platina.uz
Tahlil

Ukraina siyosiy burilish arafasida: urush va saylovlar oʻrtasida

2024–2026 yillardan boshlab saylov mavzusi siyosiy muhokamalar markaziga qayta boshladi. Buning bir nechta sabablari bor. Avvalo urushning choʻzilishi va jamiyatda charchoq kayfiyatining kuchayishi asosiy omil boʻldi. 

Ukraina siyosiy burilish arafasida: urush va saylovlar oʻrtasida

Ukrainada prezident saylovlari oʻtkazish masalasi kun tartibiga chiqdi. Lekin ehtimoliy saylovlarda amaldagi prezident Vladimir Zelenskiy yetarli ovoz olmasligi ham mumkin. Gorizontda yana bir siyosiy favorit – Ukraina Qurolli kuchlarining 2021-2024 yillardagi bosh qoʻmondoni, hozirda esa mamlakatning Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Valeriy Zalujniy paydo boʻlgan.

“Ukrainskaya pravda” nashrining yozishicha, amaldagi prezident Zalujniy bilan uchrashuvda: “Agar kuzda saylov boʻlsa, nomzodingni qoʻyasanmi?” degan savol berganida, Zalujniy “ha” deya javob bergan. Ayrim ijtimoiy soʻrovlar sobiq bosh qoʻmondonga nisbatan ishonch darajasi 70 foizdan ortiqligini namoyon qilgan.

Saylovlar hozir kerakmi?

2022 yilda Rossiyaning keng koʻlamli bosqini boshlanganidan keyin Ukrainada harbiy holat joriy etildi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, harbiy holat davom etayotgan vaqtda prezidentlik va parlament saylovlari oʻtkazilmaydi. Konstitutsiyaga koʻra, harbiy holat bekor qilinmaguncha amaldagi prezident oʻz vakolatlarini davom ettiradi.

Biroq 2024–2026 yillardan boshlab saylov mavzusi siyosiy muhokamalar markaziga qayta boshladi. Buning bir nechta sabablari bor.

Avvalo urushning choʻzilishi va jamiyatda charchoq kayfiyatining kuchayishi asosiy omil boʻlmoqda. Shuningdek, Putin taʼsirida xalqaro hamkorlar tomonidan demokratik legitimlik masalasiga eʼtiborning ortishi kuzatilmoqda.

Qolaversa, Ukraina ichida ham ichki siyosiy raqobatning asta-sekin kuchayishi, ayniqsa harbiy rahbarlar, jumladan Valeriy Zalujniyning yuqori reytinglarga chiqishi, urush tugaganidan yoki muzlatilganidan keyingi siyosiy oʻtish davri haqidagi muhokamalar saylov borasidagi muhokamalarni ochdi.

Taʼkidlash kerak, sobiq Bosh qoʻmondon Valeriy Zalujniy jamiyatda armiya va mudofaa ramzi sifatida qabul qilinmoqda. 2023–2024 yillarda oʻtkazilgan turli ijtimoiy soʻrovlarda unga boʻlgan ishonch darajasi koʻp hollarda 60–70 foizdan yuqori boʻlgan. Bu esa mamlakatdagi aksariyat siyosatchilarning reytingidan sezilarli yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.

Ukrainada saylovlar qachon oʻtkazilishi mumkin?

Qonun nuqtai nazaridan, saylovlar faqat harbiy holat bekor qilinganidan keyin oʻtkazilishi mumkin. Agar urushning faol bosqichi tugasa, barqaror oʻt ochishni toʻxtatish rejimi shakllansa, siyosiy kelishuv orqali harbiy holat bekor qilinsa saylov haqida xotirjam “gaplashish” mumkin. Qolaversa, hududlar noaniqligi, ayrim hududlarning Rossiya istilosida ekanligi, aholining katta qismi xorijga chiqib ketgani, saylovchilarni roʻyxatga olish va saylov uchastkalari bilan bogʻliq muammolar yaqin isitiqbolda bu muhim siyosiy tadbirni oʻtkazish masalasini savol ostiga qoʻyiladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Putin va Trampning legitimlik va saylov haqidagi eʼtirolzlariga xuddi shunday javob bergan. Trampku mayli, lekin Putin 26 yildan beri turli oʻyinlar bilan hokimiyat tepasida qolayotganiga qaramasdan, Ukraina rahbarining legitimlik darajasi bilan qiziqayotgani juda kulgili holat.

Xullas, siyosatshunoslarning aksariyati fikricha, keng qamrovli saylovlarni faqat muzlatilgan mojaro yoki tinchlik kelishuvidan keyin tashkil etish mumkin. Chunki janglar davom etayotgan, hududlarning bir qismi bosib olingan va millionlab aholi chet elda boʻlgan sharoitda adolatli hamda umummilliy saylov oʻtkazish juda qiyin.

Zelenskiy va Zalujniy: siyosiy raqobat qanday tus olgan?

Bugun Ukrainada ikki xil ishonch markazi shakllangan. Vladimir Zelenskiy davlat boshligʻi, xalqaro hamjamiyat oldida mamlakatning asosiy siyosiy va diplomatik vakili sifatida namoyon boʻlmoqda. Valeriy Zalujniy esa armiya, mudofaa va harbiy professionalizm timsoliga aylangan.

Hozircha ular oʻrtasida rasman eʼlon qilingan saylov raqobati yoʻq. Zalujniy ham oʻz nomzodini ilgari surishini rasman maʼlum qilmagan. Shu bilan birga, urush davridagi sotsiologiya shuni koʻrsatadiki, qurolli kuchlar va harbiy qoʻmondonlarga boʻlgan ishonch odatda siyosatchilarga nisbatan yuqori boʻladi. Bu koʻplab davlatlarda kuzatilgan qonuniyatdir.

Nega reytinglar farq qilmoqda?

Ayni paytda Vladimir Zelenskiyning kuchli tomonlari koʻp. Xalqaro miqyosda yuqori nufuz, tashqi siyosiy munosabatlarni boshqarishi, Gʻarb yordamini jalb qilishdagi oʻrni, mamlakat rahbari sifatida davlat institutlari ustidan nazorat shular jumlasidandir.

Kamchiliklari sifatida esa - jamiyatning urushdan charchashi, iqtisodiy muammolar, boshqaruv qarorlariga nisbatan tanqidlar, mamlakatdagi barcha muammolar uchun shaxsiy javobgarlikning unga yuklanishi masalalari keltiriladi.

Valeriy Zalujniyning afzalliklari esa - mudofaa bilan bogʻliq ijobiy imij, harbiylar va fuqarolar orasida yuqori ishonch hamda siyosiy elitadan tashqaridagi professional rahbar sifatida qabul qilinishida deyish mumkin..

Zalujniyning kamchiliklari esa - siyosiy partiya va tashkiliy tuzilmaning yoʻqligi, iqtisodiy dasturning maʼlum emasligi, fuqarolik boshqaruvida tajribaning cheklanganligida koʻrinadi.

Prezident almashsa, frontda nima oʻzgaradi?

Eng muhim xulosa shuki, prezident almashishi frontdagi vaziyatni darhol oʻzgartirmaydi. Buning sabablari koʻp.

Birinchidan, Ukraina Qurolli Kuchlari institutsional tizimga aylangan. Harbiy operatsiyalar har kuni prezident tomonidan emas, balki harbiy qoʻmondonlik tomonidan rejalashtiriladi.

Ikkinchidan. Gʻarb yordami muayyan shaxsga emas, Ukraina davlatining oʻziga qaratilgan. AQSh Kongressi, Yevropa Ittifoqi va boshqa hamkorlar bilan imzolangan kelishuvlar prezident almashishi bilan avtomatik ravishda bekor boʻlmaydi.

Uchinchidan, strategik yondashuv oʻzgarishi mumkin.

Yangi prezident ayrim yoʻnalishlarda Zelenskiydan boshqacha siyosat yuritishi ehtimoldan xoli emas. Xalqrao muzokaralarga munosabat, safarbarlik siyosati, armiyadagi kadrlar siyosati, hududiy masalalar boʻyicha yondashuv shular jumlasidandir.

Urush strategiyasi qanday oʻzgarishi mumkin?

Birinchi ssenariyda — Zelenskiy siyosatining davom etishi kuzatiladi.

Bu holda bosib olingan hududlarni qaytarish siyosati davom etadi, Gʻarb bilan hamkorlik saqlanib qoladi, armiyani kuchaytirish ustuvor vazifa boʻlib qoladi, hududiy yon berishlarga rozilik bildirilmaydi.

Ikkinchi ssenariy — Zalujniy prezident boʻlsa, qaror qabul qilishda harbiy tafakkur kuchayishi mumkin. Shuinngdek, front imkoniyatlariga koʻproq moslashgan siyosiy qarorlar qabul qilinishi ehtimoldan xoli emas. Bundan tashqari, siyosat va harbiy strategiya oʻrtasidagi muvofiqlashuv yanada kuchayishi hamda tinchlik muzokaralariga nisbatan pragmatik yondashuv shakllanishi mumkin. Bu esa avtomatik ravishda mudofaa siyosati zaiflashadi yoki Ukraina oʻz pozitsiyalaridan voz kechadi degani emas.

Xalqaro yordamga taʼsiri

Ukrainaning asosiy hamkorlari — AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya — birinchi navbatda davlat institutlarining barqarorligiga eʼtibor qaratadi. Prezident almashishi bu xalqaro yordamni avtomatik tarzda toʻxtatmaydi. Ammo yangi rahbar bilan munosabatlar shakllanguncha muayyan siyosiy moslashuv davri yuzaga kelishi mumkin.

Jamiyat va armiyaning munosabati

Hozirda Ukraina jamiyatida ikki muhim tendensiya kuzatilmoqda:

Bir tomondan, davlat mustaqilligini himoya qilish boʻyicha keng jamoatchilik konsensusi saqlanib qolmoqda.

Ikkinchi tomondan esa davlat boshqaruvini yangilash va siyosiy elitani modernizatsiya qilish haqidagi talablar asta-sekin kuchaymoqda.

Armiya esa hozir ham mamlakatda eng yuqori ishonchga ega institutlardan biri boʻlib qolmoqda.

Urush boʻyicha prognozlar

Birinchi ssenariy — urush davom etadi va saylovlar kechiktiriladi

Bu qisqa muddatda eng ehtimoliy ssenariy hisoblanadi.

Unda harbiy holat saqlanadi, saylovlar keyinga qoldiriladi, siyosiy raqobat cheklangan holda davom etadi, asosiy omil frontdagi vaziyat va tashqi yordam boʻlib qoladi.

Ikkinchi ssenariy — oʻt ochishni toʻxtatish yoki mojaroni muzlatish

Bu holda saylovlarni tashkil etish imkoniyati paydo boʻladi, yangi siyosiy raqobat boshlanadi va harbiy rahbarlarning siyosatdagi roli ortadi.

Uchinchi ssenariy — urushning yanada keskinlashishi

Bu hol yuzaga kelsa, saylovlar yana uzoq muddatga kechiktiriladi, safarbarlik siyosati kuchayadi hamda markazlashgan davlat boshqaruvi yanada mustahkamlanadi.

Xulosa

Bugun Ukrainada saylovlar haqidagi bahslar real saylov kampaniyasidan koʻra koʻproq urushdan keyingi siyosiy kelajak muhokamasiga aylanib bormoqda.

Vladimir Zelenskiy hozir ham davlatning xalqaro va ichki siyosiy legitimligi ramzi boʻlib qolmoqda. Shu bilan birga, Valeriy Zalujniy kabi harbiy rahbarlar jamiyatda katta ishonchga ega boʻlgan yangi siyosiy kuch sifatida koʻrilmoqda.

Shuningdek, prezident almashishi frontdagi vaziyatni bir zumda oʻzgartirmaydi. Chunki Ukraina mudofaa tizimi allaqachon mustaqil institut sifatida shakllangan. Biroq davlat rahbarining almashishi urushning strategik maqsadlari, muzokaralar taktikasi va mamlakatning siyosiy rivojlanish yoʻnalishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Eng muhim xulosa shuki, Ukrainaning kelajagini faqat saylov natijalari emas, balki urushning qanday yakunlanishi, davlat institutlarining barqarorligi va xalqaro hamkorlar bilan munosabatlarni saqlab qolish qobiliyati belgilaydi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid