati anomal darajada yuqorilaydi. Gap shundaki, har bir necha yilda Tinch okeani “rejimni almashtiradi”. Bu hodisa El-Nino deb ataladi. U global isishni yaratmaydi. Lekin xuddi lupa kabi mavjud issiqlikni kuchaytiradi. Va u oldindan qizib turgan sayyora bilan bir vaqtga toʻgʻri kelsa, taʼsir xavfli darajaga chiqadi.

Maʼlumot uchun, El-Nino — bu Tinch okeanining ekvator qismida yuz beradigan tabiiy iqlim hodisasi boʻlib, u butun dunyo boʻylab ob-havoga taʼsir qiladi.

Normal sharoitda Tinch okeanining ekvator qismida kuchli shamollar sharqdan gʻarbga - Janubiy Amerikadan Avstraliya va Osiyo tomon esadi. Ular issiq suvni gʻarbga, yaʼni Osiyo tomon surib boradi. Janubiy Amerika qirgʻoqlarida esa okean tubidan sovuq suv koʻtariladi. Bu barqaror iqlim tizimini hosil qiladi.

El-Nino vaqtida esa oʻzgarish yuz beradi. Shamollar zaiflashadi yoki yoʻnalishini oʻzgartiradi. Issiq suv oqimi gʻarbda toʻplanib qolmay, sharq tomon qayta tarqaladi. Janubiy Amerika qirgʻoqlarida suv odatdagidan ancha issiq boʻlib qoladi.

Okean va atmosfera bir-biri bilan bogʻliq tizim. Okean harorati oʻzgarsa, butun dunyoda ob-havo ham oʻzgaradi. El-Nino bir qancha oqibatlarga olib keladi.

Avvalo, baʼzi hududlarda, masalan, Janubiy Amerikada, kuchli yomgʻir va suv toshqinlari paydo boʻladi. Boshqa joylarda, masalan, Avstraliya va Indoneziyada qurgʻoqchilik kuzatiladi.

Baʼzi mintaqalarda qish odatdagidan koʻra issiqroq keladi. Bu esa tabiiy resurslarni oʻzlashtirishda muammolar tugʻdiradi. Masalan, qish issiq kelsa, Rossiyada oʻrmonlarda qor boʻlmaydi va yerlar balchiqqa va botqoqqa aylanadi. Natijada daraxt kesuvchi texnikalar oʻrmonga kira olmaydi va toʻlaqonli ishlay olmaydi. Natijada daraxt kesish hajmi pasayib ketadi. Shuningdek, bu hodisa qishloq xoʻjaligi va baliqchilikka salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Shu bilan birga, okean oqimlarida bunga teskari holat — La-Ninya ham bor. Unda aksincha, Tinch okeanining sharqiy qismi soviydi va shamollar kuchayadi.

Qisqasi, El-Nino — boʻron yoki toʻfon emas, balki okean haroratining oʻzgarishi boʻlib, u butun dunyo iqlimiga taʼsir qiladi. Uning hosil boʻlishiga inson faoliyatining ekologiyaga salbiy taʼsiri bevosita sabab boʻlmaydi. El-Nino takrorlanib turadigan sikl sifatida bitta yagona sabab tufayli emas, balki tropik Tinch okeanidagi “okean–atmosfera” butun tizimi doimiy ravishda muvozanatga intilishi, lekin uni hech qachon mutlaq mukammal holda saqlay olmasligi sababli vujudga keladi. Boshqacha qilib aytganda, Yer sayyorasida okean va atmosfera doim bir-birini “tebratib turadi”.

El-Ninoning Oʻzbekistonga taʼsiri

El-Nino hodisasi bevosita Oʻzbekistonga taʼsir koʻrsatmaydi. Lekin u juda katta masofalar orqali atmosfera sirkulyatsiyasini oʻzgartirib, Markaziy Osiyo ob-havosiga ham taʼsir qilishi mumkin. Chunki El-Nino Tinch okeanning tropik qismida yuz beradi, Oʻzbekiston esa undan juda uzoqda. Shuning uchun u ob-havoni toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzgartirmaydi. Lekin atmosfera — bu butun dunyo boʻylab ulangan tizim. Bir joydagi oʻzgarish boshqa joyga ham “toʻlqin” kabi tarqaladi.

Lekin El-Nino yillarida Oʻzbekistonda ham bir qator oʻzgarishlar yuz beradi. Xususan, baʼzi yillarda qish iliqroq keladi, qor kamroq yogʻishi ehtimoli oshadi. Yomgʻir va qor miqdori oʻzgaruvchan boʻladi - baʼzi yilm koʻp, baʼzi yili kamroq boʻladi. Bahor faslida notekis yogʻingarchilik kuzatilishi mumkin. Qishloq xoʻjaligida esa, quruq yillarda sugʻorishga ehtiyoj ortishi mumkin. Bu omillar birgalikda hosil miqdoriga bilvosita taʼsir qiladi.

Oʻzbekiston Tinch okeanidan ancha uzoqda joylashgan boʻlsada, El-Nino global atmosfera oqimlarini oʻzgartiradi. Shamol yoʻllari siljiydi, okeandan atmosferaga chiqadigan issiqlik oʻzgaradi. Natijada Yevroosiyoga keladigan havo massalari ham boshqacha xususiyatda boʻladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda ob-havoni faqat El-Nino emas, boshqa omillar - Atlantika okeani, Arktika havo massalari, mahalliy iqlim sikli hamda La-Ninya (qarama-qarshi holat) ham belgilaydi. Shuning uchun El-Nino faqat “ehtimolni oʻzgartiradi”, aniq har bir yil xususyaitini belgilab bermaydi.

Markaziy Osiyo: iqlim muammolari markazida

Agar Yevropada muammo - shaharlarning qizib ketishi boʻlsa, Markaziy Osiyoda — hayot uchun kerakli resurslarning qizib ketishida koʻrinadi. Bu yerda muammo faqat harorat emas, balki hayotning asosi — suv bilan bogʻliq.

Xususan, Oʻzbekistonda iqlim xavfi uchta kuchayib borayotgan omil bilan izohlanadi.

Birinchisi, haroratning oʻsishi. Yoz uzayadi, ekstremal issiqlik esa odatiy holga aylanmoqda. +40°C davrlar endi istisno emas.

Ikkinchisi, suv tanqisligi. Suv bilan taʼminlash Amudaryo va Sirdaryo Tyan-Shan va Pomir muzliklariga bogʻliq — bu muzliklar maydoni esa qisqarib bormoqda. Natijada, yozda kamroq suv, bahorda erta oqim choʻqqilari, eng issiq paytda suv tanqisligiga duch kelinadi.

Uchinchisi, bugʻlanishning kuchayishi. Harorat qancha yuqori boʻlsa, shuncha koʻp suv atmosferaga chiqib ketadi. Qishloq xoʻjaldigi ekinlari tez chanqaydi va tez sugʻorishga keladi.

Bu ham kamlik qilgandek, Tyan-Shan muzliklari - Markaziy Osiyo suvlarining strategik zaxirasi boʻlsada, ular tez qisqarish bosqichiga kirgan. Buning oqibatida qishda kamroq qor yigʻiladi, yozda qor tezroq erib ketadi. Bu bir yillik falokat emas. Bu mintaqaning suv zaxirasining sekin-asta yoʻqolib borayotganini anglatadi.

Xulosa: tizim zahirasini yoʻqotmoqda

Bugungi iqlim dinamikasi — faqat isib ketish bilan tushunilmaydi. Bu — sayyoraning iqlim zaxirasining asta-sekin yoʻqolishini anglatadi.

Avvallari iqlim - tarixning foni edi. Endi u uning asosiy ishtirokchisiga aylanmoqda. Eng xavotirli belgi - haroratning oʻsishi emas. Balki tizim allaqachon chegarada ishlashni boshlagani — va keyingi chegara qayerda ekani hali nomaʼlumligida. Jazirima issiqni endi “norma” deb qabul qila boshlaganimizda...

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid