Isroil va AQSh doʻstligiga darz ketadimi?
Bugun Isroil oʻzini "kichik sherik" emas, balki mustaqil kuch markazi sifatida koʻrsatishga harakat qilmoqda. AQSh esa ilk bor Isroil bilan munosabatlarni shartsiz aksioma emas, balki milliy manfaatlar asosida qayta koʻrib chiqiladigan ittifoq sifatida baholashga kirishdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat AQShning moliyaviy yordamidan voz kechish niyatida ekanini maʼlum qildi. Yaqingacha bunday bayonot siyosiy fantastikadek tuyular edi. Shu bilan birga, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensning Vashington Isroilning «eng asosiy ittifoqchisi» ekanini eslatgan bayonotiga javoban, Isroil endilikda boshqa doʻstlarga ham ega ekanini taʼkidladi.
Bir qarashda bu moliyaviy masala kabi koʻrinadi. Ammo buning ortida ancha kengroq jarayon yotibdi. Zamonaviy xalqaro munosabatlarda eng mustahkam hisoblangan harbiy-siyosiy ittifoqlardan birining bosqichma-bosqich transformatsiyasiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Gap endi Isroil har yili AQShdan qancha milliard dollar olishida emas. Asosiy masala — oʻnlab yillar davomida deyarli uzilmas deb hisoblangan ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning mantigʻi oʻzgarmoqda.
Bugun Isroil oʻzini «kichik sherik» emas, balki mustaqil kuch markazi sifatida koʻrsatishga harakat qilmoqda. AQSh esa ilk bor Isroil bilan munosabatlarni shartsiz aksioma emas, balki milliy manfaatlar asosida qayta koʻrib chiqiladigan ittifoq sifatida baholashga kirishmoqda. Shu sababli hozirgi jarayonni Yaqin Sharq siyosatida yangi davr boshlanishi sifatida baholash mumkin.
“Sovuq urush”dan keyin shakllangan ittifoq
AQSh va Isroil oʻrtasidagi maxsus munosabatlar bosqichma-bosqich shakllangan. 1948 yilda Isroil tashkil etilgandan soʻng AQSh yordami muhim boʻlgan, ammo hali ustuvor emas edi. Tub burilish 1967 yilgi Olti kunlik urush va ayniqsa 1973 yilgi Oktabr urushidan keyin yuz berdi. Oʻsha paytdan boshlab Vashington Isroilni Yaqin Sharqdagi asosiy strategik hamkori sifatida tanladi.
Shundan keyingi oʻn yilliklarda AQSh Isroilga yuz milliardlab dollar yordam koʻrsatdi. Turli harbiy dasturlar, qurol-yarogʻ yetkazib berish, qoʻshma ishlanmalar va diplomatik qoʻllab-quvvatlash avjiga chiqdi. Biroq bu ittifoq faqat xayrixohlikka asoslanmagan. Isroil AQShga razvedka maʼlumotlari berdi, yangi harbiy texnologiyalarni sinovdan oʻtkazish maydoni boʻldi va mintaqadagi raqiblarga qarshi strategik tayanch vazifasini bajardi. Ana shu nuqta muhim – Isroil AQShning Yaqin Sharq mintaqasidagi ishonchli “qoʻli” boʻlib keldi.
Qolaversa, AQShdagi kuchli yahudiy lobbisi – AIPAC tuzilmasi Vashingtonni Isroilga yordam berishi va qoʻllab quvvatlashga muntazam “majburlab” keldi.
Maʼlumot uchun, AIPAC – 1953 yil 3 yanvarda tashkil etilgan boʻlib, 396 nafar xodim (2013 yilda) va 156 mln dollar (2024) yillik aylanmaga ega. (Bu haqda batafsil maʼlumot uchun Platina.uz’da eʼlon qilingan “AIPAC oʻrgimchagi: lobbi xalqdan kuchli boʻlgan voqelik” maqolasida oʻqing).
Lekin endi dunyo oʻzgardi.
Isroil endi «yordam oluvchi davlat» emas
Netanyahu AQSh yordamini «ishsizlik nafaqasi»ga qiyoslaganda, bu faqat siyosiy gap emas, balki real iqtisodiy holatga ishora edi. AQShning mislsiz va barcha sohgʻalardagi yordami sharofati bilan, hozirgi kunda Isroil jahonning eng innovatsion iqtisodiyotlaridan biri hisoblanadi. U kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, biotexnologiya va harbiy sanoat sohalarida yetakchi oʻrinda. Shuning uchun AQShdan keladigan yillik yordam mamlakat YaIMining juda kichik qismini tashkil etadi. Ammo bu yerda asosiy farq bor: pul bilan strategik bogʻliqlikni almashtirib boʻlmaydi.
Ekspertlarning aytishicha, inqirozning asosiy sababi — pul emas. Haqiqiy ziddiyatlar ancha chuqur. AQSh va Isroil Yaqin Sharq kelajagini turlicha koʻradi.
Isroil uchun asosiy tahdid — Eron. AQSh esa uzoq urushlardan soʻng yangi harbiy mojarolardan qochishga intilmoqda va diplomatik kelishuvlarga koʻproq ustuvorlik bermoqda.
Aynan shu nuqtada ikki ittifoqchining yoʻllari ayro tushadi.
AQSh ham oʻzgarmoqda
AQSh tashqi siyosatida Yaqin Sharqdan Indo-Tinch okeani mintaqasiga siljish kuzatilmoqda. Asosiy raqib — Eron emas, balki Xitoy boʻlyapti. Shu bilan birga AQSh jamoatchiligida tashqi yordamlarni qisqartirish va ichki muammolarga koʻproq eʼtibor qaratish tendensiyasi kuchaymoqda. Bu esa Isroil bilan munosabatlarni «shartsiz qoʻllab-quvvatlash» modelidan «manfaatga asoslangan hamkorlik» modeliga oʻtkazmoqda.
Eron omili va strategiyalar toʻqnashuvi
Agar AQSh va Isroil munosabatlaridagi sovutishning asosiy sababini izlash kerak boʻlsa, u shubhasiz Eron masalasi boʻladi. Aynan Tehronning yadroviy dasturi, mintaqaviy taʼsiri va u bilan qanday munosabatda boʻlish kerakligi haqidagi qarama-qarshiliklar bugungi ziddiyatlarning markazida turibdi.
Muhim jihat shuki, AQSh va Isroil Eronni tahdid sifatida baholashda kelishadi, ammo unga qarshi kurash usullarida keskin farq qiladi. Isroil uchun Eron — mavjudlikka tahdid. Shuning uchun Tel-Aviv siyosati quyidagi tamoyilga asoslanadi: Eron yadroviy qurolga ega boʻlmasligi kerak, bu har qanday narx evaziga ham.
AQSh esa soʻnggi urushlar tajribasidan kelib chiqib, yangi katta harbiy mojarolardan qochishga intilmoqda. Shu sababli Vashington muzokaralar, sanksiyalar va cheklovlar orqali muvozanat saqlashga harakat qilmoqda. Aynan shu qarama-qarshilik ikki davlat oʻrtasidagi ishonchni susaytirmoqda.
Ayniqsa shu kunlardagi AQSh-Eron muzokaralarida Isroil jarayon gʻildiragiga pona qoqib, bir necha marta Trampning gʻazabiga duchor boʻlganini ham eslatib oʻtish joiz.
Netanyaxu va Tramp: ittifoqdan murakkab munosabatlarga
Birinchidan, Donald Tramp va Binyamin Netanyaxu oʻrtasidagi munosabatlar uzoq vaqt davomida juda yaqin boʻlgan. Trampning avvalgi prezidentlik davrida Isroil uchun bir qator muhim qarorlar qabul qilingan.
Quddusning Isroil poytaxti sifatida tan olinishi, AQSh elchixonasining koʻchirilishi, Joʻlon tepaliklari boʻyicha Isroil pozitsiyasini tan olish, bir qator mintaqaviy kelishuvlar, jumladan Avraam kelishuvlari shular jumlasidandir. Taʼkidlash kerak, AQSh Isroilni rozi qilish uchun xalqaro kelishuvlar va xalqaro tashkilotlarning qarorlarini ham oyoq osti qildi.
Biroq hozirgi vaziyatda manfaatlar toʻliq mos kelmaydi. Tramp uchun asosiy maqsad — AQShni yangi urushlarga kiritmaslik va resurslarni tejash. Isroil uchun esa asosiy vazifa — uzoq muddatli xavflarni yoʻq qilish. Shu sababli shaxsiy munosabatlar yaxshi boʻlsa ham, davlat manfaatlari turlicha yoʻnalishda harakat qilmoqda.
Isroilning mustaqil (qaysarona) harakatlari
Soʻnggi yillarda Isroil bir qator holatlarda AQSh pozitsiyasi bilan toʻliq kelishmasdan harakat qilgani kuzatilmoqda. Jumladan Livan janubidagi harbiy mavjudligini saqlab qolmoqchi, Eronga nisbatan qatʼiy siyosat yuritmoqda va Falastin davlatchiligi masalasida keskin pozitsiyada turibdi. Yaʼni Falastin davlati tuzilishiga mutlaqo qarshi.
Vashington esa koʻproq deeskalatsiya va diplomatik barqarorlikka intiladi. Bu esa ittifoq ichida yangi tengsizlik emas, balki siyosiy mustaqillik kuchayganini koʻrsatadi.
AQSh-Isroil ittifoqi buziladimi?
Xoʻsh, AQSh-Isroil ittifoqi buziladimi? Bu savolga, “yoʻq, lekin u oʻzgarmoqda” deya javob berish toʻgʻri boʻladi.
Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik harbiy texnologiyalar, razvedka maʼlumotlari almashinuvi, kiberxavfsizlik, qoʻshma mudofaa dasturlari kabi sohalarda saqlanib qoladi. Biroq moliyaviy yordamning qisqarishi va siyosiy bosimning oshishi ehtimoldan xoli emas.
“Isroilning boshqa doʻstlari”: real muqobil mavjudmi yoki shunchaki diplomatik signalmi?
Netanyaxuning “Isroilda AQShdan tashqari ham doʻstlar bor” degan bayonoti tashqi koʻrinishda yangi geosiyosiy yoʻnalishni anglatgandek tuyuladi. Biroq real tahlil shuni koʻrsatadiki, bu soʻzlar koʻproq strategik signal, yaʼni Vashingtonga qaratilgan diplomatik pozitsiyadir. Chunki hech bir davlat yoki davlatlar guruhi AQShning Isroil uchun bajaradigan barcha funksiyalarini toʻliq almashtira olmaydi. Harbiy kafolat, razvedka hamkorligi, texnologiyalar, diplomatik qoʻllab-quvvatlash va xalqaro maydonda siyosiy himoya – shunday muhim funksiyalar hisoblanadi.
Lekin tan olish kerak, Isroil soʻnggi oʻn yilliklarda haqiqatan ham tashqi aloqalarini sezilarli darajada kengaytirdi va diversifikatsiya qildi.
Hindiston va yangi global hamkorlik modeli
Hindiston bu kontekstda eng muhim hamkorlardan biridir. Hindiston bilan munosabatlar faqat qurol savdosi bilan cheklanmaydi.
Hindiston Isroil uchun - yirik bozor, mudofaa texnologiyalari xaridori, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkor, va geosiyosiy jihatdan Eron va Xitoy bilan muvozanat omilidir. Ayniqsa Hindistonda hozirgi bosh vazir Narindra Modi davrida keskin islomofob siyosat yuritilayotgani Isroilga maʼqul kelgan boʻlsa ajab emas.
Biroq Hindiston ham muvozanat siyosati olib boradi va barcha tomonlar bilan aloqalarni saqlashga harakat qiladi.
Arab davlatlari bilan yaqinlashuv
“Ibrohim kelishuvlari” orqali Isroilning bir qator arab davlatlari bilan munosabatlari keskin oʻzgardi. Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Marokash bilan normallashuv Isroilni mintaqaviy izolyatsiyadan chiqarishda muhim qadam boʻldi.
Bu hamkorliklar asosan texnologiyalar, investitsiyalar, energetika, savdo sohalarida rivojlanmoqda. Masalan, Isroil yaqinda BAAda Eron hujumlariga qarshi “Temir gumbaz” havodan mudofaa tizimlari oʻrnatganini tan oldi. Biroq bu davlatlar ham Isroilning harbiy ittifoqchisi emas, balki pragmatik hamkorlardir.
Rossiya, Xitoy va Turkiyaning roli
Yangi geosiyosiy muhitda AQSh taʼsirining nisbatan pasayishi boshqa yirik kuchlar uchun imkoniyat yaratadi. Xitoy iqtisodiy taʼsir orqali mintaqadagi oʻrnini kengaytirmoqda. Rossiya esa diplomatik muvozanat siyosatini olib borib, ham Isroil, ham Eron, ham arab davlatlari bilan munosabatlarni saqlab kelmoqda. Turkiya mintaqada mustaqil markaz sifatida oʻz taʼsirini kuchaytirishga harakat qilmoqda va koʻp holatlarda vositachi rolini oʻynamoqda.
Biroq bu kuchlardan hech biri AQShning harbiy va texnologik taʼsirining oʻrnini toʻla bosa olmaydi.
Isroil ichki siyosati va Netanyaxu strategiyasi
Netanyaxuning bayonotlari faqat tashqi siyosat emas, balki ichki siyosiy hisob-kitob bilan ham bogʻliq.
Yaqinlashib kelayotgan siyosiy sikllar sharoitida u oʻzini qatʼiy yetakchi, milliy xavfsizlik kafolatchisi va mustaqil qaror qabul qila oladigan lider sifatida koʻrsatishga harakat qilmoqda. Yaʼni AQShsiz hech narsa qila olmaydigan davlat va yetakchi mavqesidan voz kechmoqchi, Vashington soyasida qolib ketishni istamayapti.
Shuningdek, AQShga nisbatan mustaqillik haqidagi bayonotlar ichki auditoriyada siyosiy qoʻllab-quvvatlovni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yangi Yaqin Sharq: koʻp qutbli tizim
Bugungi kunda Yaqin Sharqda yagona ustuvor markaz yoʻq. Mintaqada bir vaqtning oʻzida bir nechta kuch markazlari mavjud. Isroil, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari yagona kuch markazida atrofida jipslasha olmaydi. Bu esa mintaqa siyosatini ancha murakkab va beqaror qiladi. Mintaqada AQSh taʼsiri saqlanib qolsa-da, u avvalgidek mutlaq va kuchli emas.
Asosiy ssenariylar
Xoʻsh, Netanyahu oʻz rejalarini amalga oshirib, AQSh yordamidan voz kechsa, nimalar oʻzgaradi?
Evolyutsion (eng ehtimoliy) ssenariyga koʻra, tabiiyki, AQSh yordami qisman kamayadi. Lekin harbiy hamkorlik saqlanadi. Shu bilan birga Isroil mustaqilligi oshadi, ammo strategik ittifoqqa putur yetmaydi.
Yangilangan pragmatik ittifoq ssenariysida esa moliyaviy yordam oʻrniga texnologiyalar, sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik hamkorligi, tengroq munosabat modeli paydo boʻlishi mumkin.
Inqirozil ssenariyda esa AQSh va Eron kelishuvi, Isroilning mustaqil harbiy harakatlari va siyosiy keskinlik kuzatilishi mumkin. Biroq shunda ham toʻliq ajralish ehtimoli juda past.
Xulosa
Bugun AQSh va Isroil munosabatlari buzilmayapti — ular oʻzgarmoqda. Bu oʻzgarishning asosiy sababi pul emas, balki global tizimning transformatsiyasidir.
Isroil kuchayayotgan, AQSh esa global ustuvorliklarini qayta taqsimlayotgan sharoitda ikki davlat ham yangi reallikka moslashmoqda. Bu jarayonni “ajralish” deb emas, balki “yetuklashuv” deb atash toʻgʻriroq boʻlar edi.
Zero, xalqaro munosabatlarda eng barqaror ittifoqlar ham vaqt oʻtishi bilan oʻz tabiatini oʻzgartiradi. Bugungi kunda AQSh va Isroil munosabatlari ham shu bosqichga - emotsiyadan pragmatizmga, iyerarxiyadan nisbiy tenglikka oʻtish bosqichiga kirdi. Bu jarayonning natijasi esa nafaqat ikki davlat, balki butun Yaqin Sharq siyosiy xaritasini qayta shakllantirishi mumkin.
Eng yomon jihati – Isroilning AQShdan mustaqil boʻlishi uning “qoʻlini yechib” yuboradi. Mintaqada istagan noqonuniy harakatlarini amalga oshira boshlaydi. Chunki Isroil aniq biladi: uni hech kim tergay yoki jazolay olmaydi - AQSh har qanday vaziyatda unga yordamga keladi!
Abulfayz Sayidasqarov
