Janubiy Koreya va AQShga yuborishni vaʼda qilganlar qoʻlga olindi
Namanganlik shaxs tanishlari orqali “Oʻzbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh” yoʻnalishida joʻnatish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan.

Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy yuborishni vaʼda qilgan “uddaburonlar” ushlandi.
Toshkent shahrida yashovchi, 1994 va 1999 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs oʻzaro til biriktirib, fuqarolarning ishonchiga kirishgan.
Ular tanishlari koʻmagida “G-1” vizasini olib berish orqali ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni, keyinchalik esa ushbu davlat hududida doimiy yashash uchun guvohnoma tayyorlatib berishni vaʼda qilishgan.
“Uddaburonlar” oʻz xizmat haqlari evaziga 55 ming AQSh dollari talab qilishib, oldindan 25 ming dollar olgan vaqtlarida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi, 2001 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 168-modasi (firibgarlik) bilan sudlangan fuqaro oʻzganing ishonchiga kirib, uni noqonuniy yoʻllar bilan Qoʻshma Shtatlarga yuborishni taklif qilgan.
Xususan, tanishlari orqali “Oʻzbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh” yoʻnalishida joʻnatish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunbuzar soʻralgan pul mablagʻi hisobidan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
