Toʻrt hududda kreditlarni oʻzlashtirgan bankirlar ushlandi
Rishtondagi bank xodimlari 25 foiz ustama bilan 747 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarini ajratib, oʻzlashtirib yuborgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Andijon va Buxoro viloyatlarida kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan "bankir"lar fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Beruniy tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining 3 nafar BXM xodimlari oʻzaro til biriktirib, 5 nafar fuqaroning nomiga imtiyozli kredit mablagʻi ajratib, 146 mln soʻmlik kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat banklaridan birining Rishton filiali masʼul shaxslari va boshqalar oʻzaro til biriktirib, 21 nafar fuqaroning nomiga “Har bir oila-tadbirkor” dasturi doirasida hunarmandchilik va tikuv dastgohlari sotib olish hamda issiqxona qurish uchun yillik 14 foiz ustama bilan va chorvachilik uchun yillik 25 foiz ustama bilan 747 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarini ajratib, ularga bu haqida xabar bermasdan, ushbu ajratilgan kredit mablagʻlarini taʼminotchi korxonalarga oʻtkazib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Xoʻjaobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankning BXM boshqaruvchisi sobiq oʻrinbosari (muqaddam JKning 167-moddasi bilan sudlangan) va boshqalar oʻzaro til biriktirib, fuqaro E.X.ning nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik subʼektini tashkil qilib, soxta maʼlumotlar orqali 500 mln soʻm kredit mablagʻi ajratib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Jondor tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining sobiq rahbari va sobiq mutaxassisi oʻzaro til biriktirib, fuqarolarning xabarisiz ularning nomiga 110 mln soʻm kredit mablagʻlarini ajratib, firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlangan.
Departamentning Qoʻshtepa tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tijorat bankining sobiq boʻlim boshligʻi fuqaro M.D.ning ishonchiga kirib, unga uy-joy sotib olishiga 240,5 mln soʻm ipoteka krediti ajratib berishini aytib, qalbaki kredit shartnomasi evaziga ajratilgan kredit mablagʻlaridan 90 mln soʻmini oʻz ehtiyoji uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
